Remissiya (lot. remissio «kamayish, susayish») — surunkali kasallik kechishining shunday davriki, unga sezilarli darajada susayish (to‘liq bo‘lmagan remissiya) yoki yo‘qolish (to‘liq remissiya) xos bo‘ladi; gap uning simptomlari haqida ketmoqda (ya’ni kasallik belgilari haqida).
Remissiya turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin: kasallikning davriy kechishi tufayli (masalan, bezgak, bipolyar affektiv buzilish, davriy kasallikda); o‘z-o‘zidan (masalan, siydik-tosh kasalligida); davolash natijasida (masalan, shizofreniyada, surunkali dizenteriyada). Kasallikning subyektiv va obyektiv belgilari qay darajada kamayishiga qarab, to‘liq va to‘liq bo‘lmagan remissiyalar farqlanadi. To‘liq remissiyalar ayrim hollarda (masalan, limfogranulematozda) oylar va yillar davom etadi, boshqa hollarda esa beqaror bo‘lib, tezda kasallikning qayta zo‘rayishi (retsidiv) bilan almashinadi. To‘liq remissiyada ham kasallikning ayrim belgilari saqlanib qoladi (masalan, leykozlarda xromosoma buzilishlari), shu sababli ko‘p hollarda erishilgan natijani saqlab turuvchi davolash davom ettiriladi. Boshqa hollarda ko‘p yil davom etgan to‘liq remissiyani amalda sog‘ayishdan farqlash qiyin (masalan, o‘tkir limfoblastik leykoz bilan kasallangan bolalarda).
Remissiya davrida quyidagi holat ham kuzatilishi mumkin: simptomsiz tashuvchilik (kasallik qo‘zg‘atuvchisini tashib yurish).
Ushbu atama giyohvand moddalarga qaram kishilarga nisbatan ular giyohvand moddalarni kamroq iste’mol qila boshlaganda yoki ularni iste’mol qilishni to‘xtatganda qo‘llanadi.