Neyroplastiklik nima

Neyroplastiklik — inson miyasining orttirilgan tajriba ta’sirida o‘zgarish, shuningdek, shikastlanishdan so‘ng yoki tashqi ta’sirlarga javoban yo‘qolgan bog‘lanishlarni tiklash xususiyatidir. Bu xususiyat nisbatan yaqinda tavsiflangan[qachon?]. Ilgari[qachon?] bosh miyaning tuzilishi bolalik davrida shakllanib bo‘lgach, o‘zgarmay qoladi, degan fikr keng tarqalgan edi.

Miya o‘zaro bog‘langan nerv hujayralari (neyronlar) va gliya hujayralaridan tashkil topgan. O‘rganish jarayoni neyronlar o‘rtasidagi bog‘lanishlar mustahkamligining o‘zgarishi, bog‘lanishlarning paydo bo‘lishi yoki buzilishi, shuningdek, neyrogenez jarayoni orqali amalga oshishi mumkin. Neyroplastiklik bog‘lanishlarning paydo bo‘lishi va buzilishi hamda neyrogenez jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

XX asr davomida miya ustuni va neokorteksning tuzilishi bolalik davrida to‘liq shakllanganidan keyin o‘zgarmay qoladi, degan fikr keng tarqalgan edi. Bu ushbu sohalarda o‘rganish jarayonlari faqat bog‘lanishlar mustahkamligining o‘zgarishi orqali kechishi mumkinligini, xotira jarayonlari uchun mas’ul bo‘lgan sohalar (gippokamp va tishsimon pushta) esa butun umr davomida neyrogenez qobiliyatini saqlab qolishi tufayli yuqori plastiklikka ega ekanini anglatardi. Miya bolalik davridan keyin ham o‘z plastikligini saqlab qolishini ko‘rsatuvchi yangi tadqiqotlar natijalari ta’sirida bu fikr o‘zgarib bormoqda.

Neyroplastiklik turli darajalarda namoyon bo‘lishi mumkin: miyadagi hujayraviy o‘zgarishlardan tortib, muayyan sohalar shikastlanishiga javoban bosh miya po‘stlog‘idagi vazifalarning qayta taqsimlanishi bilan kechadigan keng ko‘lamli o‘zgarishlargacha. Neyroplastiklikning ahamiyati zamonaviy tibbiyotda keng e’tirof etilgan. Ushbu hodisadan xotirani rivojlantirish, o‘qitish va shikastlangan miyani tiklashda ham foydalaniladi.

Tarixi

Xulq-atvorga nisbatan «plastiklik» atamasini birinchi bo‘lib Uilyam Jeyms 1890-yilda «Psixologiya tamoyillari» asarida qo‘llagan. U bu atama bilan ta’sirga berila oladigan darajada zaif, ammo darhol o‘zgarib ketmaydigan darajada mustahkam tuzilmani ta’riflagan. «Neyroplastiklik» tushunchasini birinchi bo‘lib polshalik neyrobiolog Yeji Konorskiy kiritgan. Neyroplastiklikni tasdiqlagan dastlabki tajribalardan birini 1793-yilda italiyalik anatom Mikele Vinchentso Malakarne o‘tkazgan. U mashq qildirilgan hayvonlarning miyachasi mashq qildirilmagan hayvonlarnikiga qaraganda sezilarli darajada kattaroq ekanini aniqlagan. 1970-yillargacha neyrobiologlar miyaning tuzilishi va funksiyalari insonning butun voyaga yetgan hayoti davomida o‘zgarmay qoladi, deb hisoblashgan. Santyago Ramon-i-Kaxal voyaga yetgan organizm miyasining tuzilishidagi patologik bo‘lmagan o‘zgarishlarga nisbatan «neyronal plastiklik» atamasini qo‘llagan. Biroq uning markaziy nerv tizimidagi degeneratsiya va regeneratsiya haqidagi qarashlariga Valter Shpilmeyer va Maks Bilshovskiy e’tiroz bildirgan. Ular markaziy nerv tizimi yangi hujayralarni hosil qila olmaydi, deb hisoblashgan.

1923-yilda Karl Leshli o‘zi tajriba o‘tkazgan rezus makakalarining neyron yo‘llarida o‘zgarishlarni aniqlagan va ularni miya plastikligining dalili deb hisoblagan. Biroq neyroplastiklik g‘oyasi uzoq vaqt davomida keng e’tirof etilmagan. 1943-yilda Makkalok va Pitts o‘rganish qoidasiga ega sun’iy neyron modelini taklif qilishgan. Bu qoidaga ko‘ra, neyronlar bir vaqtda qo‘zg‘alganda yangi sinapslar hosil bo‘ladi. Keyinchalik bu qoida Hebb bo‘yicha o‘rganish deb nomlangan. Miyaning anatomik plastikligiga oid dastlabki ilmiy dalillarni Berklidagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Merian Daymond taqdim etgan va 1964-yilda natijalarini e’lon qilgan. Devid Xyubel va Torsten Vizel mushukchalarda o‘tkazgan tajribalarida miya po‘stlog‘ining tikib yopilgan ko‘z bilan bog‘liq sohasi faoliyatsiz qolmasligini, aksincha, ochiq ko‘zdan kelayotgan ko‘rish axborotini qayta ishlashini ko‘rsatishgan. Maykl Merzenich plastiklik voyaga yetgan davrda ham saqlanishini isbotlagan va tajriba hamda neyron faolligi ta’sirida miya funksiyalarining qayta tashkil etilish mexanizmlarini kashf qilgani uchun 2016-yilda neyrofan bo‘yicha Kavli mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Neyrobiologiya

Neyroplastiklikning asosiy tamoyillaridan biri sinaptik pruning (sinaptik bog‘lanishlarning siyraklashuvi) hodisasidir: miyada neyronlar o‘rtasidagi bog‘lanishlarning buzilishi va yangilarining hosil bo‘lishi uzluksiz kechadi.