| Imperiya | |||||
| Atsteklar imperiyasi | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| atst. Ēxcān Tlahtōlōyān | |||||
|
|||||
|
Atsteklar imperiyasi hududi |
|||||
| Poytaxti | Tenochtitlan | ||||
| Eng yirik shaharlari | Teskoko, Tlakopan va boshqalar | ||||
| Til(lar)i | Nauatl | ||||
| Rasmiy tili | klassik nauatl tili | ||||
| Dini | Atsteklar mifologiyasi | ||||
| Pul birligi | Quachtli[VM] va kakao donalari | ||||
| Maydoni |
|
||||
| Aholisi | 5-6 mln kishi | ||||
| Boshqaruv shakli | Monarxiya | ||||
| Sulola | Akamapichtli | ||||
| Imperator (Uey-tlatoani) | |||||
| • 1375 — 1395 | Akamapichtli | ||||
| • 1395 — 1415 | Uitsiliuitl | ||||
| • 1415 — 1426 | Chimalpopoka | ||||
| • 1427 — 1440 | Itskoatl | ||||
| • 1440 — 1469 | Montesuma I | ||||
| • 1469 — 1481 | Ashayakatl | ||||
| • 1481 — 1486 | Tisok | ||||
| • 1486 — 1502 | Auisotl | ||||
| • 1502 — 1520 | Montesuma II | ||||
Atsteklar imperiyasi — ilk sinfiy davlat bo‘lib, XIV—XVI asrlarda Markaziy Amerikada mavjud bo‘lgan va atsteklar tomonidan tashkil etilgan. Uning tarkibiga hozirgi Meksikaning markaziy qismi kirgan.
Atsteklar imperiyasi Uchlik ittifoqi, Meksika imperiyasi yoki Tenoch imperiyasi deb ham atalgan. Uchlik ittifoqi Askapotsalko shahri va unga bo‘ysunuvchi viloyatlar o‘rtasidagi fuqarolar urushida g‘alaba qozongan qabila guruhlaridan tashkil topgan. Dastlab imperiya o‘zini o‘zi boshqaruvchi uchta shahar-davlat ittifoqi sifatida tuzilganiga qaramay, Tenochtitlan harbiy jihatdan tezda ustun mavqega erishgan.
Uchlik ittifoqi tashkil topganidan keyin atsteklar bosqinchilik urushlarini olib borgan va hududlarini tez kengaytirgan. Ko‘p o‘tmay, ittifoq markaziy Meksikaning katta qismini, shuningdek, Mezoamerika doirasidagi ayrim olis hududlarni, masalan, Sokonochko viloyatini (atsteklarning ekklavini — asosiy hududidan ajralgan, hozirgi Gvatemala chegarasi yaqinidagi yerini) nazorat qilgan. Yangi hududlarni egallagach, atsteklar zabt etilgan shaharlarning hukmdorlarini hokimiyatda qoldirgan. Buning sharti ittifoqqa har yarim yilda o‘lpon to‘lash, shuningdek, ittifoqning harbiy amaliyotlari uchun zarur bo‘lganda yigitlar va erkaklarni atsteklar qo‘shiniga yuborish edi. O‘z navbatida, Atsteklar imperiyasi hokimiyati egallangan hududlarda himoya va siyosiy barqarorlikni ta'minlagan hamda u yerda yagona, rivojlangan iqtisodiy tizimning shakllanishiga ko‘maklashgan. Ispanlar 1519 yilda yetib kelgan paytda ittifoq yerlari amalda Tenochtitlan hukmronligi ostida bo‘lgan, ittifoqning boshqa a'zolari esa yordamchi vazifalarni bajargan.
Atsteklar imperiyasi Mezoamerikaning markaziy qismida so‘nggi postklassik davrda, istiloga qadar mintaqada hududiy, siyosiy va iqtisodiy nazoratni amalga oshirgan muhim siyosiy tuzilma edi.
