Bosh aylanishi

Bosh aylanishi — atrofdagi fazo o‘z atrofida yoki o‘zi fazoda aylanayotgandek tuyulishi (tizimli bosh aylanishi) yoxud hushdan ketish yaqinlashayotgandek, o‘zini ishonchsiz va beqaror his qilish, gandiraklash sezgisi (tizimsiz bosh aylanishi).

Sayyoramiz aholisining taxminan 5 %i bosh aylanishidan aziyat chekadi. Bu simptom eng ko‘p uchraydigan belgilardan biri hisoblanadi, ayniqsa nevrologiyada, bunda undan ham ko‘proq uchraydigan yagona simptom — bosh og‘rig‘i.

Etiologiyasi

Bosh aylanishi — kasallik emas, balki ko‘plab kasalliklardan birining simptomi. Ushbu simptomning paydo bo‘lish sababini tushunish uchun bosh aylanishining ikki turidan qaysi biri kuzatilayotganini aniqlash muhim: tizimli (haqiqiy) yoki tizimsiz.

Tizimli bosh aylanishi — atrofdagi fazo o‘z atrofida yoki o‘zi fazoda aylanayotgandek tuyulishidir. Odatda u vestibulyar analizatorning zararlanishi bilan bog‘liq: xavfsiz paroksizmal pozitsion bosh aylanishi, Menyer kasalligi, vestibulyar nevrit, tarqoq skleroz, nevrinoma, insult.

Tizimsiz bosh aylanishi — boshqa barcha sezgilarni qamrab oladi: hushdan ketish yaqinlashayotgandek tuyulishi, o‘zini ishonchsiz his qilish, ko‘rishning xiralashishi, muvozanatni saqlay olmaslik va gandiraklash.

Bunday belgilar yurak-qon tomir tizimi va endokrin tizim kasalliklarida, nevrologik hamda ruhiy buzilishlarda yuzaga keladi. Ular ko‘pincha xavotir buzilishlari, anemiya, aritmiya, ortostatik gipotenziya, gipoglikemiya va gipoksiya holatlarida kuzatiladi.

Bosh aylanishining eng ko‘p uchraydigan sababi — xavfsiz paroksizmal pozitsion bosh aylanishi (XPPBA), bunda boshning holati o‘zgarganda, bosh egilganda va/yoki burilganda, yotoqqa yotganda, o‘rindan turganda va hokazolarda qisqa (5-30 soniyalik) bosh aylanishi xurujlari yuzaga keladi. Tinch holatda ular kuzatilmaydi. Odatda ko‘ngil aynishi va kamdan-kam hollarda qusishdan tashqari boshqa simptomlar bo‘lmaydi.

XPPBAni tashxislash va davolash uchun faqat maxsus manevrlar (masalan, Epli manevri) kerak. Bu holatda magnit-rezonans tomografiya (MRT) yoki kompyuter tomografiyasi (KT) diagnostik jihatdan foydali maʼlumot bermaydi. Dori vositalari bilan davolash samarasiz, chunki u kasallik sababiga taʼsir qila olmaydi (otolitlar — kalsiy karbonatning mikroskopik kristallari ichki quloq dahlizidan yarim doira kanallariga tushib qoladi. Bosh egilganda kanalning holati o‘zgaradi va undagi otolitlar og‘irlik kuchi taʼsirida siljiy boshlaydi. Aynan ularning harakati bosh aylanishi sezgisini keltirib chiqaradi). Otolitlar nima sababdan o‘z joyidan ajralib tushishi aksariyat hollarda nomaʼlum. 50 yoshgacha bu ko‘pincha jarohat yoki tebranish taʼsiri bilan bog‘liq: kalla-miya jarohati, bo‘yinning keskin bukilib-yozilishi natijasidagi jarohat, quloq yoki tishlarni davolash. 50 yoshdan keyin esa ko‘proq yoshga bog‘liq o‘zgarishlar sabab bo‘ladi.

Tashxislash

Bemorning shikoyatlari va anamnezini yig‘ish bosh aylanishining sababini aniqlashda juda muhim ahamiyatga ega. Bosh aylanishining tizimli yoki tizimsiz turga mansubligini aniqlash nihoyatda muhim.

Bosh aylanishining xususiyati va davomiyligi: u xuruj shaklida namoyon bo‘lishi yoki doimiy bo‘lishi, bir necha soniyadan bir necha soatgacha, hatto bir necha kungacha davom etishi mumkin.

Bosh aylanishiga hamroh bo‘ladigan simptomlar: sababidan qatʼi nazar, bosh aylanishi odatda u yoki bu darajada ko‘ngil aynishi va/yoki qusish, rang oqarishi, puls va arterial qon bosimining o‘zgarishi bilan kechadi. Bundan tashqari, sababiga qarab bosh aylanishi bilan birga boshqa simptomlar ham yuzaga kelishi mumkin: bosh og‘rig‘i, fotofobiya (yorqin yorug‘likka toqat qilolmaslik), eshitish qobiliyatining pasayishi, quloqda shovqin va bosim hissi, yutishning buzilishi, ovoz va nutqning o‘zgarishi, ko‘zga narsalarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi, xavotirlanish, uyquning buzilishi va kayfiyatning pasayishi.

Bosh aylanishini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan omillar: bosh yoki tana holatining o‘zgarishi, yo‘tal, baland tovushlar, muayyan vaziyat. Hech qanday qo‘zg‘atuvchi omilning mavjud emasligi ham ahamiyatga ega.

Qo‘shimcha maʼlumotlar: kalla-miya jarohati, o‘rta quloqning yallig‘lanish kasalliklari, endokrin buzilishlar, gipertoniya kasalligi, migren, epilepsiya, muayyan dori vositalarini qabul qilish.

Bu tafsilotlarning barchasini sinchiklab aniqlagan malakali mutaxassis taxminiy tashxis qo‘yishi mumkin. Ushbu tashxis 75 % hollarda vestibulyar funksiyani standart tekshiruvdan o‘tkazgandan so‘ng tasdiqlanadi. Qolgan hollarda qo‘shimcha tekshiruvlar talab qilinishi mumkin, ularning ko‘lamini shifokor belgilaydi.

Davolash

Davolash bosh aylanishiga sabab bo‘lgan asosiy kasallikka bog‘liq.

Xavfsiz paroksizmal pozitsion bosh aylanishi Semont, Epli va Brandt-Daroff manevrlari yordamida davolanadi. Vestibulyar neyronitni davolashda glyukokortikoid gormonlar qo‘llanadi. Menyer kasalligida diuretiklar, vestibulyar supressantlar (vestibulyar tizim faolligini susaytiruvchi vositalar), gormonlar va jarrohlik usullari qo‘llanadi. Psixogen bosh aylanishi antidepressantlar, trankvilizatorlar va psixoterapiya yordamida davolanadi.

Vestibulyar migren triptanlar yordamida davolanadi, zarur hollarda beta-blokatorlar, antidepressantlar va antikonvulsantlar bilan profilaktik davolash o‘tkaziladi.

Havolalar