Uyquchanlik nima

Gipersomniya
KXT-10 F51.1, G47.1
KXT-10-KM G47.13
KXT-9 291.82, 292.85, 307.43-307.44, 327.1, 780.53-780.54
KXT-9-KM 327.13 va 780.54
eMedicine med/3129 
MeSH D006970
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Gipersomniya (qadimgi yunoncha ύπέρ — «ustida, yuqorida» + uyqu) — kunduzgi haddan tashqari uyquchanlik yoki meʼyordan ortiq davom etadigan uyquni ifodalovchi atama. Tungi uyqu yetarli bo‘lmaganda yoki stress sharoitida sog‘lom odamlarda kuzatiladigan psixofiziologik gipersomniyani gipersomniyaning turli patologik shakllaridan farqlash lozim. Patologik shakllarga, masalan, narkolepsiya, idiopatik gipersomniya, uyqu bilan bog‘liq turli hodisalar (uyqu apnoesi sindromi, uyqu paytidagi harakat buzilishlari), nevrotik buzilishlar, jarohatdan keyingi gipersomniya, dori vositalari taʼsiridan kelib chiqadigan gipersomniya, sirkad ritmlarning buzilishi va boshqalar kiradi.

Gipersomniyani tashxislash uchun maxsus shkalalar va testlar mavjud (masalan, Epvort uyquchanlik shkalasi); testlar mutaxassis qabulida o‘tkaziladi, bemorlar xohlasa, ularni mustaqil ravishda ham bajarishlari mumkin.

Gipersomniyadan aziyat chekadigan ayrim kishilar ijtimoiy, maishiy va kasbiy ko‘nikmalarini yo‘qotadilar. Odatda, gipersomniya yoshlik davrida yuzaga keladi.

Gipersomniyaning asosiy belgisi — tashxis qo‘yilishidan oldin kamida 3 oy davomida kuzatilgan haddan tashqari kunduzgi uyquchanlik (HKU) yoki uzoq davom etadigan tungi uyqu.

Uyqu mastligi ham gipersomniyaning belgisi bo‘lib, u uyqudan bedorlik holatiga o‘tishning qiyinlashuvidir. Uyqu mastligidan aziyat chekadigan bemorlar uyg‘onish paytida fikrlar chalkashishi, mo‘ljalni yo‘qotish, sustkashlik va qayta-qayta uxlab qolish kuzatilishini aytadilar.

Bu holat gipersomniyadan aziyat chekmaydigan odamlarda ham, masalan, tungi uyqu haddan tashqari qisqa bo‘lganidan keyin yuzaga keladi. Charchoq, alkogolli ichimliklar yoki uxlatuvchi dorilarni isteʼmol qilish ham uyqu mastligini keltirib chiqarishi mumkin. Bu holat jizzakilik bilan ham bog‘liq: uyqudan oldin jahli chiqqan odamlar, odatda, uyqu mastligidan aziyat chekadilar.

Amerika uyqu tibbiyoti akademiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, gipersomniyaga chalingan bemorlar ko‘pincha kunduz kuni uzoq vaqt mizg‘ib oladilar, biroq aksariyat hollarda bu ularga tetiklik bermaydi. Tadqiqotchilar bemorlar nazorat guruhidagi kishilarga qaraganda odatda tez-tez va uzoqroq uxlashlarini aniqlaganlar. Bundan tashqari, bemorlarning 75% i qisqa uyqu ularni tetiklashtirmasligini bildirgan.

Narkolepsiya

Klinik jihatdan eng muhim gipersomniya turi narkolepsiyadir. U haddan tashqari kunduzgi uyquchanlik va kunduz kuni beixtiyor (qarshilik ko‘rsatib bo‘lmaydigan darajada) uxlab qolish epizodlari; notinch tungi uyqu va uyquga to‘ymaslik hissi; gallyutsinatsiyalar (uxlab qolish yoki uyg‘onish vaqtida); katapleksiya (odatda kuchli hissiy kechinmalar fonida mushak tonusining to‘satdan yo‘qolishi); uyg‘onish katapleksiyasi bilan tavsiflanadi. Narkolepsiyada tez uyqu fazasining erta boshlanishi (bevosita uxlab qolganidan keyin yoki uyquning dastlabki daqiqalarida), d-uyquning (inglizcha desynchronized — desinxronizatsiyalangan) kamroq ifodalanishi va tungi uyqu vaqtida bedorlik epizodlarining tez-tez yuzaga kelishi kuzatiladi. Narkolepsiya umr bo‘yi davom etadigan kasallik bo‘lib, uni davolash simptomatik xususiyatga ega.

Gipersomniyaning boshqa turlari

Gipersomniyaning shakllaridan biri — idiopatik gipersomniya. U odatda yosh kishilarda (15—30 yoshda) boshlanadi. Idiopatik gipersomniyada kuchaygan kunduzgi uyquchanlik bedorlikni saqlash uchun zo‘r berilganda ham davom etadi. Odatda, bo‘shashgan bedorlik holatida kunduz kuni uxlab qolish epizodlari kuzatiladi. Bunda narkolepsiyaga xos yengib bo‘lmas uyqu istagi kuzatilmaydi va qisqa muddatli «tiklanish» ro‘y beradi. Ertalab uyg‘onish qiyin kechadi, uyg‘onish vaqtida agressivlik kuzatilishi mumkin. Idiopatik gipersomniyali bemorlarda d-uyqu yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Uning katta qismi uyquning so‘nggi sikllariga to‘g‘ri kelishi mumkin, bu sog‘lom odamlarga va narkolepsiyaga chalingan bemorlarga xos emas. Uxlab qolish uchun ketadigan vaqt qisqaradi.

Gipersomniyaning maʼlum sabablari orasida bosh miya jarohatlari, nevrotik buzilishlar, klinik depressiya, uremiya, fibromialgiya, uyqu apnoesi, bezovta oyoqlar sindromi va qo‘l-oyoqlarning davriy harakatlari sindromi mavjud. Shuningdek, gipersomniya ayrim psixotrop preparatlarni qabul qilishning nojo‘ya taʼsiri sifatida yuzaga kelishi, shuningdek, giyohvandlik va alkogolizm oqibatida rivojlanishi mumkin. Genetik moyillik ham bo‘lishi mumkin.

Adabiyotlar