Mauryalar imperiyasi

Imperiya
Mauryalar imperiyasi
मौर्यसाम्राज्यम् (sanskrit)
मौर्यसाम्राज्य (hindiy)
← Династия Нанда
← Махаджанапады
Шунга (империя) →
Сатавахана →
Индо-скифское царство →
Poytaxti Pataliputra hozirgi Patna
Til(lar)i hind-oriy tillari magadhi, prakrit, sanskrit
Rasmiy tili prakrit
Dini hinduizm, buddaviylik, jaynizm, ajivika
Maydoni 5 000 000 km²
Aholisi 40 000 000
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya quyidagi manba ma’lumotlariga ko‘ra: Artxashastra
Imperator
 • 322—298-yillar mil. avv. Chandragupta Maurya
 • 298—272-yillar mil. avv. Bindusara
 • 268—232-yillar mil. avv. Ashoka
 • 232—224-yillar mil. avv. Dasharatxa
 • 224—215-yillar mil. avv. Samprati
 • 215—202-yillar mil. avv. Salishuka[ingl.]
 • 202—195-yillar mil. avv. Devavarman[ingl.]
 • 195—187-yillar mil. avv. Satadxanvan[ingl.]
 • 187—185-yillar mil. avv. Brixadratxa
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Mauryalar imperiyasi — keng hududni egallagan, Qadimgi Hindistonda temir davrida (mil. avv. 322—187-yillarda) mavjud bo‘lgan davlat. Unga Chandragupta Maurya asos solgan, poytaxti esa Pataliputra (hozirgi Patna) edi. Imperiya Hindiston yarimorolida mavjud bo‘lgan eng yirik siyosiy tuzilma bo‘lib, eng qudratli davrida 5 million kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan. Bu davr hukmdori Ashoka edi.

Taxminan mil. avv. 322-yilda Chandragupta Maurya Chanakya (Kautilya nomi bilan ham tanilgan) yordamida qo‘shin to‘pladi va Nanda imperiyasini ag‘dardi. Chandragupta Markaziy va G‘arbiy Hindiston orqali g‘arbga tomon o‘z hokimiyatini tezda kengaytirib, Iskandar Zulqarnayn qoldirib ketgan satraplarni bo‘ysundirdi va mil. avv. 317-yilga kelib imperiya Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismini to‘liq egalladi. Shundan so‘ng Chandragupta Maurya Salavk I (Salavkiylar imperiyasi asoschisi)ni mag‘lub etib, Hind daryosining g‘arbidagi hududlarni qo‘lga kiritdi.

Imperiya tabiiy chegaralar bo‘ylab — Himolay tog‘lari bo‘ylab, sharqda Assamgacha, g‘arbda Balujistongacha (Pokistonning janubi-g‘arbi va Eronning janubi-sharqi) hamda Hindikushgacha (Afg‘onistonning sharqiy qismi) cho‘zilgan edi. Chandragupta va Bindusara hukmronligi davrida davlat Hindistonning janubiy hududlariga ham yoyildi, faqat Kalinga (hozirgi Odisha) Ashoka tomonidan zabt etilguniga qadar bundan mustasno edi. Ashoka hukmronligidan 50 yil o‘tgach, davlat katta hududlarni yo‘qotdi va parchalanib ketdi. Bu Magadhada Shunga sulolasining hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq edi.

Chandragupta Maurya va uning vorislari davrida yagona va samarali moliya, boshqaruv hamda xavfsizlik tizimi yaratilgani tufayli butun Janubiy Osiyoda ichki va tashqi savdo, qishloq xo‘jaligi hamda iqtisodiy faoliyat ravnaq topib, kengaydi. Mauryalar sulolasi Buyuk magistral yo‘lni — Hindiston subkontinentini Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi, Osiyodagi eng qadimiy va eng uzun savdo yo‘llaridan birini barpo etdi. Kalinga urushidan keyin imperiya Ashoka boshchiligida qariyb yarim asr markazlashgan boshqaruv davrini boshdan kechirdi. Chandragupta Mauryaning jaynizmni qabul qilishi Janubiy Osiyodagi ijtimoiy-diniy islohotlarni kuchaytirdi, Ashokaning buddaviylikni qabul qilishi esa ushbu dinning Shri-Lankada, Hindistonning shimoli-g‘arbida, Markaziy Osiyoda, Janubi-Sharqiy Osiyoda, Misrda va ellinistik Yevropada tarqalishiga imkon berdi.