Imperiyaning davlat dini politeistik, ya'ni ko‘pxudolik dini bo‘lgan: atsteklar o‘nlab ilohlardan iborat xilma-xil xudolar majmuasiga e'tiqod qilgan. Xudolarga poytaxt Tenochtitlandagi ibodatxonalarda sig‘inilgan. Diniy kultlar haqiqatan ham ancha xilma-xil bo‘lgan. Xususan, atsteklarning imperiya miqyosidagi diniy kulti Uitsilopochtliga — Meksikaning mashhur jangovar homiy xudosiga sig‘inishdan iborat edi. Zabt etilgan viloyatlar aholisiga o‘z diniy an'analarini saqlash va erkin davom ettirishga ruxsat berilgan, faqat ular mahalliy xudolari qatorida imperiya xudosi Uitsilopochtliga ham sig‘inishi shart bo‘lgan.
Milodiy 1521 yilda imperiya Ernan Kortes boshchiligidagi ispan konkistadorlari tomonidan tugatilgan.
Etimologiya
Atsteklar imperiyasining nomi uni barpo etgan xalq — atsteklar nomidan kelib chiqqan. O‘z navbatida, «atstek» so‘zi lug‘aviy ma'noda « Astlandan kelgan kishi» degan ma'noni anglatadi. Astlan — Tenochtitlanning shimolidagi biror joyda joylashgan afsonaviy maskan.
Atsteklarning o‘zlari esa o‘zlarini meshika (bu so‘zdan Meksika nomi kelib chiqqan) yoki tenochka va tlatelolka deb atagan — qaysi shahardan kelib chiqqaniga qarab: Tenochtitlan, Tlatelolko.
Tarixi

Kelib chiqishi
Atsteklarning ajdodlari shimoldan, Astlan deb ataluvchi joydan kelgan. Afsonaga ko‘ra, quyosh va urush xudosi Uitsilopochtli atsteklarga kaktus ustida tirnoqlari orasida ilon tutgan burgutni ko‘rgan joyda o‘rnashishlarini aytgan. Uzoq sarson-sargardonlikdan so‘ng ular nihoyat quyosh xudosi aytgan manzarani ko‘rgan. 1325 yilda ular Teskoko ko‘lining o‘rtasidagi orolda shahar barpo etib, uni Tenochtitlan deb nomlagan.
Dastlab atsteklar Kuluakanga, keyin esa Askapotsalkoga o‘lpon to‘lagan. Biroq 1429 yilda ular Askapotsalkoni tor-mor etib, mustaqillikka erishgan. So‘ngra atsteklar davlati Teskoko va Tlakopan bilan birgalikda Uchlik ittifoqini tuzgan. Ittifoq a'zolari tashqi siyosatni o‘zaro kelishishi, urushlarni birgalikda olib borishi va qo‘lga kiritilgan o‘ljani taqsimlashi kerak edi. Ammo tez orada Tlakopan o‘z ahamiyatini yo‘qotib, Atsteklar imperiyasining vassaliga aylangan. Teskoko esa huquqiy jihatdan atsteklarning ittifoqchisi bo‘lib qolganiga qaramay, ularning muvaffaqiyatlariga hasad qilib, tobora dushmanona munosabatda bo‘la boshlagan. Oxir-oqibat, teskokoliklar ispanlarga Tenochtitlanni qamal qilishda yordam bergan. Bu voqea 1521 yilda yuz bergan.
Atsteklar davlatining qulashi


Atsteklar davlati o‘z qudratining eng yuqori cho‘qqisida bo‘lganida, 1519 yilda uning hududiga Kuba gubernatori Ernan Kortes boshchiligidagi ispanlar bostirib kirgan. Kortes Meksika qo‘ltig‘ining janubi-g‘arbiy sohiliga tutash, yuksak darajada rivojlangan madaniyatga ega yangi mamlakatni bo‘ysundirish uchun dengiz yurishiga rahbarlik qilgan. Ispanlar Atsteklar imperiyasi mavjudligini faqat bir yil oldin ( Xuan Grixalva ekspeditsiyasi tufayli) bilib olgan, biroq uning oltinlari haqidagi dovruq Ispaniyagacha yetib borgan edi. Ernando Kortes 18 fevralda Kubadan 11 kema bilan suzib chiqqan; kemalar bortida 508 askar, 16 ot va bir nechta to‘p bo‘lgan. Dastlab u 10 kema bilan Kosumel oroliga yetib kelgan. So‘ng u Yukatan yarimorolining atrofidan suzib o‘tib, Meksika sohiliga chiqqan va u yerda Verakrus shahriga asos solgan.
