Patologik batafsillik

Mundarija

Patologik batafsillik (tafakkurning haddan tashqari batafsilligi, qovushqoqligi, inertligi, sust harakatchanligi, torpidligi) klinik psixologiya va psixopatologiyada — tafakkur buzilishlaridan biri bo‘lib, bunda assotsiatsiyalarning kechishi buziladi va tafakkurning maqsadga yo‘nalganligi izdan chiqadi. Ko‘pincha epilepsiya bilan og‘rigan bemorlarda, bosh miyaning organik kasalliklarida uchraydi. Bu holat tafakkur darajasining pasayishi va uning sust harakatchanligi bilan kechadi hamda intellektual funksiyalarning ancha zaiflashganini ko‘rsatadi. Patologik batafsillik tangensial nutq (mavzudan chetga chiquvchi nutq) va logoreyaga qaraganda yengilroq buzilish hisoblanadi, chunki patologik batafsillikda bemor nutqida fikr bayonining mantiqiy ketma-ketligi saqlanadi va suhbatdosh aytilgan gapning ma’nosini tushunishda qiynalmaydi.

Tavsifi

Bu holat tafsilotlarga haddan tashqari berilish, mayda-chuyda jihatlarga chalg‘ib qolish, «bir joyda depsinish», muhimni ahamiyatsizdan, asosiyni ikkinchi darajalidan ajrata olmaslik bilan tavsiflanadi. Bu umumlashtirish va abstraksiyalash jarayonlari darajasining pasayganini ko‘rsatadi. Tafsilotlar bemorni fikrini izchil bayon qilishdan chalg‘itadi, natijada hikoya juda cho‘zilib ketadi. Nutqni o‘ta batafsillashtirish ma’no va mohiyatning yo‘qolishiga olib keladi. Bir doiradagi tasavvurlardan boshqasiga o‘tish (fikrni almashtirish) qiyinlashadi.

Bunday bemorlarning nutqida ko‘pincha perseveratsiyalar (bir fikr yoki so‘zning beixtiyor takrorlanishi), pauzalar, parazit so‘zlar («tushunyapsanmi», «shunday desak», «demak») uchraydi. Bemor suhbatdoshning yo‘naltiruvchi savollariga, hatto ular suhbatning asosiy mavzusiga qaytishga undasa ham, deyarli munosabat bildirmaydi. Bunda suhbat mavzusini darhol o‘zgartirish yoki suhbatni to‘xtatish imkoni bo‘lmaydi, chunki bemor boshlagan gapini oxirigacha yetkazishga intiladi. U bayon qilayotgan ma’lumotni «mantiqiy emas, balki makon va vaqtga bog‘liq vaziyatlar ketma-ketligida» tuzadi. Xabarning asosiy mazmuni ajratib ko‘rsatilmaydi, unga urg‘u berilmaydi.

Patologik batafsillik tafakkur formalizmiga o‘xshaydi, ammo undan jiddiy farq qiladi. Formalizmda bemor savolga javob berayotganda ko‘pincha uning mohiyatini e’tiborsiz qoldirib, masalaning tashqi tomoni, boshqa tafsilotlar bilan bog‘liq bo‘lmagan va ahamiyatga ega bo‘lmagan tasodifiy jihatlar haqida gapiradi. Patologik batafsillikda esa hikoyadagi ko‘plab tafsilotlar bir butunlikni tashkil etadi, bemor savolga mohiyatan javob berishga harakat qiladi.

Batafsillik ko‘pincha epilepsiya bilan og‘rigan bemorlarda namoyon bo‘ladi. Ularning tafakkuri labirintsimon deb ataladi: ular o‘z fikrlarini qiyinchilik bilan, chalkash, noaniq va takrorlar bilan ifodalaydi. Epileptik demensiyada batafsillik va fikrlash faoliyati darajasining pasayishi psixik jarayonlarning sekinlashishi bilan birga namoyon bo‘ladi.

Konsentrik aqliy zaiflik (demensiya) shakllanayotgan va patologik batafsillik kuzatilayotgan epilepsiyali ayol bemor bilan suhbatdan misol:

U shifokorga murojaat qilish sababini shunday tushuntiradi: «Men bugun ertalab soat 9 da uyg‘ondim, odatda esa soat 7 da uyg‘onaman. Boshim og‘ridi, butun badanim qaqshadi. Xurujdan keyin shunday bo‘ladi. Kechirasiz, ko‘rpalar ho‘l edi. Tilim qattiq og‘ridi. Oxirgi bir hafta ichida bu uchinchi xuruj, lekin dastlabki ikkitasidan keyin tilim og‘rimagan va ko‘rpalar quruq edi… Yo‘lda qo‘shni ayolni uchratdim, u meni to‘xtatib, ichkilik ichadigan va hech qayerda ishlamaydigan o‘g‘lidan shikoyat qila boshladi». Shifokor uning hikoyasini to‘xtatmoqchi bo‘lganida, bemor shunday javob berdi: «Kechirasiz-u, lekin uning o‘g‘li ilgari yaxshi odam edi, ishlardi, surati Faxriy doskaga ilingan edi».V. L. Gavenko, B. S. Bitenskiy

Ba’zi hollarda nutqning haddan tashqari batafsilligi patologik shakl darajasiga yetmaydi. Xususan, haddan tashqari (ammo patologik bo‘lmagan) batafsillik ba’zan keksa kishilar, shuningdek, yopishqoq holatlar nevrozi (obsessiv-kompulsiv buzilish) bilan og‘rigan kishilar nutqida kuzatiladi.