Tarixi

Chandragupta Maurya va Chanakya

Mauryalar imperiyasiga Chandragupta Maurya tomonidan Chanakya ko‘magida Takshashilada (mashhur ta’lim markazida) asos solingan. Bir nechta rivoyatga ko‘ra, Chanakya Magadha davlatiga (qudratli qo‘shinga ega davlatga) Iskandar Zulqarnaynga qarshi kurash boshlash maqsadida borgan, ammo hukmdor Dxana Nanda uni haqoratlab, kamsitgan. Chanakya qasos olishga va Nanda sulolasini yo‘q qilishga qasamyod qilgan. Shu orada makedoniyalik Iskandarning qo‘shinlari Beas daryosidan o‘tib, sharqqa tomon yurishni davom ettirmadi, chunki ular Magadha bilan jang qilishni istamas edi. Iskandar Bobilga qaytdi va qo‘shinining katta qismini Hind daryosidan g‘arbga ko‘chirdi. Iskandar mil. avv. 323-yilda Bobilda vafot etganidan ko‘p o‘tmay, uning imperiyasi mustaqil davlatlarga bo‘linib ketdi va ularni diadoxlar boshqara boshladi.

Yunon sarkardalari Evdam va Peyton esa Hind daryosi vodiysida taxminan mil. avv. 317-yilgacha hukmronlik qildilar. O‘sha yili Chandragupta Maurya (endi uning maslahatchisi bo‘lgan Chanakya yordamida) yunon hukmdorlarini quvib chiqarish uchun qo‘zg‘olon uyushtirdi va markazi Magadhada bo‘lgan holda Hind daryosi vodiysini egalladi. Chandragupta Mauryaning hokimiyatga kelishining qonuniyligi sirlar va ziddiyatlarga burkangan. Bir tomondan, qadimgi hind manbalarining ayrimlarida, jumladan, «Mudrarakshasa» (Rakshasaning muhrli uzugi: Rakshasa Magadhaning bosh vaziri bo‘lgan) dramasida, muallif Vishakxdatta Chandraguptaning podshohlar avlodidan ekanini tasvirlaydi va hatto uni Nanda oilasi bilan bog‘laydi. Maurya nomi bilan tanilgan kshatriylar urug‘i eng qadimgi buddaviy matnlardan biri — «Maxaparinibbana-sutta»da tilga olinadi. Biroq qo‘shimcha tarixiy dalillarsiz biror xulosa chiqarish qiyin. Chandragupta yunon manbalarida ilk bor «Sandrokottos» nomi bilan uchraydi.

Chandragupta Maurya

Magadhaning zabt etilishi

Chandragupta Maurya va Chanakya birgalikda Magadha taxtini egallashga qaror qildilar. Chandragupta o‘z razvedka tarmog‘idan foydalanib, Dxana Nanda hukmronligidan norozi bo‘lgan Magadha va boshqa viloyatlardagi ko‘plab yoshlarni, shuningdek, uzoq davom etadigan urush uchun qo‘shiniga zarur resurslarni to‘pladi. Bu odamlar orasida Taksilaning sobiq sarkardasi, Chanakyaning tajribali shogirdlari, hukmdor Parvatakaning vakili, uning o‘g‘li Malayaketu va kichik davlatlar hukmdorlari bor edi. Makedoniyaliklar (hind manbalarida yona yoki yavana deb atalgan) ehtimol boshqa guruhlar bilan birgalikda Chandragupta Mauryaning Nanda sulolasiga qarshi qurolli qo‘zg‘olonida qatnashgan. «Mudrarakshasa» — Vishakxdatta asari, shuningdek, jaynizmga oid «Parishishtaparvan» asarida Chandraguptaning Himolay hukmdori Parvataka bilan ittifoqi haqida so‘z boradi. Parvataka ko‘pincha Por bilan aynanlashtiriladi, garchi bu fikrni barcha tarixchilar ham qabul qilmagan bo‘lsa-da. Himolaydagi bu ittifoq Chandraguptaga yavanalar (yunonlar), kambojalar, shakalar (skiflar), kiratalar (Himolay aholisi), parasikalar (forslar) va baxlikalardan (baqtriyaliklar) tashkil topgan qudratli qo‘shin berdi. Ular Pataliputrani (shuningdek, «Kusumapura» deb atalgan, tarjimasi — «gullar shahri») egalladilar.

