Generativ sun’iy intellekt

Generativ sun’iy intellekt (generativ SI) — sun’iy intellekt (SI) tizimining bir turi bo‘lib, u matnlar, tasvirlar yoki aralash media-kontentni foydalanuvchi ko‘rsatmalariga (promptlariga) javoban yaratishga qodir. U ilk bor 2010-yillarning oxirida generativ raqobatlashuvchi tarmoqlar (GAN) va transformerlarning rivojlanishi tufayli yuzaga kelgan.

Generativ SI generativ modellardan foydalanadi, jumladan, yirik til modellaridan.

Mashhur generativ SI tizimlaridan biri ChatGPT — chat-botdir, uni yaratishda yirik til modellari GPT-3 va GPT-4 qo‘llanilgan. Shuningdek, Gemini — chat-bot bo‘lib, uni Google kompaniyasi LaMDAmodeli asosida yaratgan. Bundan tashqari, generativ SIga asoslangan badiiy tasvir yaratish tizimlariham mavjud, jumladan, Stable Diffusion va DALL-E.

Generativ SI dasturiy ta’minot yaratish, marketing va moda kabi turli sohalarda qo‘llanishi mumkin. 2020-yillarning boshlarida generativ SIga yo‘naltirilgan investitsiyalar keskin oshdi. Bu davrda Microsoft, Google va Baidukabi yirik kompaniyalar, shuningdek, ko‘plab kichik firmalar generativ modellarni faol ishlab chiqishga kirishdi.

Tarixi

Chuqur o‘rganish usullari paydo bo‘lishidan avval ma’lumotlarni generatsiya qilish uchun yashirin Markov modellari (HMM) va Gauss aralashmasi modellari (GMM) kabi statistik usullardan foydalanilgan. Generativ SI sohasidagi haqiqiy yuksalish 2010-yillarda mashinaviy o‘rganishdagi yutuqlar tufayli yuz berdi. 2014-yilda generativ raqobatlashuvchi tarmoqlar (GAN) va variatsion avtokodlovchilar (VAE) taqdim etildi. Ular neyron tarmoqlarga realistik tasvirlar va audio yaratish imkonini berdi.

2017-yilda Google tadqiqotchilari «transformer» arxitekturasini Attention Is All You Neednomli maqolada taqdim etdilar. Bu kuchli yirik til modellari (LLM) yaratilishiga turtki berdi hamda ChatGPT kabi vositalarga yo‘l ochdi. 2020-yillarning boshlarida diffuziya modellarikeng tarqalib, matnli tavsiflar asosida tasvir yaratish sifatini sezilarli darajada oshirdi.

Yo‘nalishlari

Generativ sun’iy intellekt tizimi juda katta ma’lumotlar to‘plamlarida o‘qituvchisiz o‘rganish yoki o‘z-o‘zini o‘rgatish usullarini qo‘llash orqali yaratiladi[manba 1026 kundan beri ko‘rsatilmagan]. Tizimning imkoniyatlari modallikka yoki axborot turiga bog‘liq.

Qo‘llanish sohalari

  • Moliyaviy xizmatlar (chat-botlar, firibgarlikka qarshi tizimlar, avtomatlashtirilgan tahlil);
  • Sog‘liqni saqlash va biotibbiy ishlanmalar (dori vositalarini ishlab chiqishni jadallashtirish, gen muhandisligi, tibbiy yordamchi dasturlar);
  • Avtomobil sanoati va ishlab chiqarish (detallar aerodinamikasini loyihalash, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash);
  • Multimedia va ko‘ngilochar soha (musiqaning yangi janrlarini yaratish, o‘yin ishlab chiqishda raqamli resurslar yaratish, ssenariylar yozish);
  • Telekommunikatsiyalar (mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, suhbatlashuvchi virtual agentlar);
  • Energetika (ma’lumotlarni prognozlash, energiya samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish).

Xavf-xatarlar va muammolar

Generativ SI rivojlanishi jamiyatda keng muhokama qilinayotgan bir qator axloqiy va huquqiy muammolarni keltirib chiqarmoqda:

  • SI gallyutsinatsiyalari: modellarning noto‘g‘ri yoki ma’nosiz ma’lumotni ishonch bilan haqiqiy fakt sifatida taqdim etishi.
  • Dipfeyklar va dezinformatsiya: sintez qilingan media-kontentdan o‘ta realistik soxta materiallar yaratish uchun foydalanish. Bu kiberxavfsizlikka tahdid soladi, firibgarlik va siyosiy dezinformatsiya xavfini kuchaytiradi.
  • Mualliflik huquqi: mualliflarga haq to‘lamasdan, mualliflik huquqi bilan himoyalangan matnlar, rasmlar va fotosuratlardan modellarni o‘qitishda foydalanish qonuniyligi yuzasidan sud jarayonlari davom etmoqda.
  • Mehnat bozoriga ta’siri: ijodiy va intellektual kasblarda (illyustratorlar, reklama matni mualliflari, ovozli dublyaj aktyorlari va dasturchilar) avtomatlashtirish oqibatida ish o‘rinlari yo‘qolishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.

Havolalar