Sensor deprivatsiya

Sensor deprivatsiya (lot. sensus — sezgi va lot. deprivatio — yo‘qotish, mahrum etish) — bir yoki bir nechta sezgi a’zosiga tashqi ta’sirning qisman yoki to‘liq to‘xtashi bo‘lib, natijada nerv impulslarining markaziy nerv tizimiga oqimi kamayadi.

Sensor deprivatsiya xodimlar yopiq makonda (masalan, suvosti kemasida, kosmik kemada va hokazolarda) tashqi muhitdan ajratilganida yuzaga kelishi mumkin; kosmik parvozda esa sensor deprivatsiyaning rivojlanishiga vaznsizlik holati yordam beradi.

Eng oddiy deprivatsiya vositalari, masalan, ko‘z bog‘ichi yoki quloq tiqinlari tashqi ta’sirni kamaytiradi yoki butunlay bartaraf etadi, ya’ni ular ko‘rish va eshitish sezgilarini cheklaydi, murakkabroq qurilmalar esa quyidagilarni «o‘chirishi» mumkin: hid bilish, teginish sezgisi, ta’m bilish, harorat retseptorlari va vestibulyar apparat. Sensor deprivatsiya noan’anaviy tibbiyotda, yogada, meditatsiyada, psixologik tajribalarda (masalan, sensor deprivatsiya kamerasi yordamida), shuningdek, BDSM o‘yinlarida, qiynoq va jazolash maqsadlarida qo‘llanadi.

Qisqa muddatli sensor deprivatsiya insonni bo‘shashtiradi, ong ostida axborotni ichki tahlil qilish, tartibga solish va saralash, o‘zini o‘zi sozlash hamda ruhiy holatni barqarorlashtirish jarayonlarini ishga tushiradi. Tashqi qo‘zg‘atuvchilardan uzoq vaqt mahrum bo‘lish esa haddan tashqari kuchli bezovtalik, voqelik bilan aloqani yo‘qotish, gallyutsinatsiyalar, depressiya, diqqatni jamlay olmaslik va ijtimoiy me’yorlarga zid xatti-harakatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bular keyinchalik travmadan keyingi stressga olib kelishi mumkin. Sensor deprivatsiyaning inson shaxsiyatiga sezgi a’zolari orqali ta’sir ko‘rsatish xususiyati majburlov ostida so‘roq qilish jarayonlarida keng qo‘llanadi (masalan, «besh usul» yoki «kengaytirilgan so‘roq usullari»).

Sensor deprivatsiya kamerasi

Sensor deprivatsiya kamerasi — tovush va yorug‘lik o‘tkazmaydigan idish bo‘lib, unda inson zichligi tana zichligiga teng va harorati tana haroratiga juda yaqin bo‘lgan sho‘r suvda suzadi. Bunday kameradan ilk bor Jon Lilli tomonidan 1954-yilda sensor deprivatsiya ta’sirini o‘rganish maqsadida foydalanilgan. Bunday kameralar meditatsiya, bo‘shashish va noan’anaviy tibbiyotda ham qo‘llanadi. Shuningdek, «floting» kapsulasi (ingl.  float [flout] — erkin suzish, suv yuzasida qalqib turish) atamasi ham ishlatiladi.

Piter Syudfeld va Roderik Borri — Britaniya Kolumbiyasi universiteti tadqiqotchilari — sensor deprivatsiya kamerasidan davolash maqsadida foydalanish imkoniyatlarini 1970-yillarning oxirida o‘rganganlar. Ularning usuli «Atrof-muhit stimulyatsiyasini cheklash terapiyasi» (Restricted Environmental Stimulation Therapy, REST) deb nomlangan.

Sensor deprivatsiyaning afzalliklari

Turli maktablarga mansub ko‘plab mashqlarda shaxsiyatni korreksiya qilish maqsadida deprivatsiya qo‘llanadi. Ko‘zni yumish, sokin va xilvat joyda bo‘lish, harakatsiz holatda turish, uzlatga chekinish — bularning barchasi o‘zini rivojlantirishga qaratilgan turli amaliyotlarda qo‘llanadigan sensor deprivatsiya shakllaridir.

Salbiy oqibatlari

Sensor deprivatsiya sharoitida bo‘lish muddati uzaygan sari psixik faoliyat beqarorlashadigan bosqichda emotsional labillik (hissiy beqarorlik) yuzaga keladi va kayfiyatning pasayishi ustunlik qiladi: sustlashish, depressiya, apatiya kuzatiladi, bu holatlar qisqa muddatga eyforiya va jahldorlik bilan almashinadi.

Sensor deprivatsiya sharoiti qanchalik og‘ir bo‘lsa, tafakkur jarayonlari shunchalik tez buziladi. Bu biror narsaga diqqatni jamlay olmaslik, muammolarni izchil o‘ylab chiqa olmaslikda namoyon bo‘ladi. Ekstrapolyatsiya funksiyasining susayishi va oddiy aqliy amallarni bajarish unumdorligining pasayishi qayd etiladi.

Sensor deprivatsiya ta’sirining davomiyligi ortganida eydetik (эйдетические) tasavvurlar hozirgi «Men» nazoratidan chiqib ketishi va gallyutsinatsiyalar shaklida namoyon bo‘lishi mumkin. Ushbu jarayonning kelib chiqishida astenizatsiya (астенизация) — nerv tizimining zaiflashishi — hamda gipnotik fazalarning rivojlanishi yaqqol kuzatiladi, bu fazalar bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘ida yuzaga keladi.

Bolalardagi xavf omillari

Bolalarda deprivatsiya haqida gap ketganda, tashqi dunyodan kelayotgan signallarga nisbatan sezuvchanlikning buzilishi nazarda tutiladi. Bolalarda bu buzilish to‘liq yoki qisman bo‘lishi mumkin hamda aqliy va psixik rivojlanishning kechikishiga olib kelishi mumkin. Ko‘rish va eshitish deprivatsiyasi ko‘proq uchraydi. Hayotining dastlabki oylarida bolaning onasi bilan taktil (teginish orqali), vizual (ko‘rish orqali) va ovozli aloqadan mahrum bo‘lishi xavf tug‘diradi.

Oilasi bo‘lmagan va internatlarda tarbiyalanayotgan bolalar doimo bir xil sharoitda bo‘lganlari uchun yangi taassurotlar yetishmasligini boshdan kechirishga moyil bo‘ladi. Sensor deprivatsiyani boshdan kechirayotgan bolalarda harakat ko‘nikmalarining yetarlicha rivojlanmaganligi, nutq rivojlanishining kechikishi va aqliy rivojlanishning orqada qolishi kuzatiladi.