Ijtimoiy adolat — quyidagi holatni ifodalash uchun qo‘llaniladigan tushuncha: adolatning qay darajada ta’minlanishi, bunda asosiy vosita — ijtimoiy institutlar. Ideal holatda ijtimoiy adolat — ayrim harakatlari bilan emas, balki o‘z tuzilishiga ko‘ra ijtimoiy-siyosiy huquqlar va moddiy ne’matlarning doimiy ravishda adolatli taqsimlanishini ta’minlaydigan institutsional tizimdir. Bunday taqsimot jamiyat va shaxs o‘rtasida amalga oshiriladi. Ijtimoiy adolat farovonlikning taqsimlanish mezonlari, teng imkoniyatlar va ijtimoiy imtiyozlarning mavjudligi bilan o‘lchanadi. Hozirgi global harakatda, ya’ni quyidan boshlangan tashabbuslar harakatida ijtimoiy mobillikka to‘sqinlik qiladigan omillarni bartaraf etish, ijtimoiy ta’minot va iqtisodiy adolat dasturlarini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ijtimoiy adolat bilan bog‘liq ijtimoiy institutlarga quyidagilar kiradi: soliq solish, ijtimoiy sug‘urta, sog‘liqni saqlash, davlat maktablari, davlat xizmatlari, mehnat huquqi va bozorlarni tartibga solish. Ushbu institutlarning vazifasi ne’matlarning adolatli taqsimlanishini va teng imkoniyatlarni ta’minlashdan iborat.
Ijtimoiy adolat atamasi 1780-yillarda qo‘llanila boshlagan, ammo bu tushunchaning rivojlanishini Avreliy Avgustin asarlaridan tortib Tomas Peyn asarlarigacha kuzatish mumkin.
AQShda progressivizm davrida huquqshunos olimlar, xususan, Lui Brendays va Rosko Paund bu atamani ko‘proq ishlata boshladilar. XX asr boshlarida va undan keyin bu atama xalqaro huquqqa va xalqaro institutlarga ham kirib keldi. XX asrning ikkinchi yarmida ijtimoiy adolat ijtimoiy shartnoma falsafasining markaziy unsuriga aylandi. Bu, xususan, Jon Rolzning «Adolat nazariyasi» asarida o‘z ifodasini topgan (1971).
Tarix
- Faylasuf Platon uchun adolat insoniy fazilatning bir qismi va jamiyatdagi odamlarni bir-biriga bog‘lovchi rishta edi. Adolat — ruh qismlarining tartibli va lozim darajadagi holati bo‘lib, tana uchun salomatlik qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, ruh uchun ham shunday ahamiyatga ega. Platon adolatni uyg‘unlikni ta’minlovchi kuch deb atagan. Adolat kuchlining huquqi emas, balki butun tizimning samarali uyg‘unligidir.
- Antik davrdagi adolat haqidagi tasavvurlar quldorlik va ayollarning ezilgan mavqei bilan yonma-yon mavjud bo‘lgan. Platon huquqlar faqat erkin kishilarga tegishli deb hisoblagan.
- Suqrot ijtimoiy shartnoma g‘oyasini rivojlantirgan mutafakkir deb hisoblanadi. Bu g‘oyaga ko‘ra, odamlar jamiyat ne’matlaridan foydalanishlari sababli ijtimoiy qoidalarga rioya qilishlari va majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishlari kerak. O‘rta asrlarda Foma Akvinskiy kabi diniy arboblar turli nuqtayi nazarlardan adolat masalasini muhokama qilishda davom etganlar, ammo ular, asosan, yaxshi fuqaroning hayotini Xudoga xizmat qilish bilan bog‘laganlar.
Tarixda Uyg‘onish va Reformatsiya davrlaridan keyin bir qator mualliflar inson salohiyatini rivojlantirish bilan bog‘liq ijtimoiy adolat konsepsiyasini qo‘llay boshladilar.
«Ijtimoiy adolat» atamasi ilk bor qachon qo‘llanilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Dastlabki manbalarni XVIII asrga oid Yevropa asarlari orasidan topish mumkin. Ushbu ibora Ma’rifatparvarlik ruhida nashr etilgan jurnallarning maqolalarida uchraydi. Ularda ijtimoiy adolat monarxning majburiyati sifatida ko‘rsatilgan. Bu tushuncha italiyalik katolik ilohiyotshunoslarning, xususan, iyezuitlarning kitoblarida ham uchraydi. Ushbu manbalarda ijtimoiy adolat jamiyatdagi shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi adolat sifatida tushunilgan, ijtimoiy-iqtisodiy tenglik va inson qadr-qimmati masalalari esa ko‘rib chiqilmagan.
XIX—XX asrlarda ijtimoiy adolat Amerika siyosiy va huquqiy falsafasining muhim mavzusiga aylandi. Bu, xususan, quyidagi mutafakkirlarning asarlarida namoyon bo‘ldi: Jon Dyui, Lui Brendays va Rosko Paund. Asosiy muammolardan biri AQSh Oliy sudining Loxner davridagi qarorlari edi. Bu qarorlar ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash uchun shtatlar darajasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini, xususan, sakkiz soatlik ish kuni yoki kasaba uyushmasiga birlashish huquqiga oid hujjatlarni bekor qilgan. Birinchi jahon urushidan so‘ng Xalqaro mehnat tashkilotining ta’sis hujjatida «tinchlik faqat ijtimoiy adolatga asoslangan taqdirdagina o‘rnatilishi mumkin» deb ta’kidlangan. Shu paytdan boshlab ijtimoiy adolat masalasi huquqiy va ilmiy muhokamalarning asosiy mavzularidan biriga aylandi.
