| Galata minorasi | |
|---|---|
| turk. Galata Kulesi | |
| Galata minorasi | |
| Umumiy maʼlumotlar | |
| Avvalgi nomlari | lot. Christea Turris (Masih minorasi) |
| Vazifasi | Kuzatuv minorasi |
| Tarkibiga kiradi | Genuya dengiz savdo tarmogʻi: Oʻrta yer dengizidan Qora dengizgacha boʻlgan savdo manzillari va istehkomlar[Vikimaʼlumot] |
| Joylashuvi | |
| Joylashgan joyi | Istanbul, Turkiya |
| Qurilishi va tarixi | |
| Qurilish boshlanishi | 1348 |
| Qurilish yakunlanishi | 1349 |
| Qayta qurilishi | 1450-yillar, 1791, 1832, 1875, 1964—1967 |
| Meʼmoriy tuzilishi va xususiyatlari | |
| Qurilish materiallari | tosh |
| Balandligi | 67 m |
| Kengligi | 16,45 m |
| Maydoni |
|
Galata minorasi (turk. Galata Kulesi) — Istanbulning Yevropa qismidagi Galata tumanining baland tepaligida joylashgan. U shaharning markaziy qismidagi deyarli barcha nuqtalardan koʻrinadi. Minoraning balandligi 67 metr, diametri — 9 metr, dengiz sathidan balandligi esa 140 metr. Minora shaharning ramzlaridan biridir.
Tarixi

Bir vaqtlar minora oʻrnida VI asrda qurilgan mayoq boʻlgan.[manba 2779 kundan beri koʻrsatilmagan]
Shundan soʻng genuyaliklar bu hududni vizantiyaliklardan tortib olib, bu yerda oʻz mustamlakasiga asos soldi. 1341-yilda ular uning atrofida mudofaa devorlarini qurishni boshladi. 1348—1349-yillarda tepalik choʻqqisida genuyaliklar hozirgacha saqlanib qolgan minorani bunyod etdi. Oʻshanda ular uni «Masih minorasi» deb atagan va u dengizchilar hamda savdogarlar uchun oʻziga xos moʻljal boʻlib xizmat qilgan. Mudofaa devori va xandaqning kichik qismlari hozirgacha saqlanib qolgan.
Minora hozirgi nomini Usmonli imperiyasi davrida olgan. Fotih Sulton Mehmed minoraning gumbazini olib tashlab, uning balandligini 6,8 metrga qisqartirdi. Sulton Murod III (1574—1595) hukmronligi davrida minora rasadxona sifatida ishlatilgan. 1632-yilda minora tarixdagi ilk parvozlardan birining boshlanish nuqtasiga aylandi. Aytilishicha, Hezarfen Ahmad Chalabiy ismli olim oʻzi yasagan qanotlar yordamida minoradan sakrab, Bosfor boʻgʻozi ustidan uchib oʻtgan va shaharning Osiyo qismiga eson-omon qoʻngan. Buning uchun sulton uni mukofotlagan, biroq keyinchalik Jazoirga surgun qilgan.
1791-yilda minora qayta qurilib, uning balandligi 45 m boʻldi. 1832-yilgi qayta qurish ishlari minoraning yuqori qismini ham qamrab oldi: kuzatuv maydonchasi paydo boʻldi. Unda kecha-yu kunduz navbatchilik qilgan soqchilar Oltin Shox qoʻltigʻining shimoliy qirgʻogʻidagi shahar hududida yongʻin oʻchoqlari va tartibsizliklar yuzaga kelishini kuzatib turgan.
1875-yilda minora hozirgisiga yaqin koʻrinishga ega boʻldi. 1964—1967-yillarda minora restavratsiya qilinib, konussimon gumbazi qayta qurildi. Keyinchalik minoraga lift oʻrnatildi.
2020-yil yozida minora shahar hokimiyati tasarrufidan Turkiya Turizm vazirligiga oʻtkazilib, restavratsiya uchun yopildi. 9-oktabr kuni, 2020-yilning oʻzida minora tashrif buyuruvchilar uchun yana ochildi va koʻngilochar maskan maqomidan toʻlaqonli muzey maqomiga oʻtdi.

Galereya
- Pastdan koʻrinishi
- Karaköy (eski Galata) uzra qad rostlagan Galata minorasi
- Oldingi planda Oltin Shox va Galata koʻprigi aks etgan manzara
- Fotosuratchi: Paskal Sebax. Surat olingan sana: taxminan 1875–1886-yillar.
- Galata minorasidagi yozuv
- Tungi Galata
- Tunda Galata minorasi