Pataliputraga bostirib kirishga tayyorlanar ekan, Chandragupta yangi strategiya ishlab chiqdi. Jang bo‘lishi e’lon qilindi va Magadha qo‘shini Maurya kuchlari bilan jang qilish uchun shahardan uzoqdagi jang maydoniga olib chiqildi. Shu orada Maurya sarkardasi va josuslari Nandaning poraxo‘r sarkardasini pora berib o‘z tomonlariga og‘dirdilar. Shuningdek, u podsholikda fuqarolar urushi muhitini yaratishga muvaffaq bo‘ldi, bu esa taxt vorisining o‘limi bilan avjiga chiqdi. Chanakya xalqni Nandalarga qarshi chiqishga ko‘ndirdi. Oxir-oqibat Nanda hokimiyatdan voz kechib, uni Chandraguptaga topshirdi va surgunga ketdi; shundan keyin u haqida hech kim hech narsa eshitmadi. Chanakya bosh vazir Rakshasa bilan bog‘lanib, uning sadoqati Nanda sulolasiga emas, Magadhaga tegishli ekanini tushuntirdi va o‘z vazifalarini bajarishda davom etishini talab qildi. Chanakya, shuningdek, uning qarshiligi Magadhaga katta zarar yetkazadigan va shaharni vayron qiladigan urushni boshlab berishini yana bir bor ta’kidladi. Rakshasa Chanakyaning taklifini qabul qildi va Chandragupta Maurya qonuniy ravishda Magadhaning yangi hukmdori etib tayinlandi. Rakshasa Chandraguptaning bosh maslahatchisi, Chanakya esa oliy martabali davlat arbobi bo‘ldi.

Chandragupta Maurya

Mil. avv. 305-yilda Chandragupta Iskandar Zulqarnayn g‘arbga qaytayotganda qoldirib ketgan satrapliklarni egallash uchun bir qator yurishlar o‘tkazdi. Bu vaqtda ushbu hududni Salavk I boshqarar edi, biroq u Chandragupta ustidan g‘alaba qozona olmadi. Ikki hukmdor mil. avv. 303-yilda tinchlik shartnomasi, jumladan, nikoh ittifoqini tuzdi. Chandragupta Paropamisada (Kamboja va Gandxara), Araxosiya (Qandahor) va Gedrosiya (Balujiston) satrapliklarini egalladi, Salavk I esa 500 ta jangovar fil oldi. Bu fillar uning g‘arbiy ellinistik podshohlar ustidan Ips jangida mil. avv. 301-yilda qozongan g‘alabasida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Diplomatik aloqalar o‘rnatildi va bir nechta yunon, jumladan, tarixchi Megasfen, Deymakos va Dionisiy Mauryalar poytaxtida yashadi. Xususan, Megasfen Chandragupta Maurya saroyidagi mashhur yunon elchisi edi. Arrian ma’lumotiga ko‘ra, elchi Megasfen (taxminan mil. avv. 350—290-yillar) Araxosiyada yashagan va Pataliputraga borgan.

