Maktabgacha yosh davri

Maktabgacha yosh davri — bolaning 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan psixik rivojlanish bosqichi. U to‘rtta davrga bo‘linadi:

  1. kichik maktabgacha yosh — 3 yoshdan 4 yoshgacha;
  2. o‘rta maktabgacha yosh — 4 yoshdan 5 yoshgacha;
  3. katta maktabgacha yosh — 5 yoshdan 6 yoshgacha.
  4. maktabga tayyorlov yosh davri — 6 yoshdan 7 yoshgacha
Maktabgacha yoshdagi bolalar bolalar bog‘chasida o‘z rasmlarini namoyish etmoqda.

Psixik rivojlanish

Sovet va Rossiya psixologiyasiga ko‘ra, har bir yosh davri rivojlanishning ijtimoiy vaziyati, yetakchi faoliyat va yangi psixik tuzilmalar bilan tavsiflanadi.

Rivojlanishning ijtimoiy vaziyati

Maktabgacha yosh bosqichida rivojlanishning ijtimoiy vaziyati bolaning kattalar bilan avvalgi birgalikdagi faoliyati parchalanishi bilan tavsiflanadi. Bola syujetli-rolli o‘yin orqali insoniy munosabatlar olamini kashf etadi. O‘yinda u kattalarning harakatlarini takrorlaydi va shu orqali kattalardek bo‘lish hamda harakat qilish intilishini ro‘yobga chiqaradi. Bola uchun ahamiyatli insonlar doirasi asta-sekin kengayadi va endi unga o‘yin sheriklari sifatida tengdoshlari ham kiradi.

Yetakchi faoliyat

Bu bosqichdagi yetakchi faoliyat — bolaning mavqeyini, dunyo va munosabatlarni qanday idrok etishini belgilovchi syujetli-rolli o‘yindir. Syujetli-rolli o‘yin orqali psixik faoliyatning turli sohalari rivojlanadi. O‘yin bola ijtimoiylashuvining bir shakli bo‘lib, uning ijtimoiy va shaxslararo munosabatlarni anglab olishiga yordam beradi.

Sovet psixologi D. B. Elkonin o‘yinning bola psixik rivojlanishiga ta’sirining 4 ta yo‘nalishini ajratib ko‘rsatgan:

  • Motivatsiya va ehtiyojlar sohasining rivojlanishi — inson faoliyatining funksiyalari, mazmuni va vazifalarini o‘zlashtirish. Bola jamiyat uchun ahamiyatli va ma’qullanadigan faoliyatga intiladi, motivlar ilk bor bir-biriga bo‘ysuna boshlaydi. Bu ularning iyerarxiyasi shakllanishi yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lib, maktabga psixologik tayyorgarlikni ta’minlaydi.
  • Bilishdagi «egotsentrizm»ni yengib o‘tish: bola o‘z nuqtayi nazarini boshqa nuqtayi nazar bilan taqqoslay boshlaydi, o‘z harakatlarini atrofidagilarning harakatlari bilan muvofiqlashtirishni o‘rganadi.
  • Tashqi harakatlardan ichki, aqliy rejadagi harakatlarga o‘tish bilan tavsiflanuvchi ideal rejaning rivojlanishi.
  • Qoidalarga bo‘ysunish orqali harakatlarni ixtiyoriy boshqarishning rivojlanishi.

Yangi psixik tuzilmalar

Maktabgacha yoshning markaziy yangi psixik tuzilmasi — mo‘ljal olish va tadqiq etish faoliyatining rivojlanishi bilan bog‘liq ko‘rgazmali-obrazli tafakkurning shakllanishidir. Xotira vositalari o‘zlashtiriladi, ixtiyoriy eslab qolish imkoniyati paydo bo‘ladi — xotira belgilar vositasida boshqariladigan xususiyat kasb etadi. Nutq faoliyatni rejalashtirish va tartibga solish vazifasini bajaradi.

