Iste'mol uchun va texnologik jarayonlarni amalga oshirish uchun suv hayot manbai, erituvchi, xomashyo va energiya tashuvchi vosita vazifalarini bajaradi. Suvning kundalik hayotda o'ta muhim modda ekanligi e'tiborga olinib, u maxsus tayyorlash jarayonlaridan o'tadi.
Bu jarayon quyidagi asosiy bosqichlarni o'z ichiga oladi:
Tabiiy suvni mexanik qo'shimchalardan tozalash-tindirish. Bunda oqib keladigan suv katta sig'imli inshootlarga yig'iladi va ma'lum muddat saqlab tindiriladi.
Tindirish bosqichidan keyin suvni unda "muallaq" holda qoladigan mikrogeterogen zarrachalardan tozalash uchun bu zarrachalar koagulyatsiyalanadi. Bu jarayonda suvga Fe2(SO4)3, Al2(SO4)3 va CuSO4 kabi elektrolitlardan tegishli miqdorda qo'shiladi. Bu moddalar koagulyantlar deyiladi, chunki suvdagi muallaq zarrachalar musbat va manfiy zaryadli boʻlgani sababli, bu kuchli elektrolitlar Fe3+, SO4-2, Al3+, Cu2+ ionlarini hosil qilib, zarrachalarni o'zlari bilan yirik zarrachalar hosil qilib cho'kmaga tushiradi.
Suvni filtrlash. Ba'zi hollarda yuqoridagi ikkala bosqichda ham suvni mexanik qo'shimchalardan tozalash imkoniyati bo'lmasa u "matoli, qog'ozli yoki boshqa turdagi filtrlar orqali o'tkazilib, tozalanadi.
Suvni dezinfeksiyalash. Suvni unda mavjud bo'lgan mikroorganizmlar, mikroblar, zaharli kimyoviy moddalardan tozalash uchun xlor gazi, xlorli ohak solingan naychalar, ozon, kislorod gazi bilan qayta ishlanadi. Bu moddalar kuchli oksidlovchi xossalariga ega boʻlgani uchun mikrob va zaharli kimyoviy moddalarni oksidlab zararsizlantiradi.
Suvni deaeratsiyalash. Suv unda erigan CO2, SO2, O2, Cl2 kabi gazlardan tozalash uchun gazsizlantiriladi. Bunda suv maxsus qurilmalarda aylanma harakatga keltirilib, gazlar chiqarib yuboriladi.
Suvning pH ini aniqlash. Suvda H+ va OH- larning miqdori (pH yoki pOH) maxsus asboblar pH-metr; ionomerlar yordamida doimiy oʻlchanib, nazorat qilib boriladi.
Suvning qattiqligini aniqlash va uni yumshatish. Sanoati rivojlangan hududlarda texnologik jarayonlarda foydalanilgan suvlar "oqava suv"lar deyilib, ulardan foydalanish uchun bu suvlarni ham yuqoridagi usullar (birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi usullar) yordamida tozalanadi. Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, iste'mol va sanoat ehtiyojlari uchun suvni yaroqli holga keltirish katta mehnat va mablag' talab qiladigan ekologik va iqtisodiy tadbirdir. Shu sababli har qanday ishlab chiqarish jarayonida, turmushda suvdan tejab foydalanish zarur!