Chandragupta poytaxti Pataliputra bo‘lgan kuchli markazlashgan davlatni yaratdi. Megasfenning yozishicha, shahar «64 ta darvoza va 570 ta minorasi bo‘lgan yog‘och devor bilan o‘ralgan» edi. Shahar me’morchiligi o‘sha davrdagi fors shaharlari me’morchiligiga ko‘p jihatdan o‘xshardi.

Hukmronligining oxirida Chandragupta taxtdan voz kechdi va jaynizm ustozi Bxadrabaxuga ergashdi. Rivoyatlarga ko‘ra, u Shravanabelagolada vafotigacha bir necha yil tarkidunyo qilib yashagan va jaynizmning sallexana amaliyotiga amal qilgan.

Bindusara

Bindusara — Chandraguptaning, ya’ni Mauryalar imperiyasi asoschisining o‘g‘li. XII asrda yashagan jayn yozuvchisi Xemachandraning «Parishta-parvan» asariga ko‘ra, Bindusaraning onasi Durdxara ismli bo‘lgan. Ayrim yunon manbalarida u «Amitroxat» nomi bilan ham tilga olinadi.

Tarixchi Upinder Singxning fikricha, Bindusara taxtga taxminan mil. avv. 297-yilda chiqqan. Atigi 22 yoshda bo‘lgan Bindusara hozirgi Shimoliy, Markaziy va Sharqiy Hindiston, shuningdek, Afg‘oniston va Balujistondan iborat ulkan imperiyani meros qilib oldi. Bindusara bu imperiyani Hindistonning janubiy qismiga, hozirgi Karnataka hududigacha kengaytirdi. U o‘n oltita davlatni Mauryalar imperiyasiga bo‘ysundirdi va shu tariqa deyarli butun Hindiston yarimorolini zabt etdi (rivoyatlarga ko‘ra, u «ikki dengiz orasidagi yer»ni — Bengaliya qo‘ltig‘i bilan Arabiston dengizi oralig‘idagi yarimorol hududini zabt etgan). Bindusara hukmdor Ilamchetchenni boshqargan Chola, shuningdek, Pandya va Chera kabi do‘stona tamil podsholiklarini bo‘ysundirmadi. Ushbu janubiy davlatlardan tashqari, Kalinga (hozirgi Odisha) Hindistondagi Bindusara imperiyasi tarkibiga kirmagan yagona podsholik edi. Keyinchalik uni uning o‘g‘li Ashoka zabt etdi.

Bindusaraning hayoti uning otasi Chandragupta yoki o‘g‘li Ashokaning hayoti kabi batafsil hujjatlashtirilmagan. Chanakya uning hukmronligi davrida ham bosh vazir vazifasida ishlashda davom etdi. Hindistonga tashrif buyurgan o‘rta asr tibet olimi Taranatxaning yozishicha, Chanakya Bindusaraga «o‘n oltita podsholikning zodagonlari va podshohlarini yo‘q qilishga hamda shu tariqa sharqiy va g‘arbiy okeanlar orasidagi hududning mutlaq hukmdoriga aylanishga» yordam bergan. Uning hukmronligi davrida Taksila aholisi ikki marta qo‘zg‘olon ko‘tardi. Birinchi qo‘zg‘olonga uning to‘ng‘ich o‘g‘li Susimaning yomon boshqaruvi sabab bo‘ldi. Ikkinchi qo‘zg‘olonning sababi noma’lum, ammo Bindusara uni tirikligida bostira olmadi. Bindusara vafotidan keyin uni Ashoka bostirdi. Bindusara yunon dunyosi bilan do‘stona diplomatik aloqalarni saqlab turdi. Deymax Salavkiylar imperatori Antiox Ining Bindusara saroyidagi elchisi edi. Diodorning ta’kidlashicha, Palibotra (Pataliputra) podshohi yunon yozuvchisi Yambulusni qutlab kutib olgan.

Jaynizmni qabul qilgan otasi Chandraguptadan farqli ravishda, Bindusara ajivika diniy oqimiga e’tiqod qilgan. Bindusaraning ustozi Pingalavatsa (Janasana) ajivika oqimiga mansub brahman edi. Bindusaraning rafiqasi, malika Subxadrangi (malika Aggamaxesi) ham ajivika oqimiga mansub, Champadan (hozirgi Bxagalpur tumani) bo‘lgan brahman edi. Tarixiy ma’lumotlar Bindusara mil. avv. 270-yillarda vafot etganini ko‘rsatadi.