Ispanlar sohil bo‘ylab Atsteklar imperiyasining poytaxti tomon siljiganida, siyosiy qiyinchiliklar yuzaga kelib, atsteklarning ahvolini yanada murakkablashtirgan. Mexiko vodiysi va sohil oralig‘ida joylashgan shahar-davlatlar mustaqil davlatlar edi. Ular vodiy hukmdorlariga o‘lpon to‘lagan bo‘lsalar ham, buni juda istamay amalga oshirganlar. Shu sababli ushbu qabilalarning ko‘pchiligi, masalan, totonaklar, ispan bosqinchilarini ochiq qo‘zg‘olon ko‘tarish imkonini beruvchi kuch sifatida kutib olgan. Boshqalari, masalan, butunlay mustaqil va jangovar tlashkalaliklar, ochiq jangda Kortesning qudratini sinab ko‘rgan. Ispanlar g‘alaba qozongach, tlashkalaliklar ularning eng sodiq ittifoqchilariga aylangan.
Ispan konkistadori Ernan Kortes va uning hamrohlari Tenochtitlanga yetib kelganida, ko‘rganlaridan shunchalik hayratga tushganki, go‘yo o‘ngida tush ko‘rayotgandek bo‘lishgan. Barcha binolar toshdan qurilgan, ko‘chalar toza va ozoda, shahar mukammal rejalashtirilgan edi. Ular hech qachon bunday manzarani ko‘rmagan. Atsteklar poytaxtining ulug‘vorligi ispanlar ibodatxonalarda guvoh bo‘lgan shafqatsiz odam qurbon qilish marosimlariga mutlaqo mos kelmas edi: odamlarni zinapoyalarga sudrab chiqarib, yuraklarini kesib olishgan. Tenochtitlan egallangach, konkistadorlar imperator Montesuma II ni garovga olgan. Biroq 1520 yilda bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon boshlanib, ispanlar quvib chiqarilgan, Montesuma esa halok bo‘lgan. 1521 yilda Kortes yana Tenochtitlanni egallagan. Atsteklar imperiyasi barham topgan. Atsteklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi erkaklarda 41,2 yil, ayollarda 42,1 yilni tashkil etgan. XVI asrda «Yevropa» kasalligi — ich terlamasi epidemiyasi oqibatida 15 mln ga yaqin atstek, ya'ni aholining 80 % dan ortig‘i vafot etgan.
Davlat tuzilishi
Atsteklar davlati ushbu so‘zning an'anaviy ma'nosida imperiya bo‘lmagan. Atsteklar yangi hududlarni zabt etishga intilgan bo‘lsa-da, ularni o‘z davlatiga qo‘shib olishni maqsad qilmagan. Bo‘ysundirilgan shaharlar va qabilalar o‘lpon to‘lagan, atsteklar noiblarining o‘z hududlarida bo‘lishiga rozi bo‘lgan, ammo keng muxtoriyatga ega bo‘lib, avvalgi hukmdorlarini saqlab qolgan.
Atsteklar hukmdorlari (tlatoani) oqsoqollar va jangchilar kengashida Akamapichtli sulolasi vakillari orasidan saylangan.
