Vulvit nima

Vulvit
XKT-11 GA00
XKT-10 N76.3, N76.4
XKT-10-KM N76.2
XKT-9 616.10
DiseasesDB 14017
MedlinePlus 001445
MeSH D014847

Vulvit — tashqi ayol jinsiy a’zolarining yallig‘lanishi (vulva, lotincha vulva). Ko‘pincha ikkilamchi tarzda vulvaning qindan keladigan patologik ajralmalar bilan ta’sirlanishi natijasida rivojlanadi. Qizlarda vulvit va qin yallig‘lanishi (vulvovaginit). Vulvit achishish va qichishish, yurish hamda siyish paytida og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha kasallikni stafilokokklar, streptokokklar va xlamidiyalar kabi infeksiya qo‘zg‘atuvchilari keltirib chiqaradi.

Kasallikning rivojlanishiga moyillik tug‘diruvchi omillar

  • Immunitet pasayishi fonida teri yoki shilliq qavatning shikastlanishi;
  • Jinsiy a’zolar gigiyenasiga yetarlicha rioya qilmaslik;
  • Haddan tashqari tor va sintetik ichki kiyim;
  • Antibiotiklarni uzoq vaqt davomida qabul qilish;
  • Gormonal buzilishlar;
  • Siydikni tuta olmaslik;
  • Psoriaz yoki ortiqcha terlash natijasida terining shikastlanishi.

Alomatlar

Alomatlarning namoyon bo‘lish tezligiga qarab vulvit o‘tkir va surunkali turlarga ajratiladi. Kasallikning o‘tkir kechishiga quyidagi alomatlar xos:

  • terida yaralarning paydo bo‘lishi;
  • qichishish;
  • harakatlanish va teginish paytida og‘riq;
  • yoqimsiz hidli seroz-yiringli ajralmalar;
  • limfa tugunlarining kattalashishi;
  • uyqusizlik va bezovtalik.

Surunkali vulvitda yengil shish, achishish, chov sohasida noqulaylik va terining qizarishi kabi alomatlar kuzatiladi. Kasallikning o‘tkir bosqichi o‘tgach, eroziyalar bitadi, biroq jinsiy a’zolarning shakli o‘zgarishi mumkin; qizlarda bitishmalar paydo bo‘lishi ehtimoli bor.

Davolash

Kasallikni davolash bir necha yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Dori vositalarisiz davolash parhezga rioya qilishni nazarda tutadi: bemor sho‘r, achchiq va qovurilgan taomlarni iste’mol qilishni cheklashi, spirtli ichimliklardan voz kechishi kerak. Shuningdek, bemorga tabiiy matolardan tikilgan ichki kiyim kiyish, shaxsiy gigiyenaga alohida e’tibor berish va vaqtincha jinsiy aloqadan tiyilish tavsiya etiladi. Agar jinsiy sherigida kasallik belgilari aniqlansa, u urologga murojaat qilishi va tegishli davolanishdan o‘tishi lozim. Vulvitni dori vositalari bilan davolashda mahalliy va tizimli ta’sirga ega antibakterial preparatlardan foydalaniladi. Preparat bakteriologik tekshiruv natijalariga ko‘ra tanlanadi. Davolashda shishni kamaytirish va qichishishni bartaraf etish uchun antigistamin vositalar; shamcha yoki tabletka ko‘rinishidagi zamburug‘larga qarshi vositalar; gormonal preparatlar qo‘llanishi mumkin. Chov sohasida yiringli o‘choqlar hosil bo‘lsa, ularni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash mumkin. Vulvitning asoratlari, avvalo, bepushtlikka olib kelishi mumkinligi bilan xavflidir. Ushbu kasallikning oldini olish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, notanish odamlar bilan himoyalanmagan jinsiy aloqadan saqlanish, shuningdek, immunitetni mustahkamlash tavsiya etiladi.

Manbalar