Oqim, oqim holati, oqimni boshdan kechirish (ingl. flow, lot. influunt) — ruhiy holat bo‘lib, unda inson o‘zi bajarayotgan ishga butunlay beriladi. Bu holat diqqatni faol jamlash va faoliyat jarayoniga to‘liq sho‘ng‘ish bilan tavsiflanadi. Konsepsiya — oqim haqidagi nazariya — Mixay Chiksentmixayi tomonidan 1975-yilda taklif etilgan. U oqim holatiga kirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ham o‘z ichiga oladi. Oqim holati noyob holat emas. Oqim holatida bo‘lish muayyan bir soha yoki jarayon bilan cheklanmaydi. U muayyan inson shug‘ullanadigan barcha faoliyat sohalarini qamrab oladi.
Abraham Maslou oqim holatlarini cho‘qqi kechinmalari deb atagan.
Tadqiqot ishtirokchilari bu holatni ko‘pincha o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishdan zavqlanish, ortgan va asosli o‘ziga ishonch, muloqot qobiliyatining sezilarli darajada yaxshilanishi, fikrlarini aniq va ravshan ifodalash, suhbatdoshini ishontirish, har qanday murakkablikdagi muammolarni samarali hal qilish yoki ularning noodatiy yechimlarini topish qobiliyati sifatida taʼriflaydilar. Oqim holatidagi tadqiqot ishtirokchilarida axborotni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ortadi, xotira va axborotni tahlil qilish qobiliyati faollashadi, faollikning ortishi tufayli yengil bezovtalik kuzatiladi.
Oqimning xususiyatlari
Chiksentmixayining fikricha, faoliyatning oqim holatini boshdan kechirishga yordam beradigan bir nechta xususiyatini ajratish mumkin:
- Aniq maqsadlar (tushunarli kutilmalar va qoidalar).
- Diqqatni jamlash va eʼtiborni yo‘naltirish — diqqatni cheklangan sohaga yuqori darajada jamlash (faoliyat bilan shug‘ullanayotgan inson unga eʼtiborini jamlash va chuqur sho‘ng‘ish imkoniga ega bo‘ladi).
- O‘zini tahlil qilishga oid refleksiya va o‘zini anglash hissining yo‘qolishi — harakat va anglanganlikning birlashishi.
- Vaqtni buzilgan tarzda idrok etish, vaqt hissining yo‘qolishi.
- Bevosita va kechiktirilmaydigan qayta aloqa (faoliyat jarayonidagi muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizliklar yaqqol ko‘rinadi, shuning uchun xatti-harakatni zaruratga qarab o‘zgartirish mumkin).
- Shaxsning qobiliyat darajasi bilan topshiriqning murakkabligi o‘rtasidagi muvozanat (faoliyat shaxs uchun haddan tashqari oson ham, murakkab ham bo‘lmaydi).
- Vaziyat yoki faoliyat ustidan to‘liq nazorat hissi.
- Faoliyatning o‘zi mukofot sifatida qabul qilinadi, shu sababli u zo‘riqishsiz amalga oshiriladi.
Atamaning kelib chiqishi
Mazkur holat oqim deb nomlanganining sababi shundaki, Chiksentmixayi tadqiqot ishtirokchilari bilan suhbat o‘tkazganida bir nechta inson o‘zining «oqim» kechinmalarini tasvirlash uchun metafora sifatida ularni olib ketayotgan oqim obrazidan foydalangan. Shunday qilib, faoliyatga sho‘ng‘ish sifatidagi oqimning psixologik konsepsiyasi idiomatik «oqim bo‘ylab suzish» iborasi bilan bog‘liq emas.
Guruhning oqim holati
Chiksentmixayi guruhning har bir aʼzosi oqim holatiga erisha olishi uchun birgalikda ishlashning bir nechta usulini taklif etadi. Bunday guruhning xususiyatlariga quyidagilar kiradi:
- Makonni ijodiy rejalashtirish: kreslolar, grafiklar, stollarning yo‘qligi va shu sababli asosan tik turgan yoki harakatlangan holda ishlash.
- Makon dizayni: hisobot yuritish uchun turli grafiklar, diagrammalar, loyiha haqida qisqacha maʼlumot, erkinlik, xavfsizlik (boshqa vaziyatda faqat o‘ylash mumkin bo‘lgan fikrlarni ayta olish), rasmlar.
- Birgalikda tashkil etilgan mehnat.
- Maqsadli auditoriyaga eʼtibor qaratish.