Jamiyat

Atstek qabilalarining aholisi nazariy jihatdan demokratik tuzumda yashagan. Har bir kishi oilaning a'zosi bo‘lgan, oila esa o‘z navbatida urug‘ni tashkil etuvchi oilalar guruhiga mansub bo‘lgan. Odatda yigirmata shunday urug‘ birlashib, qabilani tashkil etgan. Har bir urug‘ o‘z ishlarini mustaqil yuritgan, ammo butun qabila uchun muhim masalalar boshqa urug‘lar bilan birgalikda maxsus kengashda hal qilingan. Kengash barcha urug‘larning oqsoqollaridan iborat bo‘lgan. Kengash qabilaning bir boshlig‘ini fuqarolik va diniy ishlarni yuritish uchun, ikkinchisini — harbiy harakatlarga rahbarlik qilish uchun tayinlagan. Dastlab bu tuzilma oddiy dehqonchilik jamoalariga mo‘ljallangan bo‘lib, ehtimol, «O‘rta madaniyatlar» davridayoq paydo bo‘lgan. Keyinchalik esa u aholisi ko‘p va yuksak rivojlangan shahar-davlatning murakkab tizimiga aylangan.
An'anaga ko‘ra, jamiyat ikki ijtimoiy qatlam yoki sinfga bo‘lingan: maseualli (atst. macehualli, odamlar), ya'ni dehqonlar va pilli (atst. pilli), ya'ni zodagonlar. Dastlab zodagonlik maqomi meros orqali o‘tmagan, ammo pilli vakillarining o‘g‘illari resurslar va ta'limdan foydalanishda kengroq imkoniyatga ega bo‘lgan. Shu sababli ularga pilli maqomiga erishish osonroq bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy maqom meros orqali o‘ta boshlagan. Xuddi shuningdek, atstek jangchilari pilli maqomiga harbiy yutuqlari tufayli erishgan. Atsteklar qo‘shinida ikkita saralangan toifa mavjud bo‘lgan: yaguar jangchilar va burgut jangchilar.
Mo‘l harbiy o‘lja uchinchi sinfning paydo bo‘lishiga olib kelgan: pochteka (atst. pochtecatl), ya'ni savdogarlar. Jangchilar ulardan nafratlangan, biroq baribir talon-toroj qilib qo‘lga kiritgan mol-mulklarini ko‘rpalar, patlar, qullar va boshqa tovarlar evaziga ularga bergan.
Hukmdorlar (Akamapichtli sulolasi)
- Akamapichtli (1371/6-1396)
- Uitsiliuitl (1396—1414)
- Chimalpopoka (1414—1428)
- Itskoatl (1428—1440)
- Montesuma I (1440—1469)
- Ashayakatl (1469—1481)
- Tisok (1481—1486)
- Auisotl (1486—1502)
- Montesuma II (1502—1520)
- Kuitlauak (1520)
- Kuautemok (1520—1521)
Havolalar
Adabiyotlar
- Nikolay Sichyov. Sulolalar kitobi. — AST, Vostok-Zapad. — J. 2005. — 960 b. — 2500 nusxa. — ISBN 5170324960.
- Tyurin E. A., Zubarev V. G., Butovskiy A. Yu., «Qadimgi Markaziy va Janubiy Amerika tarixi»
- Borodulina Natalya Vladimirovna — O‘tmishning buyuk sivilizatsiyalari ensiklopediyasi. Sirli shaharlar, qadimiy bashoratlar, yo‘qolgan bilimlar. — Don bo‘yidagi Rostov: Vladis, 2011. — 512 b., rasmlar bilan. — (Tarixiy kutubxona) — ISBN 978-5-9567-1260-3
- Dias del Kastilo, Bernal, Meksikaning kashf etilishi va zabt etilishi (1576), Kembrij, Massachusets, Da Capo Press, 2003. — ISBN 0-306-81319-X.
- Duran, Diego, Yangi Ispaniya hindulari tarixi (taxm. 1581), Oklahoma universiteti nashriyoti, 1992.
- Alvarado Tesosomok, Ernando, Meksika yilnomasi (taxm. 1598), Mexiko: Meksika milliy avtonom universiteti, 1978.