Pulsoksimetr nima

Barmoqqa taqilgan pulsoksimetr. Yuqorida — SpO2 qiymati, pastda — puls

Pulsoksimetr (ingl. pulse oximeter) — tibbiy nazorat-diagnostika asbobi bo‘lib, noinvaziv usulda kislorod bilan to‘yinganlik darajasini kapillyar qonda o‘lchaydi (pulsoksimetriya).

Kechishi qonda kislorodning surunkali yetishmovchiligi (gipoksiya) bilan birga kuzatiladigan ko‘plab patologiyalar mavjud. Bunday holatda qonning kislorod bilan to‘yinganlik (saturatsiya) ko‘rsatkichini doimiy kuzatib borish talab etiladi.

Ishlash prinsipi

Kislorod molekulalari bilan birikkan gemoglobin (HbO2) va kislorodsiz gemoglobin (Hb)ning yutilish spektri

Usul ikkita hodisaga asoslangan. Birinchidan, gemoglobin (Hb) tomonidan ikki xil to‘lqin uzunligidagi yorug‘likning yutilishi uning kislorod bilan to‘yinganlik darajasiga qarab o‘zgaradi. Ikkinchidan, to‘qimalardan o‘tayotgan yorug‘lik signali yurak har gal qisqarganida arterial tomirlardagi qon hajmi o‘zgarishi tufayli pulsatsiyalanuvchi xususiyatga ega bo‘ladi. Pulsoksimetr tashqi sensorga ega bo‘lib, unda ikki xil to‘lqin uzunligidagi yorug‘lik manbalari joylashgan: odatda 660 nm («qizil») va 940 nm («infraqizil»). Yorug‘likning yutilish darajasi qondagi gemoglobinning kislorod bilan qanchalik to‘yinganligiga bog‘liq (har bir Hb molekulasi ko‘pi bilan 4 ta kislorod molekulasini biriktira oladi). Fotodetektor ushbu ko‘rsatkichga bog‘liq holda qon rangining o‘zgarishini qayd etadi. To‘yinganlikning o‘rtacha qiymati pulsoksimetr ekranida aks ettiriladi. Bu usul yordamida o‘lchashning aniqligi hanuzgacha bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Hatto bir qo‘lning turli barmoqlarida o‘lchash natijasida ham asbob ko‘rsatkichlari sezilarli darajada farq qilishi mumkin.

Pulsoksimetrning karboksigemoglobin (COHb) va metgemoglobin (MetHb) miqdorini o‘lchash uchun mo‘ljallangan maxsus turi ham mavjud — CO-oksimetr[ingl.].

Zamonaviy ixcham pulsoksimetr kichik qisqich ko‘rinishida ishlab chiqarilishi va quyidagi joylarga taqilishi mumkin: barmoq, quloq yumshog‘i yoki burun qanoti. Shuningdek, o‘ta xavfli infeksiyaga chalingan deb gumon qilinayotgan shaxslarda qo‘llaniladigan pulsoksimetrlarni dezinfeksiya qilish tartibi mavjud: asbob 70 % li etil spirti bilan uch marta artiladi va keyin quritiladi.

Tarixi

Qonning kislorod bilan to‘yinganligini noinvaziv usulda o‘lchaydigan asbobni birinchi bo‘lib nemis shifokori Karl Mattes (1905—1962) yaratgan. 1935-yilda u quloq orqali yorug‘lik o‘tkazish uchun qizil va yashil yorug‘lik filtrlaridan (keyinchalik qizil va infraqizil filtrlardan) foydalaniladigan usulni taklif qilgan.

1942-yilda amerikalik fiziolog Glenn Allan Milliken quloqqa taqiladigan birinchi portativ oksimetrni yaratgan.

1972-yilda yapon muhandisi Takuo Aoyagi arteriolalar pulsatsiyasi tufayli yorug‘lik yutilishining tebranishlariga qarab aynan arterial qonning kislorod bilan to‘yinganligini hisoblash mumkinligini aniqlagan. Bu kashfiyot sotuvga chiqarilgan birinchi zamonaviy pulsoksimetrning yaratilishiga olib kelgan.

Qo‘llanilishi

Adabiyotlar

  • Shurigin I. A. Nafas olish monitoringi: pulsoksimetriya, kapnografiya, oksimetriya. — Sankt-Peterburg: «Nevskiy Dialekt»; Moskva: «BINOM nashriyoti», 2000. — 301 bet. ISBN 5-7940-0043-0

Havolalar