Radiofobiya (qadimgi yunoncha φόβος — qo‘rquv; shuningdek, radiatsiyadan xavotirlanish) — ba’zan davolash qiyin kechadigan nerv-somatik, ruhiy va fiziologik buzilishlar majmui bo‘lib, u turli manbalardan tarqaladigan ionlashtiruvchi nurlanish (radiatsiya) va ionlashtirmaydigan elektromagnit nurlanishdan qo‘rqishda namoyon bo‘ladi. Radiofobiyaga kanserofobiya ham sabab bo‘lishi mumkin; bunda inson chalinishdan qo‘rqadigan kasallik — saraton.
Bu atama kundalik hayotda ham (ayniqsa Chernobil AESidagi avariyadan keyin), mutaxassislar tomonidan ham (odatda yadro energiyasidan foydalanish muxoliflari bilan bahs-munozaralarda) qo‘llanadi.
Jamiyatdagi radiofobiya mavzusini o‘rganuvchi tadqiqotchilarning fikricha, bu hodisa radiatsiya kashf etilganidan ancha keyin paydo bo‘lgan va «Sovuq urush» davridagi axborot kampaniyasi bilan bog‘liq.
Radiofobiyaning paydo bo‘lishi ionlashtiruvchi radiatsiya yoki ionlashtirmaydigan elektromagnit maydonlarning haqiqiy ta’sir darajasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan psixogen hodisa sifatida qaraladi. Ma’lumki, bir necha zivert miqdoridagi doza salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Radiofobiya esa bundan ancha kichik dozalardan qo‘rqishda, ko‘pincha ushbu qiymatlarni bilmaslik yoki ularga ishonmaslikda namoyon bo‘ladi.
Radiofobiyani haqiqiy shikastlanish belgilari bilan, ya’ni nurlanish oqibatida yuzaga keladigan belgilar bilan adashtirmaslik kerak. Ba’zan differensial tashxis qo‘yish oson emas, chunki radiofobiyaning ko‘plab belgilari, xususan, immunitetning susayishi radiatsion shikastlanish belgilariga o‘xshaydi.
Zamonaviy dunyoda radiofobiya har qanday haqiqiy yoki taxmin qilinayotgan nurlanish manbalaridan qo‘rqishda ham namoyon bo‘ladi: tayanch stansiyalar (uyali aloqa tizimi), antennalar, mikroto‘lqinli pechlar va hokazo.
Radiofobiya va Chernobil
Sobiq SSSRda ko‘plab bemorlar Chernobil halokati oqibatida jabrlangan va «radiofobiya» atamasi bilan tamg‘alangan edi. Bu atama 1987-yilda L. A. Ilyin va O. A. Pavlovskiy tomonidan «Sovet Ittifoqidagi Chernobil halokatining radiologik oqibatlari va ularning ta’sirini yumshatish uchun ko‘rilgan choralar» nomli ma’ruzalarida muomalaga kiritilgan. Bir qator tadqiqotchilarning fikricha, bu holat halokatda jabrlanganlarni reabilitatsiya qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Chernobil falokatining markazida qolganlar uchun bu so‘z alamli haqoratdek yangragan. Har bir tirik mavjudotga xos bo‘lgan o‘zini himoya qilishning tabiiy instinkti, ruhiy iztiroblar, azob-uqubatlar, bolalar, qarindoshlar va do‘stlar taqdiri uchun tashvishlanish, shuningdek, insonning o‘z jismoniy azoblari va og‘riqlari jazavaga tushish hamda patologik shubhalanuvchanlik oqibati sifatida talqin qilingan. «Radiofobiya» atamasi Chernobil qurboniga aylangan insonlarni yaxshi kelajakka bo‘lgan umiddan mahrum qilgan, chunki ularning jismoniy salomatligi, yetarli tibbiy xizmat, ovqatlanish, eng oddiy uy-joy sharoitlari va moddiy kompensatsiyaga oid talablarini asossiz da’volarga aylantirgan. Bu tuzatib bo‘lmaydigan ma’naviy zarar yetkazgan hamda Chernobil halokatini boshdan kechirgan insonlarda tashlab qo‘yilganlik va ijtimoiy yolg‘izlik tuyg‘usini uyg‘otganA. Xarash