
Atomlararo o‘zaro ta’sir — bir atomning elektronlari va yadrosining boshqa atomning elektronlari va yadrosi bilan elektromagnit o‘zaro ta’siridir. Atomlararo o‘zaro ta’sir atomlar orasidagi masofa va ularning elektron qobiqlariga bog‘liq. Atomlararo o‘zaro ta’sirning o‘lchovi atomlarning o‘zaro ta’sir energiyasidir. Bu energiya juda keng oraliqda o‘zgaradi. Atomlararo o‘zaro ta’sir energiyasi aniq ifodalangan davriy funksiya bo‘lib, u atom yadrosining musbat zaryadiga bog‘liq.
Atomlararo o‘zaro ta’sir energiyasi yuqori bo‘lganda bir xil element atomlaridan tashkil topgan ikki atomli molekulalar hosil bo‘ladi. Ushbu energiya past bo‘lganda esa atomlar o‘z individualligini saqlab qoladi. Masalan, barcha nodir (inert) gazlar (geliy, neon, argon, kripton, ksenon, radon) normal sharoitda bir atomli bo‘ladi. Ammo nodir gazlar atomlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir energiyasi ularning turli agregat holatlarda mavjud bo‘lishiga imkon yaratadi (gaz, suyuqlik va qattiq jism). Atomlarning bir-birini tortishiga sabab bo‘ladigan kuchlarning kelib chiqishini 1930-yilda Frits London tushuntirib bergan. Atomlararo tortishish bir-biriga yaqin joylashgan ikki atomdagi fluktuatsiya, ya’ni elektr zaryadlarining tasodifiy o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi. Har bir atomda nolga teng bo‘lmagan lahzalik elektr dipol momenti mavjud. Bir atomdagi lahzalik dipol qo‘shni atomda unga qarama-qarshi yo‘nalgan dipolni hosil qiladi. Ushbu dipollar tortishish kuchlari ta’sirida bir-birini tortadi. Atomlararo o‘zaro ta’sir atomlardan nanomateriallar, atom va molekulyar klasterlar, fullerenlar va boshqalarni yig‘ishda namoyon bo‘ladi.
1985-yilda bir guruh tadqiqotchilar lazerli ablatsiya usulidan foydalanib, 60 va 70 ta uglerod atomidan iborat klasterlarni ilk bor atomlardan yig‘ishga erishdi. Aslida, ular uglerodning yangi allotropik shakli — fullerenlarni kashf etgan edi. Rasmda aylanayotgan fulleren molekulasining modeli — C60.
1996-yilda R. Smolli, R. Kyorl va H. Kroto fullerenlarni kashf etgani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.