Ashoka

Ashoka ustuni, Vayshali, Bihar, Hindiston
Podshoh Ashokaning farmoni: yunoncha (yuqorida) va oromiycha (pastda) matnlar (topilgan joyi — Qandahor, Kobul muzeyi)

Yosh shahzoda sifatida Ashoka (taxminan mil. avv. 272—232-yillar) Ujjayn va Takshashiladagi qo‘zg‘olonlarni bostirgan mohir sarkarda edi. Hukmdor sifatida u katta maqsadlarni ko‘zlagan va tajovuzkor siyosat olib borgan, imperiyaning Janubiy va G‘arbiy Hindistondagi ustunligini qayta tiklagan. Ammo aynan uning Kalingani zabt etishi (mil. avv. 262—261-yillar) hayotidagi burilish nuqtasiga aylandi. Ashoka Kalingadan keng hudud ustidan hukmronlik o‘rnatish uchun foydalandi va u yerda mudofaa inshootini barpo etdi. Ashoka qo‘shini podshoh askarlari va fuqarolik bo‘linmalaridan tashkil topgan Kalinga kuchlarini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu urush natijasida taxminan 100 000 askar va tinch aholi vakili, jumladan, Ashokaning 10 000 dan ortiq askari halok bo‘ldi. Yuz minglab odamlar vayronagarchilik va urush oqibatlaridan aziyat chekdi. Ushbu voqealardan so‘ng Ashoka vijdon azobini his qila boshladi. Kalinganing qo‘shib olinishi yakunlangan bo‘lsa-da, Ashoka buddaviylik ta’limotini qabul qildi va urush hamda zo‘ravonlikdan voz kechdi. U missionerlarni Osiyo bo‘ylab safar qilish va boshqa mamlakatlarda buddaviylikni yoyish uchun yubordi.

Ashoka aximsa tamoyillarini amalga oshirib, ov qilish va zo‘ravonlik qo‘llanadigan sport mashg‘ulotlarini taqiqladi hamda majburiy mehnatga chek qo‘ydi (urush vayron qilgan Kalingada ko‘p minglab odamlar katorga ishlarida ishlashga majbur qilingan edi). Ashoka Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan do‘stona munosabatlarni kengaytirdi va buddaviylik missiyalariga homiylik qildi. U butun mamlakat bo‘ylab jamoat inshootlarini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. 40 yillik tinchlik, totuvlik va farovonlik davomida Ashoka Hindiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli va mashhur hukmdorlardan biriga aylandi. U hozirgi Hindistonda ham ideal va ilhom manbai sifatida qadrlanadi.

Ashokaning toshga o‘yib yozilgan farmonlari butun subkontinent bo‘ylab uchraydi. Ashokaning farmonlarida uning siyosati va yutuqlari bayon etilgan. Ular asosan prakrit tilida yozilgan bo‘lsa-da, ikkitasi yunon tilida, bittasi esa yunon va oromiy tillarida yozilgan. Ashokaning farmonlarida yunonlar, kambojalar va gandxaralar uning imperiyasining chegara hududini shakllantirgan xalqlar sifatida tilga olinadi. Ular, shuningdek, Ashoka g‘arbdagi, O‘rta dengizgacha bo‘lgan hududlarda hukmronlik qilgan yunon hukmdorlariga elchilar yuborganidan dalolat beradi. Farmonlarda o‘sha davrdagi ellin dunyosining buddaviy missionerlar tashrif buyurgan hukmdorlarining har biri aniq nomlangan, jumladan, Amtiyoko (Antiox), Tulamaya (Ptolemey), Amtikini (Antigon), Maka (Magas) va Alikasudaro (Aleksandr).