Emotsional-shaxsiy sohadagi yangi psixik tuzilmalar motivlarning bir-biriga bo‘ysunishi va yangi motivlarning shakllanishi bilan bog‘liq. O‘z-o‘zini baholashning rivojlanishi real «Men» va ideal «Men»ning farqlanishiga yordam beradi. Emotsiyalar bolaning o‘z xulq-atvorini tartibga solish vazifasini bajara boshlaydi. Maktabga psixologik tayyorgarlik maktabgacha yoshdagi eng muhim kompleks yangi psixik tuzilma bo‘lib, xulq-atvorni ixtiyoriy boshqarish, shaxsiy va intellektual tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarning qo‘rquvlari

Dastlabki bolalarga xos (yoshga bog‘liq) qo‘rquvlar 1 yoshga to‘lmasdan paydo bo‘ladi. Ammo aynan maktabgacha yosh davrida ko‘plab bolalarda ko‘plab yangi qo‘rquvlar vujudga keladi. Masalan, 3 — 5 yoshda bola qorong‘ilik, yolg‘izlik va yopiq makondan qo‘rqadi. 5 — 6 yoshda ko‘plab bolalar o‘limdan qo‘rqa boshlaydi. O‘limdan keyingi hayotga ishonadigan bolalarda bu qo‘rquv ancha kuchsiz bo‘ladi. A. I. Zaxarovning ta’kidlashicha, korrelyatsion tahlil ma’lumotlariga ko‘ra, o‘limdan qo‘rqish bolalardagi bir qator boshqa qo‘rquvlar (hujum, qorong‘ilik, ertak qahramonlari va boshqalardan qo‘rqish) bilan bog‘liq. Biroq Belarusning Vitebsk shahrida o‘tkazilgan tadqiqot o‘limdan qo‘rqish maktabgacha yoshdagi bolalarda emas, balki kichik maktab yoshidagi bolalarda eng ko‘p tarqalganini ko‘rsatdi. Odatda bolalardagi qo‘rquv 3 — 4 hafta ichida o‘tib ketadi. Vitebskdagi tadqiqot ko‘rsatganidek (40 nafar bola 5 — 7 yoshda bo‘lib, bolalar bog‘chasiga qatnagan va so‘rovda ishtirok etgan), katta maktabgacha yosh davrida hayvonlar, qorong‘ilik, maxluqlar va ertak qahramonlari, kutilmagan va keskin tovushlar, yong‘inlardan qo‘rqish eng ko‘p uchraydi. Bolalar qo‘rquvlarini bartaraf etish uchun psixologik korreksiyaning turli usullari: art-terapiya, ertak terapiyasi va boshqalar qo‘llanadi.

Monitor ekrani oldida vaqt o‘tkazish

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga monitor ekrani oldida o‘tkazadigan vaqtni cheklash va uning o‘rniga jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishni tavsiya etadi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar bunday tavsiyalar hech qanday tushuntirishsiz berilganini muhokama qilmoqda: 2020-yil holatiga ko‘ra, bolalarning monitor ekrani oldida vaqt o‘tkazishi per se (o‘z-o‘zidan) psixik rivojlanish buzilishlarini keltirib chiqarishini tasdiqlovchi, sabab-oqibat bog‘liqligini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar mavjud emas. Olimlar kelajakda bu masalani yaxshiroq tushunish hamda quyidagilarni farqlashni taklif qilmoqda: a) bunday xulq-atvordagi me’yor va patologiya; b) bevosita va bilvosita ta’sir (masalan, sog‘lom kundalik faoliyat uchun ajratiladigan vaqtning qisqarishi); v) bola tomosha qiladigan kontent.

Jismoniy rivojlanish

Tibbiy nuqtayi nazardan bu bosqichga o‘sishning birinchi fiziologik jadallashuvi xos: tana vaznining ortishi sekinlashadi, qo‘l va oyoqlar uzunligi sezilarli darajada ortadi, yuz chiziqlari yaqqollashadi. Sut tishlari asta-sekin tushib, doimiy tishlar chiqa boshlaydi.

Birinchi jadal o‘sish o‘g‘il bolalarda 4 yoshdan 5,5 yoshgacha, qizlarda esa 6 yoshdan keyin kuzatiladi. Tana uzunligi oyoqlarning nisbatan ko‘proq o‘sishi hisobiga ortadi. 3-5 yoshda tana vazni bir maromda, yiliga 2 kg ga ortadi.

5 yoshgacha bosh aylanasi har yili 1 sm ga ortadi (5 yoshda — 50 sm), besh yoshdan keyin esa yiliga — 0,5 sm ga ortadi.

Ko‘krak qafasi aylanasi har yili 1,5 sm ga ortadi.

Mushaklar hali yetarlicha rivojlanmaganligi sababli tanani noto‘g‘ri tutish, uzoq vaqt tik turish yoki o‘tirish, o‘sishga to‘sqinlik qiluvchi mebel skeletning shakllanishiga salbiy ta’sir etishi va qomat buzilishiga olib kelishi mumkin. Maktabgacha yosh davrida immun himoya muayyan darajada yetiladi.

