Qizilo‘ngach saratoni

Qizilo‘ngach saratoni — xavfli o‘sma, uning kelib chiqishi qizilo‘ngach shilliq qavatidan (karsinoma). Bu kasallik ushbu a’zodagi barcha kasalliklar orasida salmoqli ulushni egallaydi. Ushbu kasallikning asosiy belgilari quyidagilardan iborat: yutishning tobora qiyinlashib borishi (dastlab qattiq ovqat, keyin suyuq ovqat) va tana vaznining beixtiyor kamayishi (kaxeksiya). 2012-yil holatiga ko‘ra, qizilo‘ngach saratoni dunyoda eng ko‘p uchraydigan onkologik kasalliklar orasida sakkizinchi o‘rinda bo‘lgan: bir yil ichida 456 000 ta yangi holat qayd etilgan. Erkaklarda qizilo‘ngach saratoni ayollarga qaraganda taxminan 3 baravar ko‘p uchraydi.

Qizilo‘ngach saratoni
XKT-11 2B70
XKT-10 C15
XKT-10-KM C15.3, C15.5 va C15.4
XKT-9-KM 150.4, 150.3, 150.2, 150.5 va 150.8
OMIM 133239
DiseasesDB 9150
MedlinePlus 000283
Логотип Викисклада Vikimedia Commons’dagi media fayllar

Etiologiya

Qizilo‘ngach saratoniga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy xavf omillari quyidagilardan iborat:

  • Doimiy ravishda issiq, dag‘al va yaxshi chaynalmagan ovqatlarni iste’mol qilish
  • Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish
  • Issiq ichimliklarni (choy, qahva) tez-tez iste’mol qilish
  • Chekish
  • Barrett qizilo‘ngachi
  • Ezofagitlar
  • Divertikulit
  • Qizilo‘ngachning chandiq hosil bo‘lishi bilan kechadigan termik va kimyoviy kuyishlari
  • Leykoplakiyalar

O‘smaning o‘sish turlari

Qizilo‘ngach saratonining 3 xil o‘sish turi uchraydi:

  • Ekzofitik  (tugunsimon, zamburug‘simon, papillomatoz — a’zo bo‘shlig‘i ichiga qarab o‘sish)
  • Endofitik  (yarali)
  • Infiltrativ-sklerozlovchi (halqasimon shakl)

Gistologik shakllar

Ko‘pincha (97—99 % hollarda) muguzlanish bilan kechadigan yoki muguzlanishsiz yassi hujayrali saraton aniqlanadi. Shuningdek, qizilo‘ngach saratonining bezli shakllari va ektopik joylashgan epiteliydan rivojlanadigan o‘smalar ham uchraydi. Xalqaro tasnifga kichik hujayrali saraton, adenoakantoma va karsinosarkoma ham kiritilgan. Kamdan-kam hollarda differensiallashmagan saraton ham aniqlanadi.

Metastazlanish

Qizilo‘ngach saratonida metastazlarning tarqalishi qizilo‘ngach limfa tomirlari tarmog‘ining yaxshi rivojlanganligi bilan bog‘liq. Metastazlar avval yaqin atrofdagi limfa tomirlariga, so‘ngra limfa tugunlariga tarqaladi. Qizilo‘ngachning bo‘yin qismidagi saraton chuqur bo‘yin limfa tugunlariga metastaz beradi; yuqori va o‘rta ko‘krak qismlaridagi saraton paraezofageal, traxeobronxial va orqa ko‘ks oralig‘i limfa tugunlarini zararlaydi; pastki ko‘krak va qorin qismlaridagi saraton diafragma osti, paraezofageal va parakardial limfa tugunlariga, shuningdek, me’daning kichik egriligi va chap me’da arteriyasi bo‘ylab joylashgan limfa tugunlariga. Bundan tashqari, kichik charvi limfa tugunlariga, chap me’da arteriyasi bo‘ylab joylashgan tugunlarga, shuningdek, bo‘yin va o‘mrov usti limfa tugunlariga metastazlar ham uchraydi.

Uzoq metastazlar jigarni, o‘pkalarni, suyak tizimini zararlaydi.

Klinik tasnif

Ushbu TNM-tasnifga ko‘ra:

T — birlamchi o‘sma

  • Тх — birlamchi o‘smani baholash uchun ma’lumot yetarli emas
  • Т0 — birlamchi o‘sma aniqlanmagan
  • Tis — joyida rivojlangan karsinoma (carcinoma in situ).
  • T1 — o‘sma qizilo‘ngach devoriga shilliq osti qavatigacha o‘sib kiradi
  • Т2 — o‘sma qizilo‘ngach devoriga mushak qavatigacha o‘sib kiradi
  • Т3 — o‘sma qizilo‘ngach devoriga adventitsiya qavatigacha o‘sib kiradi.
  • Т4 — o‘sma jarayoni qo‘shni a’zolarga tarqaladi

N — mintaqaviy limfa tugunlari

  • Nх — mintaqaviy limfa tugunlarini baholash uchun ma’lumot yetarli emas
  • N0 — mintaqaviy limfa tugunlarida metastazlar aniqlanmagan
  • N1 — mintaqaviy limfa tugunlarida metastazlar aniqlanadi