20-asrda ijtimoiy adolat g‘oyasini amalga oshirishga urinish SSSRdan boshlab yangi davlatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Ammo insoniyat yangi turdagi ijtimoiy munosabatlarga tarixan tayyor bo‘lmagani sababli jamiyat kapitalizmga qaytdi. Shu bilan birga, «kelajakka ochilgan deraza» davri ijtimoiy munosabatlarning asosiy sohalarida ko‘plab ijtimoiy yutuqlarni meros qilib qoldirdi[manba 1905 kundan beri ko‘rsatilmagan].
XX asrning ikkinchi yarmida bir qator liberal va konservativ mutafakkirlar, xususan, Fridrix fon Hayek ushbu konsepsiyani hech qanday ma’noga ega emas yoki haddan tashqari ko‘p ma’noli deb hisoblab, rad etdilar.
Hayek quyidagi xulosaga keladi: «Biz “ijtimoiy adolat” misolida aslida kvazidiniy, ya’ni dinga o‘xshash bir xurofotga duch kelamiz. Unga e’tiqod qiluvchilarni baxtli qilsa, uni hurmat bilan o‘z holiga qo‘yish mumkin, ammo u boshqalarni majburlashga asos bo‘lib qolsa, unga qarshi kurashish lozim. Ijtimoiy adolatga bo‘lgan e’tiqodning kuchayishi hozirgi vaqtda erkin sivilizatsiyaning boshqa aksariyat qadriyatlari uchun eng katta tahdiddir». Shunga qaramay, bu konsepsiya, ayniqsa, uni ilgari surgan Jon Rolz kabi faylasuflar tufayli juda katta ta’sirga ega bo‘ldi. Ijtimoiy adolat turlicha tushunilsa-da, zamonaviy nazariyalarda kamida 3 ta umumiy unsur mavjud: davlatning muayyan hayotiy ahamiyatga ega ne’matlarni (masalan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni) taqsimlash majburiyati, inson qadr-qimmatini himoya qilish va har bir kishi uchun teng imkoniyatlarni ilgari surish.
Zamonaviy nazariya
Jon Rolz
Siyosiy faylasuf Jon Rolz utilitarizm namoyandalari Ieremiya Bentam va Jon Millning qarashlariga, Jon Lokkning ijtimoiy shartnoma g‘oyalariga hamda Immanuil Kantning kategorik imperativiga tayangan.
Ijtimoiy institutlarning o‘zaro qanchalik yaxshi hamkorlik qilishini tekshirish uchun Rolz ijtimoiy shartnoma nazariyasidan foydalangan. Rolzning fikricha, jamoaviy ravishda rioya qilinadigan ijtimoiy kelishuvlarning u yoki bu tizimi legitim, ya’ni qonuniy va asosli ekanini aniqlash uchun tizimning mafkuraviy jihatdan asoslangan adolat mezoniga obyektiv muvofiqligidan ko‘ra unda ishtirok etuvchi odamlarning rozilik darajasini aniqlash muhimroqdir.
Rolzga ko‘ra, har qanday yaxshi jamiyat kafolatlashi lozim bo‘lgan asosiy erkinliklar quyidagilardir:
- Vijdon erkinligi;
- Siyosiy erkinliklar (ya’ni vakillik demokratiyasi, so‘z erkinligi va matbuot erkinligi hamda yig‘ilishlar erkinligi);
- Shaxs uchun zarur erkinliklar (qullikdan ozodlik, erkin harakatlanish va mashg‘ulot turini tanlashda oqilona erkinlik);
- Boshqa huquq va erkinliklar, ular qonun bilan belgilanadi.
BMT
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ijtimoiy adolatni «mamlakatlar ichida va ular o‘rtasida tinch va farovon birga yashashning asosiy tamoyili» deb ataydi.
BMTning 2006-yildagi «Ochiq dunyoda ijtimoiy adolat: BMTning roli» nomli ma’ruzasida quyidagilar ta’kidlangan: «Ijtimoiy adolatni iqtisodiy o‘sish natijalarini adolat va hamdardlik tamoyillari asosida taqsimlash deb tushunish mumkin …»:16.
BMT «ijtimoiy adolat» atamasini «inson huquqlarini himoya qilish» tushunchasining sinonimi sifatida ko‘rgan va u ilk bor BMT matnlarida 1960-yillarning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan. Sovet Ittifoqining tashabbusi va rivojlanayotgan mamlakatlarning ko‘magi bilan ushbu atama 1969-yilda qabul qilingan Ijtimoiy taraqqiyot va rivojlanish to‘g‘risidagi deklaratsiyada qo‘llanilgan:52.
Xuddi shu hujjatda quyidagilar qayd etilgan: «BMT Ustavi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan global nuqtayi nazardan qaralganda, ijtimoiy adolatga uning barcha jihatlarida intilishni e’tiborsiz qoldirish amalda zo‘ravonlik, qatag‘on va tartibsizliklar hukm suradigan kelajakni qabul qilishni anglatadi»:6.