Gering illyuziyasi

Gering illyuziyasi

Gering illyuziyasi — optik illyuziya bo‘lib, nemis fiziologi Evald Gering tomonidan 1861-yilda aniqlangan. Rasmdagi ikkita vertikal chiziq aslida to‘g‘ri, ammo ular tashqariga egilgandek ko‘rinadi. Bunday buzilish chuqurlik haqida soxta tasavvur uyg‘otadigan fon tufayli yuzaga keladi. Ushbu illyuziyaning variantlaridan biri — Orbison illyuziyasi, Vundt illyuziyasi esa shunga o‘xshash, ammo teskari effektni yuzaga keltiradi.

Ushbu illyuziyani tushuntiruvchi bir nechta faraz mavjud. Gering bu illyuziyani chiziqlar kesishgan nuqtalardagi burchaklarning aslidan kattaroq ko‘rinishi sifatida tavsiflagan. Hodisani o‘rgangan ayrim tadqiqotchilarning taxminicha, burchaklarning kattaroq ko‘rinishiga yonlama tormozlanish (lateral inhibition)[ingl.] — ko‘ruv po‘stlog‘ida yuz beradigan jarayon — sabab bo‘ladi. Boshqa tadqiqotchilar esa buzilishni burchakning uch o‘lchamli tasviridan ikki o‘lchamli tasviriga o‘tish bilan izohlashgan.

Gering illyuziyasi (boshqa ayrim geometrik illyuziyalar qatori) ko‘rish tizimi bartaraf etishi kerak bo‘lgan vaqt kechikishlari tufayli yuzaga keladi, degan gipoteza ham mavjud. Ko‘rish tizimi axborotni ma’lum kechikish bilan qabul qiladi; ko‘zning to‘r pardasida obyektning ~ 100 ms oldin qanday ko‘ringan bo‘lsa, xuddi shunday tasviri paydo bo‘ladi. Gering illyuziyasida radial chiziqlar oldinga harakatlanayotgandek taassurot uyg‘otib, ko‘rish tizimini «aldaydi». Shakl aslida harakatsiz bo‘lgani uchun biz to‘g‘ri chiziqlarni egri chiziqlar sifatida idrok etamiz (ular keyingi lahzada qanday ko‘rinishi kutilsa, shunday).

Bu gipotezalar bir-biriga zid bo‘lmasligi ham mumkin. Gering illyuziyasi yorug‘lik oqimida (ekran markazidan tarqaladigan nurlanishda) ham, oqim ichkariga yoki tashqariga yo‘nalganidan qat’i nazar, yuzaga kelishi mumkin. Bu natijaga sabab — neyron tarmoqlarining faoliyati (masalan, birlamchi ko‘ruv po‘stlog‘i hujayralari).