3 yoshda ilk bolalikdan maktabgacha yosh davriga o‘tish sodir bo‘ladi. Bu o‘tish uch yosh inqirozi deb ataladigan holat bilan tavsiflanadi. Sovet psixologi L. S. Vigotskiy uning ijobiy ahamiyatini tavsiflagan. Bolaning mustaqilligi ortib borishi fonida uning olam bilan ijtimoiy munosabatlarining tubdan yangi tizimi shakllanadi.

Inqiroz bolaning kattalar hayotida ishtirok etish istagi bilan avvalgi birgalikdagi faoliyatning parchalanishi o‘rtasida yuzaga keladigan ziddiyat hamda bolaning o‘z mustaqilligini qaror toptirishga urinishlari bilan tavsiflanadi. L. Vigotskiy ushbu o‘tish davrini tavsiflovchi inqiroz alomatlarini ajratib ko‘rsatadi:

  • Negativizm;
  • O‘jarlik;
  • Qaysarlik;
  • O‘zbilarmonlik;
  • Ilgari bola uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha narsalarning qadrsizlanishi;
  • Hukmronlikka intilish (despotizm);
  • Norozilik.

Uch yosh inqirozining yangi psixik tuzilmasi — o‘z yutuqlaridan faxrlanishdir. Bolaning o‘zini o‘zi anglashi shakllanadi va bu mustaqil mavqening qaror topishida namoyon bo‘ladi.

L. Vigotskiy mazkur yosh bosqichining yakuni sifatida 6-7 yosh inqirozini ko‘rib chiqadi. Uning asosiy alomatlari quyidagilardir:

  • Tabiiy va bevosita xulq-atvorning yo‘qolishi;
  • O‘z his-tuyg‘ulariga nisbatan «sir tutish» xususiyatining paydo bo‘lishi;
  • Avvalgi qiziqishlarning yo‘qolishi.

Ijtimoiy ahamiyatli mavqeni egallash va ko‘proq mustaqillikka erishish istagi paydo bo‘ladi. Bolaning dunyoga munosabati uning atrofidagi insonlar bilan munosabatlari xususiyatiga qarab tartibga solina boshlaydi.

Rivojlanishning turli konsepsiyalarida maktabgacha yosh davri

Freyd yaratgan psixoseksual rivojlanishni davrlashtirish bolaning instinktiv mayllarini qondirishga asoslanadi va jinsiy energiyaning erogen zonalar bo‘ylab ko‘chishi bilan bog‘liq. Bu psixik, aniqrog‘i, psixoseksual rivojlanishning besh bosqichidan o‘tishni belgilaydi: oral; anal; fallik. Freyd nazariyasiga ko‘ra, oral, anal va fallik bosqichlarning muvaffaqiyatli kechishi psixik jihatdan sog‘lom shaxs shakllanishini ta’minlaydi. Ushbu bosqichlardagi qiyinchiliklar voyaga yetgandan keyin turli psixologik muammolarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

J. Piajening intellekt rivojlanishiga oid operatsional konsepsiyasi

Intellekt rivojlanishiga oid operatsional konsepsiyani yaratgan J. Piaje fikriga ko‘ra, bola intellekti rivojlanishning quyidagi bosqichlaridan o‘tadi:

  • Sensomotor intellekt 0-2 yosh;
  • Reprezentativ intellekt va konkret operatsiyalar bosqichi 2-12 yosh;
  • Formal operatsiyalar 12 yoshdan boshlab.

Ushbu konsepsiyaga ko‘ra, 3-7 yoshda bola intuitiv ko‘rgazmali tafakkurning operatsiyalargacha bo‘lgan bosqichida bo‘ladi.

D. B. Elkoninning psixik rivojlanishni davrlashtirishi

Davrlashtirishni taklif qilgan D. B. Elkonin fikriga ko‘ra, bola rivojlanishida quyidagi bosqichlar ajratiladi:

  • Go‘daklik 0-1 yosh;
  • Ilk bolalik 1-3 yosh;
  • Maktabgacha bolalik 3-7 yosh;
  • Kichik maktab yoshi 7-12 yosh;
  • O‘smirlik yoshi 12-17 yosh.

Maktabgacha yoshdagi yetakchi faoliyat sifatida syujetli-rolli o‘yin ajratib ko‘rsatiladi — bu rolni qabul qilish orqali bolaning ijtimoiy munosabatlarda, inson faoliyatining mazmuni va motivlari tizimida mo‘ljal olishiga qaratilgan modellashtiruvchi faoliyatdir.

Adabiyotlar