Fantom vibratsiyalar sindromi yoki fantom qo‘ng‘iroqlar sindromi — xavotir bilan kechadigan holat bo‘lib, bunda odam o‘zining mobil telefoni jiringlayapti yoki tebranyapti deb o‘ylaydi, aslida esa bunday bo‘lmaydi. Beverli-Hillzlik psixolog Devil Leremi 2007-yilda nashr etilgan dissertatsiyasida odamlarning taxminan uchdan ikki qismi telefon chiqarmagan tovushlarni yoki mavjud bo‘lmagan tebranishlarni muntazam ravishda eshitishi yoki sezishi haqida yozadi.
Odamlar fantom «qo‘ng‘iroqlarni» dush qabul qilish, televizor ko‘rish yoki fen ishlatish paytida eshitishlari mumkin. Inson qulog‘i 1000-6000 gers diapazonidagi tovushlarga ayniqsa sezgir. Masalan, bolaning yig‘isi va ko‘plab mobil telefonlarning qo‘ng‘iroq ohanglari shu diapazonda yangraydi.
Fantom vibratsiyalarni sezish mobil telefondan ma’lum vaqt davomida tebranish rejimida foydalanish bilan bog‘liq. Bosh miya po‘stlog‘i mushaklarning juda kichik spazmlari hamda kiyimning tanaga ishqalanishidan kelib chiqadigan sezgi signallarini noto‘g‘ri talqin qila boshlaydi. Bunday soxta sezgilar mohiyatan gallyutsinatsiya hisoblanadi.
2012-yilda Avstraliyaning Makkuorri lug‘ati talqiniga ko‘ra, «fantom vibratsiyalar sindromi» atamasi yil so‘zi deb e’tirof etildi.
Tadqiqotlar
2010-yilda psixologlar bir nechta tibbiyot muassasasi xodimlaridan fantom vibratsiyalarga duch kelish-kelmasligini aniqlash maqsadida elektron pochta orqali so‘rov o‘tkazdilar. 68 % (Massachusetsdagi tibbiyot markazlaridan birining xodimlari orasida) ushbu hodisaga duch kelganini bildirgan, 13% i esa fantom vibratsiyalarni kuniga kamida bir marta sezgan. Ma’lum bo‘lishicha, respondentlarning eng katta qismi (taxminan 60%) telefon yoki peyjerni bir oydan bir yilgacha yonida olib yurgan davrda fantom vibratsiyalarni sezgan. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati ularni taxminan haftada yoki oyda bir marta sezgan. So‘rovda qatnashgan tayvanlik shifokorlarning taxminan 90% i bu hodisa ularga tanish ekanini aytgan.
2012-yilda Indiana universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazib, talabalarning 89% i aslida hech kim qo‘ng‘iroq qilmagan paytda fantom vibratsiyalarni sezganini aniqladilar. Talabalar o‘rtacha ikki haftada bir marta fantom vibratsiyalarga duch kelgan.
Devil Leremining ta’kidlashicha, bu hodisa o‘z tabiatiga ko‘ra pareydoliyaga — mavjud obyektni illyuzor tarzda idrok etishga yaqin.
«Bu bulutlar shaklida inson yuzini ko‘rish yoki «Bitlz» guruhining qo‘shig‘ini teskari yo‘nalishda tinglab, «Pol vafot etgan» (Paul is dead) degan so‘zlarni eshitish kabi holatdir».
U, shuningdek, odamlarning fantom vibratsiyalar va qo‘ng‘iroqlarga moyilligini belgilovchi asosiy omillar ularning yoshi (bu holat yoshlarda ko‘proq uchraydi) hamda o‘z hissiy holatini boshqarish uchun mobil telefondan foydalanishi deb hisoblaydi.
2016-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda fantom vibratsiyalarni sezishga eng moyil bo‘lgan alohida toifadagi odamlar — do‘stlik munosabatlari haqida xavotirlanadigan kishilar ajratib ko‘rsatilgan.
Chikago universiteti neyrobiologi Sliman Bensmai fantom vibratsiyalarning yuzaga kelish mexanizmini tushuntiradi. Inson terisida tebranishlarni seza oladigan ikki turdagi retseptor mavjud: Meysner tanachalari, ular sekin tebranishlarni sezadi; ikkinchisi esa Pachini tanachalari, ular yuqori chastotali tebranishlarni sezadi. Ko‘pchilik mobil telefonlar 130 va 180 gers chastotalarda tebranadi. Bunday tebranishlarni har ikki turdagi retseptor sezishi mumkin, ammo yuqori chastotaga sezgir retseptorlar bunda ko‘proq faollashadi. Olimning fikricha, kiyim teriga ishqalanganda aynan shu retseptorlar faollashadi. Bu faollik tebranayotgan telefon yuzaga keltiradigan faollikka o‘xshaydi va shu sababli avval shakllangan assotsiatsiya, ya’ni bog‘lanish ishga tushib, telefon tebranayotgandek tuyuladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, miyaning qaysi qismi bu «soxta sezgilar»da ishtirok etishi aniq ma’lum emas, ammo, ehtimol, bu somatosensor po‘stloqdir.
Davolash
Fantom vibratsiyalar yoki qo‘ng‘iroqlarni davolash usullari hali chuqur o‘rganilmagan. Fantom vibratsiyalardan xalos bo‘lishning bir usuli — telefonni cho‘ntakda olib yurishni to‘xtatib, uni sumkaga, kurtka cho‘ntagiga yoki boshqa joyga solishdir. Yana bir usul — har bir necha soatda 10 daqiqa davomida barcha texnologiyalardan foydalanishni butunlay to‘xtatib, bu vaqtni sayr qilish, kitob o‘qish yoki yuzma-yuz suhbatlashish bilan o‘tkazish.