- Mavjud ishlanmani rivojlantirish (prototiplash).
- Vizuallashtirish orqali samaradorlikni oshirish.
- Ishtirokchilarning xilma-xilligi.
Tutash sohalar
Chiksentmixayi G‘arb psixologiyasida mazkur konsepsiyani birinchi bo‘lib taʼriflagan bo‘lishi mumkin, ammo o‘zi eʼtirof etganidek, bu psixologik hodisani kuzatgan yoki unga asoslangan uslublarni yaratgan birinchi inson emasligi aniq.
Ikki yarim ming yildan ortiq vaqt davomida Sharq maʼnaviy anʼanalariga, jumladan, buddaviylik va daosizm taʼlimotlariga amal qiluvchilar ushbu hodisani o‘z maʼnaviy taraqqiyotining markaziy qismi deb hisoblaganlar. Yapon amaliyotchilari shunga o‘xshash dzen-buddaviy usullardan tanlangan sanʼat turi (jang sanʼati yoki boshqa sanʼat) bo‘yicha mahoratini takomillashtirish uchun foydalanganlar. Bu kendo sanʼatidan tortib ikebanagacha bo‘lgan har qanday sanʼat turiga taalluqli. Keng tarqalgan «dunyo bilan bir butun bo‘lish» iborasini ham ushbu konsepsiyaga bog‘lash mumkin.
Taʼlimda meʼyoridan ortiq mashq qilish (ko‘nikmani avtomatizm darajasiga yetkazish) konsepsiyasi mavjud bo‘lib, u mazkur uslubning muhim omillaridan biri bo‘lib ko‘rinadi. Bundan tashqari, ko‘plab zamonaviy sportchilarda odatda shunday kechinma kuzatiladi: «jo‘shqinlik».
Oqimning adabiyotdagi tasviri
A. S. Pushkin «Misr tunlari» nomli, 1835-yilda nashr etilgan qissasida, psixologiyada oqim tushunchasi shakllanishidan ancha oldin, bu holatni quyidagicha yorqin tasvirlagan. «Bir kuni ertalab Charskiy shunday ilhombaxsh ruhiy holatni his etdiki, unda orzular ko‘z oldingizda yaqqol gavdalanadi, tasavvurlaringizni ifodalash uchun jonli va kutilmagan so‘zlar topasiz, sheʼrlar qalamingizdan osonlik bilan to‘kiladi va jarangdor qofiyalar izchil fikrga peshvoz chiqadi. Charskiyning ruhi shirin unutish holatiga g‘arq bo‘lgan edi... na yuqori jamiyat, na uning fikri, na o‘zining injiqliklari uning uchun mavjud edi. U sheʼr yozardi».
Adabiyotlar
- Chiksentmixayi Mixay (2013) Shaxs evolyutsiyasi. Moskva. Alpina non-fikshn. ISBN 978-5-91671-129-5
- Chiksentmixayi, Mixay (1990). Oqim: optimal kechinmalar psixologiyasi. Nyu-York: Harper and Row. ISBN 0-06-092043-2
- Chiksentmixayi, Mixay (1996). Ijodkorlik : oqim hamda kashfiyot va ixtiro psixologiyasi. Nyu-York: Harper Perennial. ISBN 0-06-092820-4
- Chiksentmixayi, Mixay (1998). Oqimni topish: kundalik hayotga berilish psixologiyasi. Basic Books. ISBN 0-465-02411-4 (usullarga urg‘u berilgan ommabop bayon)
- Gardner, Govard, Chiksentmixayi, Mixay va Deymon, Uilyam (2002). Yaxshi mehnat: mukammallik va axloq uyg‘unlashganda. Nyu-York, Basic Books.
- Geyrland, Jon (1996). «Oqimga ergashish». Wired jurnali, sentabr, 4.09-son.
- Yu. B. Dormashev, V. Ya. Romanov. Oqimni boshdan kechirish. Kitobda: Motivatsiya va emotsiyalar psixologiyasi / Yu. B. Gippenreyter, M. V. Falikman tahriri ostida. — M.: AST: Astrel, 2009. — 704 b. — (Psixologiya xrestomatiyasi). — 383—387-b. ISBN 978-5-17-058328-7 («AST nashriyoti» MChJ) ISBN 978-5-271-23290-9 («Astrel nashriyoti» MChJ)
Havolalar
Ingliz tilida
- Jeymi Chemberlin. Ish va o‘yinni optimallashtirish uchun oqim holatiga erishish
- Devid Farmer. «Oqim» va Mixay Chiksentmixayi