Gidronefroz nima

Gidronefroz
Урограмма почек, пораженных гидронефрозом
Urogramma — gidronefrozga uchragan buyraklar tasviri
XKT-11 GB56.4
XKT-10 N13.0-N13.3
XKT-10-KM N13.30
XKT-9 591
XKT-9-KM 591
DiseasesDB 6145
MedlinePlus 000506 va 000474
MeSH D006869
Логотип Викисклада Vikimedia Commons'dagi media fayllar

Gidronefroz (sin. buyrak istisqosi) — buyrak jomi va kosachalarining kengayishi ; bu holat buyrak jomi bilan siydik nayi tutashgan qismda (pieloureteral segmentda) siydik oqimining buzilishi natijasida yuzaga keladi; bu esa asta-sekin buyrak parenximasining atrofiyalanishiga olib kelishi mumkin. Yoshga qarab kasallik aholi orasida 0,6—4,5 % hollarda uchraydi. Asosiy belgi — buyrak jomining kengayishi, ya’ni siydik hosil bo‘lgach to‘planadigan joyning kengayishidir. Gidronefroz natijasida siydikning bir yoki ikkala buyrakda to‘planishi buyraklarning shishishiga va kattalashishiga olib kelishi mumkin. Gidronefroz o‘z vaqtida aniqlanib, davolash ham o‘z vaqtida boshlangan bo‘lsa, odatda uzoq muddatli muammolarni keltirib chiqarmaydi.

Buyrak jomining kengayishi (piyeloektaziya) bilan bir qatorda tug‘ma gidronefroz ko‘pincha ultratovush tekshiruvi orqali homila tekshirilganda prenatal skrininglar vaqtida aniqlanadi. Homiladorlik davrida odatda gidronefrozning yengil darajasi aniqlanadi. Bunday hollarda uning sababi, odatda, homilada siydik ishlab chiqarilishining ortishi deb hisoblanadi. Ko‘p hollarda go‘daklarda davolash talab etilmasligi ham mumkin.

Gidronefroz buyraklardan siydik pufagiga siydik oqimining to‘silishi, siydikning siydik pufagidan siydik naylariga qaytib oqishi, shuningdek, siydik chiqarish kanalining to‘silishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Davolash amalga oshirilmagan og‘ir holatlarda gidronefroz buyraklar faoliyatining to‘xtashiga, ya’ni surunkali buyrak kasalligiga olib kelishi mumkin. Davolash usuli gidronefrozning kelib chiqish sabablariga bog‘liq.

Gidronefrozga uchragan buyrakning ultratovush tasviri.

Tasnifi

Ushbu kasallik rivojlanishining uch bosqichi farqlanadi:

  • I bosqich — faqat buyrak jomi kengayadi, buyrak faoliyati o‘zgarmaydi yoki yengil darajada buziladi.
  • II bosqich — buyrak o‘lchami 15-20 % ga kattalashadi, buyrak jomi ancha kengayadi, uning devori yupqalashadi. Jomning siydikni bo‘shatish qobiliyati sezilarli darajada buziladi. Buyrak faoliyatining pasayishi 20-40 %.
  • III bosqich — buyrak o‘lchami 1,5-2 baravar kattalashadi. Jom va kosachalar keskin kengayadi, buyrak ko‘p kamerali bo‘shliqqa aylanadi. Jomning siydikni bo‘shatish qobiliyati keskin buziladi. Buyrak faoliyati 60-80 % ga kamayadi yoki butunlay yo‘qoladi.

Buyrak parenximasi atrofiyasining darajasiga qarab gidronefrozning 4 darajasi farqlanadi:

  • 1-daraja — parenxima saqlangan,
  • 2-daraja — parenximaning yengil shikastlanishi,
  • 3-daraja — sezilarli shikastlanish,
  • 4-daraja — parenxima yo‘q, buyrak faoliyat ko‘rsatmaydi.

