Axborotga bo‘lgan ehtiyojlar

Axborotga bo‘lgan ehtiyojlar (ingl. Information needs) — shaxs, shaxslar guruhi yoki tizimning axborot olish zaruratini aks ettiruvchi xususiyati bo‘lib, bu axborot amaliy faoliyatda qo‘yilgan vazifani bajarish uchun kerak.

Tushunchaning mohiyati

«Axborotga bo‘lgan ehtiyojlar» atamasi ilk bor jurnalist Robert Teylorning «Savol berish usuli» (ingl. The Process of Asking Questions) nomli maqolasida ishlatilgan. Maqola 1962-yilda «American Documentation» jurnalida chop etilgan. Unda Teylor individ ongli yoki ongsiz ravishda javobni qanday qilib axborot tizimidan olishini tasvirlashga uringan. Shuningdek, u axborot izlovchi shaxs bilan mazkur tizimning bir-biriga ta’sirini o‘rgangan.

Teylorning fikricha, axborotga bo‘lgan ehtiyojlarda so‘rovni ifodalash aniqligining to‘rtta darajasi mavjud:

  • foydalanuvchi amalda ifodalay olmaydigan, ammo uning ong ostida shakllanmagan holda mavjud bo‘lgan «ideal savol»;
  • axborotga bo‘lgan ehtiyojni anglash, ammo uni noaniq shaklda ifodalash (anglashning bu darajasida individ so‘rovni shakllantirishda yordam beradigan bilimdon kishiga murojaat qilishi mumkin);
  • nimani va qanday shaklda izlayotganini anglaydigan tadqiqotchining savoli;
  • axborot tizimida taqdim etilgan shakldagi savol.

Teylor axborot so‘rovini anglash modelini taklif qilgan, shuningdek, anglanmagan axborot so‘rovi mavjud bo‘lishi mumkinligi masalasiga ham to‘xtalgan. Anglanmagan shakldagi axborot aniq tuzilishga ega bo‘la olmaydi.

Dastlab ehtiyoj inson psixikasi darajasida yuzaga keladi, keyin tafakkur darajasiga o‘tadi, undan so‘ng til darajasi keladi, bunda model so‘zlar orqali ifodalanadi. Bir darajadan boshqasiga o‘tishda model ko‘pincha o‘zgarib ketadi va natijada psixik darajada yuzaga kelgan modelga to‘liq mos kelmaydigan so‘rov shakllanadi.

Ilmiy adabiyotlarda quyidagi ehtiyojlar ko‘pincha «axborotga bo‘lgan ehtiyojlar» deb ataladi:

  • tirik mavjudotlar uchun moddalar va energiya almashinuvi singari zarur bo‘lgan sensor axborotga (sezgi organlari orqali olinadigan axborotga) nisbatan organik (biogen) ehtiyoj;
  • ijtimoiy axborotga bo‘lgan ma’naviy ehtiyoj;
  • ilmiy-texnik axborotga bo‘lgan kasbiy ehtiyoj.