
Narsissizm — shaxsning o‘z ahamiyati, o‘zini qanday idrok etishi va e’tirofga bo‘lgan ehtiyojiga qay darajada e’tibor qaratishini aks ettiruvchi psixologik xususiyati. Psixologiyada narsissizm me’yor doirasida namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsiy xususiyat sifatida qaraladi. U yaqqol ifodalangan va shaxsning boshqa barqaror xususiyatlari bilan birga namoyon bo‘lgan hollarda esa shaxsning narsissistik buzilishi diagnostik mezonlariga mos kelishi mumkin.
Atama yunon afsonasidan olingan. Unda Narsissismli go‘zal yigit haqida hikoya qilinadi. U soy suvidagi o‘z aksiga mahliyo bo‘lishni afzal ko‘rgan va Exoismli nimfaning sevgisini rad etgan. Buning jazosi sifatida u o‘z aksiga oshiq bo‘lishga mahkum etilgan va oxir-oqibat o‘z nomi bilan ataladigan gulga aylangan.
Kundalik hayotda
Psixologlar asarlarida
Narsissistik xulq-atvor to‘g‘risida Zigmund Freyd shunday fikr bildirgan: u har bir insonga tug‘ilganidan boshlab xos bo‘lgan ajralmas xususiyatdir. Freyd bu atamani psixologiyada birinchi bo‘lib qo‘llagan. Psixologiya va psixiatriyada haddan tashqari narsissizm shaxs faoliyatining jiddiy buzilishi yoki shaxs buzilishi sifatida qaraladi. Ko‘pincha narsissistik xarakter aksentuatsiyasi haqida ham gapiriladi. «Narsissizm», «narsissistik» va «narsiss» so‘zlari odatda salbiy ma’noda ishlatilib, shuhratparastlik, o‘ziga haddan tashqari yuqori baho berish, xudbinlik yoki shunchaki o‘ziga mahliyo bo‘lishni anglatadi. Ijtimoiy guruhga nisbatan qo‘llanganda, ular ba’zan elitarlik yoki boshqa odamlarning muammolariga befarqlikni anglatishi mumkin.
Melani Klayn va uning shogirdlari (Herbert Rozenfeld va Hanna Segal) narsissizmni obyekt munosabatlarining alohida turi — narsissistik munosabatlar sifatida ko‘rib chiqqanlar. Herbert Rozenfeld destruktiv (buzg‘unchi) narsissizmni (o‘lim instinkti oqibatida yuzaga keladigan) va libidinoz narsissizmni (libido bilan bog‘liq narsissizm) ajratib ko‘rsatgan.
Otto Kernberg patologik narsissizmni batafsil o‘rgangan. U narsissizmning 3 turini ajratgan — me’yoriy infantil narsissizm, me’yoriy yetuk narsissizm va patologik narsissizm. Patologik narsissizm o‘zini ideallashtirish va ulug‘vor «Men» obrazining aksidir. Bunday odamlar atrofdagilarga mensimaslik bilan munosabatda bo‘lishga va o‘zlarining ustunligi hamda yutuqlarini doimiy ravishda namoyish etishga («Men» radiosi) moyil bo‘ladilar. Ularda atrofdagilarga nisbatan empatiya va qiziqish bo‘lmaydi.
Endryu P. Morrisonning ta’kidlashicha, katta yoshli insonda sog‘lom narsissizmning oqilona darajada bo‘lishi o‘z ehtiyojlarini qondirishda atrofdagilar bilan muvozanatni saqlash imkonini beradi.
Manfred Kets de Vris narsissizm rahbarlik lavozimlarini, jumladan, eng yuqori darajadagi lavozimlarni egallagan muvaffaqiyatli erkaklarda tez-tez uchrashini aniqlagan.
Karen Horni «Nevroz va shaxsning rivojlanishi: o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun kurash» (1950) asarida narsissizmni nevroz rivojlanishining yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqadi. Bu nevrozning asosida bazal xavotir (базальная тревога) yotadi.
