Valentlik element atomi (ion)ga xos tushunchadir. Valentlik bir element atomining ayni molekula tarkibidagi boshqa element (yoki elementlar) bilan hosil qilgan bogʻlanishlar sonidir.
Agar atom tuzilishi nuqtai nazaridan qarasak, elementning valentligi kimyoviy bog' hosil boʻlishida element atomi tashqi elektron qavatini to'ldirish uchun qabul qilib oladigan yoki beradigan elektronlar sonidir.
Shu sababli, koʻpchilik hollarda elementning valentligi davriy jadvalda shu element joylashgan gruppa raqamiga qarab aniqlanadi. Masalan, I gruppa elementlari bir valentli (Li—, Na—, K—, …), II gruppa elementlari ikki valentli (-Be—,— Mg-,-Ca-…) va hokazo.
Demak, bu tushunchalarga koʻra, biror moddaning ham empirik, ham tuzilish formulasini yozadigan boʻlsak, modda tarkibiga kiradigan elementlar va ularning davriy jadvalda joylashgan gruppa raqamini bilish zarur.
Shuni unutmaslik kerakki, molekula tarkibidagi barcha atomlarning valentliklari yigʻindisi oʻzaro teng boʻlishi, yaʼni molekula tarkibidagi har bir elementning valentligi to'yingan boʻlishi shart. Shu qoidaga binoan, agar bir element atomi valentligi bilan ikkinchi element valentligi oʻzaro teng boʻlmasa, formulani yozishda “indeks” dan foydalaniladi. Buni suv molekulasidagi vodorod va kislorod atomlari misolida koʻrsak, 1 ta kislorod atomining ikkita valentligi (-O-)ni 1 ta vodorod atomi valentligi (—H-) toʻyintira olmaydi. Buning uchun 2 ta vodorod atomi boʻlishi kerak. Vodorod atomlarini 2 marta takror yozmasdan, shu element belgisining o'ng tomonidan pastga "2" raqami (H2O) yoziladi.
Valentlik, odatda, element belgisining yuqoridagi o'ng tomonida rim raqami bilan koʻrsatiladi. Buni quyidagi moddalar tarkibidagi elementlar misolida ko'radigan bo'lsak, elementlarning valentliklari:

Elementlarning valentligi doimiy va oʻzgaruvchan boʻladi. Quyida valentliklari doimiy va oʻzgaruvchan boʻlgan elementlar keltirilgan:
A. Valentliklari doimiy elementlar:
| Element | Valentlik |
| H, F, Li, Na, K, Ag | I |
| O, Be, Mg, Ca, Ba, Zn | II |
| Al | III |
B. O'zgaruvchan valentli elementlar:
| Element | Valentlik |
| C, Si | II, IV |
| N | I, II, III, IV |
| P | III, V |
| S | II, IV, VI |
| Cl, Br, I | I, III, V, VII |
| Fe | II, III |
| Cu | I,II |
Keltirilgan formulalardan CuSO4 • 5H₂O da indekslardan tashqari suv molekulasi oldida “5” raqami yozilgan boʻlib, u koeffitsiyent deyiladi. Koeffitsiyentning vazifasi ayni modda molekulasi tarkibida 5 ta suv (yoki boshqa modda) molekulalari borligini anglatadi. Koeffitsiyent bir yoʻla shu modda molekulasi tarkibidagi barcha elementlarga tegishli boʻladi.
Tuzilish formulalari (struktura formulalari). Barcha moddalar molekulalaridagi atomlar kimyoviy bog'lar yordamida bogʻlangan. Molekuladagi atomlarning bir-birlariga nisbatan biror tartib (ketma-ketlik) asosida joylashuvini ifodalovchi shartli yozuv modda molekulasining tuzilish formulasi deyiladi.
Tuzilish formulalari aslida kristall moddalarni rentgen nurlari bilan tekshirish (rentgen tuzilishi analizi usuli) asosida aniqlanadi. Aniq parametrlar (bog'ning uzunligi, bogʻlar orasidagi burchak, moddaning kristall tuzilishi) asosida modda molekulasining tuzilishi “namoyish" etiladi.
Aksariyat hollarda modda tuzilishini bunday darajada “namoyish” etib boʻlmagani uchun ularning shartli grafik tuzilish formulalari bilan kifoyalaniladi. Masalan, NaCl ni Na-Cl, H₂Oni H-O-H, koʻrinishda yoziladi. Bu formulalar molekulaning haqiqiy tuzilishini ifodalamasada (chunki, yuqorida aytganimizdek, ayrim moddalarga molekula tushun- chasini tatbiq qilish mumkin emas), bizda har bir element molekula tarkibida valentliklariga muvofiq birikishi, ular orasida birlamchi, ikkilamchi (uchlamchi) bogʻlar hosil boʻlishi kabi modda tuzilishi toʻgʻrisidagi dastlabki tasavvurlarni uyg'otadi.
