| Shimoliy orol | |
|---|---|
| ingl. North Island, maori Te Ika-a-Māui | |
| Xususiyatlari | |
| Maydoni | 113 729 km² |
| Eng baland nuqtasi | 2797 m |
| Aholisi | 3 366 100 kishi (2011) |
| Aholi zichligi | 29,6 kishi/km² |
| Joylashuvi | |
| 38°23′45″ j. k. 175°42′44″ sh. u.HGYO | |
| Suv havzasi | Tinch okeani |
| Mamlakat | |
Shimoliy orol (ingl. North Island, maori Te Ika-a-Māui, 1840-yillarda esa Yangi Olster) — Yangi Zelandiyaning ikki asosiy orolidan biri. Uni Kuk bo‘g‘ozi maydoni kattaroq, ammo aholisi kamroq bo‘lgan Janubiy oroldan ajratib turadi. G‘arbiy qirg‘oqlarini Tasman dengizi, shimoliy va sharqiy qirg‘oqlarini esa Tinch okeani suvlari yuvib turadi. Shimoliy orolda 3 760 900 kishi (2019-yil iyun holatiga ko‘ra) yashaydi. Bu Yangi Zelandiya aholisining 76 % ini tashkil etadi.
Etimologiyasi
Orol ko‘p yillar davomida Shimoliy orol nomi bilan tanilgan bo‘lsa-da, 2009-yilda Yangi Zelandiya geografik kengashi Janubiy orol kabi Shimoliy orolning ham rasmiy nomi yo‘qligini aniqladi. Jamoatchilik bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, 2013-yil oktabrda kengash hay’ati orolga rasman «Shimoliy orol» yoki Te Ika-a-Maui nomini berdi. XIX asrning ayrim xaritalarida Shimoliy orol Yangi Olster deb atalgan.
Geografiyasi
Maydoni 113 729 km² bo‘lgan Shimoliy orol Yangi Zelandiyada (Janubiy oroldan keyin) kattaligi bo‘yicha ikkinchi, dunyoda esa 14-o‘rinni egallaydi.
Shimoliy orol Janubiy orolga qaraganda ancha kam tog‘li. Uning eng baland nuqtasi — faol vulqon Ruapehu (2797 m). Orolda vulqon faolligi yuqori bo‘lib, Yangi Zelandiyaning oltita vulqon zonasidan beshtasi aynan shu yerda joylashgan.
Shimoliy orolning qoq markazida mamlakatdagi eng katta ko‘l — Taupo joylashgan. Shu ko‘ldan Yangi Zelandiyaning eng uzun daryosi — Uaykato oqib chiqadi. Uning uzunligi 425 km.
Orolning o‘rtacha yillik harorati +19 °C ni tashkil etadi.
Orolning g‘arbida Egmont milliy bog‘i.
Aholisi
Shimoliy orolda mamlakatning yirik shaharlari, jumladan, Yangi Zelandiyaning eng katta shahri — Oklend va mamlakat poytaxti — Vellington joylashgan. 2011-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, orolda 3 366 100 kishi yashagan.

| Shahar | Aholisi | Shahar | Aholisi |
|---|---|---|---|
| Oklend | 1 470 100 | Uonganui | 42 200 |
| Vellington | 215 100 | Gisborn | 37 000 |
| Hamilton | 176 500 | Paraparaumu | 30 100 |
| Tauranga | 151 300 | Pukekohe | 26 500 |
| Louer-Hatt | 110 700 | Taupo | 25 400 |
| Palmerston-Nort | 81 500 | Masterton[ingl.] | 21 400 |
| Neypir | 66 300 | Kembrij | 20 500 |
| Xibiskus-Kost[ingl.] | 59 800 | Levin | 18 800 |
| Porirua | 59 600 | Feylding | 17 050 |
| Rotorua | 58 500 | Fakatane | 16 700 |
| Nyu-Plimut | 57 600 | Xavlok-Nort | 14 900 |
| Fangarey | 54 400 | Tokoroa[ingl.] | 14 300 |
| Xeytings | 49 000 | Vaykanae[ingl.] | 13 650 |
| Apper-Hatt | 44 300 | Te Avamutu | 13 100 |