Imperiyaning boshqaruv tuzilishi

Imperiya to‘rtta viloyatga bo‘lingan bo‘lib, uning poytaxti Pataliputrada joylashgan edi. Ashoka farmonlaridan to‘rtta viloyat poytaxtining nomi ma’lum: Tosali (sharqda), Ujjayn (g‘arbda), Suvarnagiri (janubda) va Taksila (shimolda). Viloyat ma’muriyatining rahbari Kumara (podshoh oilasiga mansub shahzoda) bo‘lib, u podshohning vakili sifatida viloyatlarni boshqargan. Kumaraga maxamatyalar va vazirlar kengashi yordam bergan. Ushbu tashkiliy tuzilma imperiya miqyosida ham imperator va uning Mantriparishadi (Vazirlar kengashi) ko‘rinishida aks etgan. Tarixchilarning taxminicha, imperiyaning tuzilishi Kautilyaning «Artxashastra» asarida tasvirlangan keng qamrovli byurokratik tizimga mos kelgan: murakkab davlat xizmati shahar sanitariyasidan tortib xalqaro savdogacha hamma narsani tartibga solgan. Imperiyani kengaytirish va himoya qilish uning dunyodagi eng yirik qo‘shinlardan biriga ega bo‘lgani tufayli mumkin bo‘lgan. Megasfen ma’lumotlariga ko‘ra, imperiya qo‘shini hamrohlari va xizmat ko‘rsatuvchi kishilardan tashqari 600 000 piyoda askar, 30 000 otliq askar, 8 000 jang aravasi va 9 000 jangovar fildan iborat edi. Keng josuslik tizimi ichki va tashqi xavfsizlik uchun ma’lumotlar to‘plagan. Ashoka hujumkor urushlar va hududlarni kengaytirish siyosatidan voz kechgan bo‘lsa-da, imperiyani himoya qilish hamda butun G‘arbiy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va tinchlikni saqlash uchun bu katta qo‘shinni saqlab turishda davom etdi.

Iqtisodiyoti

Janubiy Osiyoda ilk bor siyosiy birlik va harbiy xavfsizlik yagona iqtisodiy tizimni yaratish, qishloq xo‘jaligi unumdorligi oshishi bilan savdo-sotiqni kengaytirish imkonini berdi. Yuzlab podsholiklar, ko‘plab kichik qo‘shinlar, qudratli mintaqaviy yetakchilar va o‘zaro urushlar bilan tavsiflangan avvalgi holat o‘rnini intizomli markaziy hokimiyat egalladi. Dehqonlar mahalliy podshohlarning soliqlari va hosil yig‘imlari yukidan ozod etildi. Buning o‘rniga «Artxashastra» tamoyillariga muvofiq qat’iy, ammo adolatli yagona umummilliy soliq tizimi joriy etildi. Chandragupta Maurya butun Hindistonda yagona pul birligini joriy etdi, mintaqaviy hokimlar va ma’murlar tarmog‘i hamda davlat xizmati savdogarlar va dehqonlar uchun adolat va xavfsizlikni ta’minladi. Mauryalar qo‘shini ko‘plab qaroqchilarni, mintaqaviy xususiy qo‘shinlarni va kichik hududlarda o‘z ustunligini o‘rnatishga intilgan nufuzli yetakchilarni yo‘q qildi. Daromad yig‘ish imkoniyatlari cheklanganiga qaramay, Maurya hukmdori unumdorlikni oshirish uchun ko‘plab jamoat ishlarini va suv yo‘llari qurilishini moliyalashtirdi. Shu bilan birga, yangi tiklangan siyosiy birlik va ichki tinchlik tufayli Hindistondagi ichki savdo sezilarli darajada kengaydi.