Kelib chiqish sababiga ko‘ra gidronefroz tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin.

  • Tug‘ma gidronefrozda nefronning hujayraviy tuzilishida nuqson bo‘lishi mumkin yoki buyrak jomi bilan siydik nayi tutashgan qismning stenozi kuzatiladi; bunga stenoz, siydik nayining shilliq qavatidagi klapan, qo‘shimcha qon tomir tomonidan siqilish va hokazo sabab bo‘lishi mumkin.
  • Orttirilgan gidronefrozga siydik-tosh kasalligi,, o‘smalar, siydik yo‘llarining shikastlanishi sabab bo‘lishi mumkin.

Tug‘ma ham, orttirilgan ham gidronefroz aseptik yoki infeksiyalangan.

Klinik belgilari

Homila davridagi gidronefrozning differensial tashxisi algoritmi

Klinik jihatdan gidronefroz qorin og‘rig‘i, ikkilamchi pielonefrit va qorin bo‘shlig‘ida o‘smasimon hosila bilan namoyon bo‘ladi; uni paypaslash orqali aniqlash mumkin. Go‘daklarda birinchi navbatda qorin kattalashishi, hazm buzilishi (dispepsiya), qusish, bezovtalik va siydik chiqarish yo‘llari infeksiyasi belgilari kuzatiladi. Ikki tomonlama gidronefrozda bolaning rivojlanishi ortda qolishi mumkin.

Tashxis

Tashxis quyidagilarga asoslanadi: UTT, ekskretor urografiya va renografiya.

Prenatal diagnostika paytida kasallikning darajasi ultratovush tekshiruvi yordamida o‘lchanadigan buyrak jomining o‘lchamiga qarab aniqlanadi.

Prenatal diagnostika paytida buyrak jomi o‘lchamiga ko‘ra kasallikning og‘irlik darajasini aniqlash
Homiladorlik muddati Yengil O‘rtacha Og‘ir
2-trimestr 4 dan 10 mm gacha 10 dan 15 mm gacha 15 mm dan ortiq
3-trimestr 7 dan 10 mm gacha

Davolash

2-bosqichda davolash konservativ bo‘lib, siydik oqimini rag‘batlantirishga qaratiladi. Keyingi bosqichlarda buyrak jomi bilan siydik nayi tutashgan qismning o‘tkazuvchanligini tiklashga qaratilgan jarrohlik davolash masalasi ko‘rib chiqiladi. Masalan, nefrostoma o‘rnatish, bunda siydik oqimi tiklanadi va yallig‘lanish bartaraf etiladi.

Havolalar

Adabiyotlar

  • Alyayev Yu. G., Grigoryan V. A., Sultonova E. A., Strokov A. V., Bezrukov E. A. // Gidronefroz
  • Ahmedov Yu. M., Salamov A. S., Azizov M. K. Bolalarda gidronefroz (klinikasi, diagnostikasi, davolash). // Talabalar, shifokorlar, urologlar, nefrologlar va bolalar jarrohlari uchun uslubiy tavsiyalar. Samarqand, 1995-y. 27 b.
  • Cheskis A. L., Vinogradov V. I., Bachu R. M. Bolalarda gidronefrozni davolashda jom-siydik nayi segmenti rezektsiyasining patogenetik jihatdan asoslanganligi. // Bolalar urologlari ilmiy-amaliy konferensiyasi materiallari: «Bolalarda urologik patologiyani davolashning uzoq muddatli natijalarini baholashda zamonaviy texnologiyalar». Moskva, 2001. 143-144-b.
  • Muratov I. D., Kuzmichev P. P. Bolalarda gidronefrozni jarrohlik yo‘li bilan davolashni optimallashtirish. // «Bolalar urologiyasi va uning rivojlanish istiqbollari» ilmiy-amaliy konferensiyasi materiallari. Moskva, 1999. 89-b.