To‘r neyronlari (ingl. grid cells, grid — «(koordinatalar) to‘ri, panjara» so‘zidan; rus tilida turli nomlash variantlari mavjud: «koordinata neyronlari», «to‘r hujayralari», «panjarasimon neyronlar», «koordinatalar to‘ri neyronlari») — neyronlarning bir turi bo‘lib, ular entorinal po‘stloqda (sutemizuvchilar bosh miyasida) joylashgan. Hayvon o‘zi turgan makondagi xayoliy koordinatalar to‘rining tugunlaridan o‘tganida to‘r neyronlari faollashadi. To‘r oltiburchaklardan tashkil topgan bo‘lib, asalari kataklariga o‘xshaydi. Joy neyronlari, bosh yo‘nalishi neyronlari, chegara neyronlari[ingl.] va tezlik neyronlari bilan birgalikda to‘r neyronlari hayvonning fazoda mo‘ljal olishini ta’minlaydigan tizim tarkibiga kiradi. Bu neyronlar Alsgeymer kasalligida zararlanadi; ushbu kasallikning alomatlaridan biri fazoda mo‘ljal olish qobiliyatining yo‘qolishidir.
Tarixi
To‘r neyronlari 2005-yilda professorlar Edvard Mozer va May-Britt Mozer, shuningdek, ularning shogirdlari Torkel Hafting (Torkel Hafting), Marianna Fayn (Marianne Fyhn) va Sturla Molden (Sturla Molden) tomonidan kashf etilgan. Ularning ilmiy muassasasi — Xotira biologiyasi markazi[ingl.] (Norvegiya tabiiy va texnika fanlari universiteti).
Fazoviy neyronlar va joy neyronlarini kashf etganliklari uchun Jon O’Kifga, Edvard Mozerga va May-Britt Mozerga 2014-yilda fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti topshirilgan.
Xususiyatlari
Quyidagi farq mavjud: joy neyronlari (gippokamp)dan farqli ravishda, to‘r neyronlarida muntazam oraliqlarda joylashgan ko‘plab qo‘zg‘alish sohalari mavjud bo‘lib, ular atrofdagi makonni oltiburchakli tuzilishga ajratadi. Bu neyronlarning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- To‘r neyronlarining qo‘zg‘alish sohalari butun atrof-muhit bo‘ylab tarqalgan (joy neyronlarining qo‘zg‘alish sohalari esa atrof-muhitning muayyan hududlari bilan cheklangan)
- Qo‘zg‘alish sohalari oltiburchakli to‘r shaklida joylashgan
- Qo‘zg‘alish sohalari, odatda, bir-biridan teng masofada joylashadi, shuning uchun bitta qo‘zg‘alish sohasidan unga qo‘shni oltita sohagacha bo‘lgan masofalar taxminan bir xil (ammo atrofdagi makon o‘lchami o‘zgarganda, sohalar orasidagi masofa turli yo‘nalishlarda qisqarishi yoki kengayishi mumkin)
- Qo‘zg‘alish sohalari bir xil tartibda joylashgan, ya’ni oltita qo‘shni soha bir-biriga nisbatan taxminan 60 darajali burchak ostida joylashadi
Havolalar
- May-Britt Mozer, Edvard I. Mozer. Miya kristallari (Crystals of the brain). — EMBO Molecular Medicine, 2011. — 3(2)-son. — 69–71-betlar. — doi:10.1002/emmm.201000118. — PMID 21268284.
- Mozer Edvard I., Rudi Yosir, Vitter Menno P., Kentros Klifford, Bonheffer Tobias, Mozer May-Britt. To‘r hujayralari va miya po‘stlog‘idagi ifodalanish (Grid cells and cortical representation) // Nature Reviews Neuroscience. — 2014. — Jild: 15. — Betlar: 466-481. — ISSN 1471-003X. — doi:10.1038/nrn3766.
- Kazanovich Ya. B., Misin I. Ye. Hayvonlar fazoda qanday mo‘ljal oladi? Joy hujayralari va to‘r hujayralari «Matematik biologiya va bioinformatika» jurnalidagi maqola. 10-jild, 1-son, 2015-yil