Hind-yunon do‘stlik shartnomasiga muvofiq va Ashoka hukmronligi davrida xalqaro savdo tarmog‘i kengaydi. Pokiston va Afg‘onistonning hozirgi chegarasidagi Xaybar dovoni tashqi dunyo bilan savdo va aloqaning strategik muhim nuqtasiga aylandi. Yunon davlatlari va G‘arbiy Osiyodagi yunon podsholiklari Hindistonning muhim savdo hamkorlariga aylandi. Savdo Malay yarimoroli orqali Janubi-Sharqiy Osiyoga ham tarqaldi. Hindiston eksporti ipak buyumlar va to‘qimachilik mahsulotlari, ziravorlar hamda ekzotik mahsulotlarni o‘z ichiga olgan. Mauryalar imperiyasi bilan savdo kengaygani sari tashqi dunyo yangi ilmiy bilimlar va texnologiyalar bilan tanishdi. Ashoka, shuningdek, minglab yo‘llar, suv yo‘llari, kanallar, kasalxonalar, dam olish uylari va boshqa jamoat inshootlari qurilishini moliyalashtirdi. Haddan tashqari qat’iy boshqaruv amaliyotlarining ko‘pchiligini, jumladan, soliq va hosil yig‘imlariga oid tartiblarni yumshatish butun imperiyada unumdorlik va iqtisodiy faollikning oshishiga yordam berdi.

Dini

Jaynizm

Chandragupta Maurya hokimiyatdan ketganidan so‘ng, jayn rohiblarining sayyor guruhiga qo‘shilish uchun taxti va moddiy boyliklaridan voz kechganida jaynizmni qabul qildi. Chandragupta jayn rohibi Acharya Bxadrabaxuning shogirdi edi. Rivoyatlarga ko‘ra, u hayotining so‘nggi kunlarida Karnataka shtatidagi Shravana-Belgolada jaynizmning qat’iy, ammo o‘zini poklashga qaratilgan santxara marosimiga (o‘limgacha ro‘za tutishga) amal qilgan. Ashokaning nabirasi Samprati ham jaynizmga homiylik qilgan. Samprati Suxastin kabi jayn rohiblarining ta’limoti ta’sirida bo‘lgan va rivoyatlarga ko‘ra, butun Hindiston bo‘ylab 125 000 derazar (jayn ibodatxonasi) qurdirgan. Ularning ayrimlari hozirgacha Ahmadobod, Viramgam, Ujjayn va Palitana shaharlarida uchraydi. Samprati jaynizmni yoyish uchun Yunoniston, Fors va Yaqin Sharqqa elchilar hamda targ‘ibotchilar yuborgan, ammo hozirgacha bu sohada hech qanday tadqiqot o‘tkazilmagan. Shu tariqa jaynizm Mauryalar hukmronligi davrida muhim hayotiy kuchga aylandi. Janubiy Hindistonda jaynizmning tarqalishi Chandragupta va Samprati faoliyati bilan bog‘lanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, ularning hukmronligi davrida yuz minglab ibodatxonalar va stupalar barpo etilgan.

Buddaviylik

Imperiya markazi bo‘lgan Magadha buddaviylikning tug‘ilgan joyi ham edi. Ashoka dastlab hinduizmga e’tiqod qilgan, keyinchalik esa buddaviylikni qabul qilgan. Kalinga urushidan keyin u hududlarni kengaytirish siyosati va tajovuzkorlikdan, shuningdek, «Artxashastra»ning kuch ishlatish, politsiya nazoratini kuchaytirish, soliq yig‘ish va isyonchilarga qarshi shafqatsiz choralar ko‘rishga oid qat’iy ko‘rsatmalaridan voz kechdi. Ashoka o‘z o‘g‘li Maxinda va qizi Sangxamitta boshchiligidagi missiyani Shri-Lankaga yubordi. U yerning podshohi Tissa buddaviylik g‘oyalaridan shu qadar ta’sirlandiki, ularni o‘zi ham qabul qildi va buddaviylikni davlat diniga aylantirdi. Ashoka G‘arbiy Osiyo, Yunoniston va Janubi-Sharqiy Osiyoga ko‘plab buddaviylik missiyalarini yubordi, butun imperiya bo‘ylab monastirlar va maktablar qurishni, shuningdek, buddaviy adabiyotlarni nashr etishni buyurdi. U Hindistonda 84 000 tagacha stupa, jumladan, Sanchi va Maxabodxi ibodatxonalari kabi inshootlarni barpo ettirgan, Afg‘oniston, Tailand va Shimoliy Osiyoda, jumladan, Sibirda buddaviylikning ommalashuviga hissa qo‘shgan deb hisoblanadi. Ashoka o‘z poytaxti yaqinida Hindiston va Janubiy Osiyo buddaviylik jamoalarining Uchinchi buddaviylik kengashini chaqirishga yordam berdi. Kengash buddaviylikni isloh qilish va keng yoyish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdi. Hind savdogarlari buddaviylikni qabul qildilar va butun Mauryalar imperiyasi bo‘ylab dinning tarqalishida katta rol o‘ynadilar.