Erix Fromm «Inson qalbi, uning yaxshilik va yomonlikka qodirligi» (1964) kitobida «parchalanish sindromi»ning tarkibiy qismi bo‘lgan xavfli (malign) narsissizmga asosiy e’tiborni qaratadi. Bunda u individual va ijtimoiy narsissizmni ajratib ko‘rsatadi.
Buzilish
Shaxs buzilishi bo‘lib, quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi: o‘zining betakrorligiga, alohida mavqega egaligiga va boshqa odamlardan ustunligiga qat’iy ishonish; o‘z iste’dodi va yutuqlariga haddan tashqari yuqori baho berish; o‘z muvaffaqiyatlari haqidagi xayollarga berilish; atrofdagilardan hech qanday shartsiz yaxshi munosabat va so‘zsiz bo‘ysunishni kutish; o‘zining betakrorligi va ahamiyatini tasdiqlash uchun atrofdagilarning hayrat va tahsiniga intilish; hamdardlik bildira olmaslik; o‘zini har qanday qoidalardan ozod deb bilish va atrofdagilar unga hasad qiladi deb o‘ylash. Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, narsisslarda o‘ziga beradigan baho tez-tez o‘zgarib turadi. Aynan shu sababli ular jamiyatning e’tirofiga muhtoj bo‘ladilar. E’tirof bo‘lmasa, o‘zlariga beradigan baholari ham pasaya boshlaydi. Bundan raqobatni yoqtirmaslik ham kelib chiqadi.
Narsissistik travma
Shunday kishilar borki, ular narsissistik xususiyatlarga ega insonlar tarbiyasida ulg‘aygan yoki ular bilan munosabatlarda haddan tashqari ko‘p ruhiy jarohatlovchi tajribani boshdan kechirgan; ularning shaxsiyatida ko‘pincha «narsissistik travma» deb ataladigan o‘ziga xos iz qoladi. Bu uyat hissiga nisbatan yuqori sezgirlik hamda o‘zi bilan atrofdagilar o‘rtasidagi «chegaralar»ni saqlashda qiyinchiliklar bilan namoyon bo‘ladi. Narsissistik travmani boshdan kechirgan kishilarning aksariyati yo narsissistik shaxslar singari o‘zlarining nihoyatda ahamiyatli ekanliklari hissini saqlash uchun ko‘p kuch sarflaydilar, yoki atrofdagilarning g‘azabiga duch kelishdan qo‘rqib, ularning injiqliklarini e’tirozsiz bajarishga moyil bo‘ladilar.
Shu bilan birga, haqiqiy narsissistik shaxslardan farqli ravishda, narsissistik travmani boshdan kechirgan kishilarda refleksiya (o‘zini tahlil qilish) yetarli darajada saqlanadi, bu esa ularga o‘zlaridagi hasad, uyat va aybdorlik hislarini anglash imkonini beradi.
Narsissizm jinsiy deviatsiya sifatida
Jinsiy deviatsiya bo‘lib, bunda inson o‘ziga nisbatan jinsiy mayl his qiladi. U jinsiy fetishizmning bir turi sifatida qaralishi mumkin.
Adabiyotlar
- Mlodik, Irina Yuryevna. Cheksiz quduqning tubi yoxud narsissning mashaqqatli yo‘li (html). «Psixologiya» jurnali (25-avgust, 2009-yil). Murojaat sanasi: 25-avgust, 2009-yil. Arxivlangan 25-avgust, 2011-yilda.
- Jozef Burgo. Ehtiyot bo‘ling, narsiss! O‘ziga mahliyo bu odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerak = Jozef Burgo: «Siz tanigan narsiss: o‘ta narsissistik shaxslardan o‘zingizni himoya qilish» (The Narcissist You Know: Defending Yourself Against Extreme Narcissists). — M.: Alpina Pablisher, 2016. — 298 b. — ISBN 978-5-9614-5394-2.
- Fromm E. Inson qalbi, uning yaxshilik va yomonlikka qodirligi= The Heart of Man, its genius for good and evil (1964) / V. A. Zaks tarjimasi. — M. : AST, Astrel, 2010. — 256 b. — (Falsafa). — 2000 nusxa. — ISBN 978-5-17-066520-4, ISBN 978-5-271-28389-5.