M — uzoq metastazlar

  • Мх — uzoq metastazlarni aniqlash uchun ma’lumot yetarli emas
  • М0 — uzoq metastazlar aniqlanmagan
  • М1 — uzoq metastazlar aniqlanadi

Milliy tasnifga muvofiq, qizilo‘ngach saratoni 4 bosqichga bo‘linadi:

  • 1-bosqich — kichik o‘sma qizilo‘ngach devorining shilliq qavati va shilliq osti qavatini zararlaydi, biroq qizilo‘ngach bo‘shlig‘ini toraytirmaydi va uning mushak qavatiga o‘sib kirmaydi. Metastazlar yo‘q (T1N0M0)
  • 2-bosqich — o‘sma to‘qimasi qizilo‘ngachning mushak qavatiga kirib boradi va bo‘shlig‘ini toraytiradi, biroq a’zo chegarasidan tashqariga chiqmaydi. Mintaqaviy limfa tugunlarida yakka metastazlar aniqlanadi (2А-bosqich: T2N0M0, T3N0M0; 2Б-bosqich: T1N1M0, T2N1M0)
  • III bosqich — o‘sma jarayoniga qizilo‘ngach devorining barcha qatlamlari, shuningdek, qizilo‘ngach atrofidagi biriktiruvchi to‘qima yoki seroz qavat jalb etiladi, ammo qo‘shni a’zolar zararlanmaydi. Mintaqaviy limfa tugunlarida ko‘plab metastazlar aniqlanadi (T3N1M0, T4 istalgan N M0)
  • IV bosqich — saraton qizilo‘ngach devorining barcha qatlamlarini zararlaydi va qo‘shni a’zolarga tarqaladi. Metastazlar mintaqaviy va uzoq limfa tugunlarida aniqlanadi (istalgan T, istalgan N, M1)

Klinik ko‘rinish

Qizilo‘ngach saratonining klinik belgilari uch guruhga bo‘linadi: qizilo‘ngach devorlarining zararlanishi bilan bog‘liq birlamchi yoki mahalliy belgilar; o‘sma jarayonining qo‘shni a’zo va to‘qimalarga tarqalishi natijasida yuzaga keladigan ikkilamchi belgilar; intoksikatsiya va ovqatlanishning buzilishi bilan bog‘liq umumiy belgilar.

Birlamchi belgilarga disfagiya, to‘sh suyagi orqasidagi og‘riq, to‘sh suyagi orqasida to‘lishish hissi, ovqatning qaytib chiqishi (regurgitatsiya) va so‘lak ajralishining kuchayishi kiradi. Bu belgilarning deyarli barchasi patologik jarayon qizilo‘ngach bo‘ylab ancha keng tarqalganidan dalolat beradi.

Qizilo‘ngach saratoniga xos belgilar a’zo bo‘shlig‘ining to‘silishi bilan bog‘liq. Ularning eng yaqqoli — disfagiya, ya’ni ovqatning qizilo‘ngach orqali o‘tishi qiyinlashishi. Disfagiya a’zo bo‘shlig‘ining o‘sib borayotgan o‘sma bilan torayishi (mexanik disfagiya) tufayli yuzaga keladi, biroq ba’zan qizilo‘ngachning yuqoriroq qismlaridagi spazmga (reflektor disfagiya) bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘pchilik hollarda disfagiya asta-sekin kuchayib boradi. Dastlab qattiq ovqatning qizilo‘ngachdan o‘tishi biroz sekinlashadi. Bemor qattiq ovqat luqmasi qizilo‘ngach bo‘ylab siljiyotganini sezgandek bo‘ladi. Torayish kuchayib boradi va ko‘p o‘tmay bemor qattiq ovqatni bir qultum suv bilan yutishga yoki asosiy taomlarni iste’mol qilishdan voz kechishga majbur bo‘ladi. Yana bir necha hafta yoki oy o‘tgach, yarim suyuq ovqat, undan keyin esa suyuqlik ham o‘tmay qoladi. Disfagiyaning bunday ketma-ket rivojlanishi har doim ham kuzatilmaydi. Ba’zan o‘smaning parchalanishi yoki dori vositalari bilan davolash natijasida qizilo‘ngachning o‘tkazuvchanligi qisman yoki to‘liq tiklanadi. Bemorning ahvoli qisqa muddatga yaxshilanadi, biroq ko‘p o‘tmay disfagiya yana kuchaya boshlaydi.

Profilaktika

  1. Chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdan voz kechish
  2. Sabzavotlarni iste’mol qilish (AQSh Milliy Saraton Instituti statistik ma’lumotlariga ko‘ra, karam, brokkoli va Bryussel karamini iste’mol qilish qizilo‘ngach saratoni bilan kasallanish holatlari kamayishi bilan bog‘liq)
  3. Qahvani me’yorida iste’mol qilish statistik jihatdan qizilo‘ngach saratoni bilan kasallanish holatlari kamayishi bilan bog‘liq
  4. Juda issiq ichimliklar — choy va qahvani ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish.

Davolash

Havolalar

Adabiyotlar