Me’morchilik

Bu davrning Chandragupta Maurya hukmronligi vaqtida yaratilgan eng buyuk yodgorligi Kumxrar hududidagi qadimgi saroy edi. Kumxrardagi qazishmalar vaqtida saroy qoldiqlari topildi. Saroy binolar majmuasidan iborat bo‘lgan deb hisoblanadi. Ularning eng muhimi baland yog‘och konstruksiyasi bilan mustahkamlangan ulkan ustunli zal edi. Ustunlar tartibli qatorlarga joylashtirilgan bo‘lib, zalni bir necha kichik kvadrat bo‘limlarga ajratgan. Ustunlar soni 80 ta bo‘lib, har birining balandligi taxminan 7 metr edi. Voqea guvohi Megasfenning yozishicha, saroy asosan yog‘ochdan qurilgan va Suza hamda Ekbatana saroylaridan ustun va hashamatliroq hisoblangan. Uning zarhal ustunlari oltin tok novdalari va kumush qushlar bilan bezatilgan. Binolar baliqli hovuzlar va turli manzarali daraxtlar hamda butalar bilan bezatilgan keng bog‘da joylashgan edi. Ashoka hukmronligi davrida ayrim ustunlar tosh ustunlarga almashtirildi.

Ashoka davrida tosh me’morchiligi nihoyatda xilma-xil ko‘rinishga ega bo‘lib, baland, alohida turuvchi ustunlar, stupalarning to‘siqlari, sher shaklidagi taxtlar va boshqa ulkan haykallardan iborat edi. Bu davrda toshga ishlov berish shu qadar mukammallikka erishdiki, hatto tosh san’atining kichik bo‘laklari ham nozik emalni eslatuvchi yaltiroq jilo bilan sayqallangan. Ushbu davr buddaviylik me’morchiligi maktabiga asos soldi. Ashoka katta gumbaz shaklida bo‘lgan va Budda ramzlarini o‘zida mujassam etgan bir nechta stupaning qurilishiga mas’ul edi. Ularning eng muhimlari Sanchi, Bxarxut, Amaravati, Bodxgaya va Nagarjunakondada joylashgan. Mauryalar me’morchiligining eng keng tarqalgan namunalari Ashoka ustunlari va toshga o‘yilgan Ashoka farmonlari bo‘lib, ular ko‘pincha nafis bezatilgan; 40 dan ortig‘i Hindiston subkontinenti bo‘ylab tarqalgan. Tovus Mauryalar sulolasining ramzi bo‘lgan, bu Ashokaning Nandangarxdagi ustunlarida va Sanchi stupasida aks ettirilgan.

Adabiyotlar

Havolalar

Davlatlar: Qadimgi Hindiston davlatlari (o‘rta tarixiy davr)
Davr:ShimolJanubPanjob (besh daryo o‘lkasi)

 VI asr mil. avv.
 V asr mil. avv.
 IV asr mil. avv.

 III asr mil. avv.
 II asr mil. avv.

 I asr mil. avv.
 I asr


 II asr
 III asr
 IV asr
 V asr
 VI asr
 VII asr
 VIII asr
 IX asr
X asr
XI asr


















(Ahamoniylar imperiyasi)
(Makedoniya imperiyasi)






(Birinchi islomiy istilo)