Oshkora xotira

Eksplitsit xotira (lot. explicitus «yoyilgan, ochilgan»), deklarativ xotira — xotiraning mavjud tajriba yoki axborot ixtiyoriy va ongli ravishda esga tushiriladigan turi.

Odamlar kun davomida eksplitsit xotiradan foydalanadilar, masalan, uchrashuv paytini yoki o‘tmishdagi biror voqeani esga oladilar. Eksplitsit xotira ongli ravishda eslashni anglatadi. U implitsit xotiradan farq qiladi, chunki implitsit xotira ongsiz va beixtiyor xotira turidir. Haydovchilik bo‘yicha muayyan darsni esga tushirish eksplitsit xotiraga, dars natijasida avtomobil boshqarish mahoratining oshishi esa implitsit xotiraga misol bo‘ladi.

Tarixi

Deklarativ xotirani o‘rganishni 1930-yillarda sovet fiziologi I. S. Beritashvili boshlagan. O‘sha vaqtda «deklarativ xotira» atamasi hali mavjud emas edi, shu sababli u bu xotirani «obrazli xotira» deb atagan. Aynan «obrazli xotira» uning nerv-psixik faoliyat konsepsiyasida yetakchi o‘rin tutgan. U xotiraning bu turini o‘rganish uchun hayvonlarda tajribalar o‘tkazgan. Itga yeyish mumkin bo‘lgan biror narsa ko‘rsatilgan va to‘siqlardan birining orqasiga yashirilgan (laboratoriyada bunday to‘siqlar bir nechta bo‘lgan). Shundan so‘ng ma‘lum vaqt davomida it oziq yashirilgan to‘siq oldiga o‘tish imkoni berilishini kutgan. Oziqni boshqa to‘siqlar orqasiga ham yashirgan holda tajriba takrorlangan. U obrazli xotiraning miyadagi asosini ham aniqlagan: mushuk va itlarning neokorteksini olib tashlaganida ularning obrazli xotirasi butunlay yo‘qolganini kuzatgan. Biroq «deklarativ» va «protseduraviy» xotira atamalarini 1980-yillarda amneziyali bemorlarni o‘rganayotgan L. Skvayr va N. Koen kiritgan. Ular Korsakov sindromi va anterograd amneziyasi bo‘lgan bemorlarni, shuningdek, elektrokonvulsiv shok muolajalarini olgan bemorlarni kuzatganlar. O‘rganilgan bemorlar ko‘zgudagi aks kabi teskari yozilgan matnni o‘qish ko‘nikmasini egallashi va saqlab qolishi mumkin edi, biroq hozirgina o‘qigan so‘zlarini yodda saqlay olmas va esga tushira olmas edi.

Eksplitsit xotiraning quyi tizimlari

Eksplitsit xotira deklarativ xotira deb ham ataladi. Deklarativ xotira voqealar, so‘zlar, yuzlar va boshqalarni yodda saqlashni o‘z ichiga oladi. Uning mazmunini «bayon etish» mumkinligi sababli (nomi ham shundan kelib chiqqan), u ongli, ya‘ni eksplitsit xotira hisoblanadi. Deklarativ xotira 2 ta quyi tizimni o‘z ichiga oladi:

  • Epizodik xotira — inson hayotidagi voqealar haqidagi xotiralardan iborat. Bular bevosita insonning o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealar yoki uning atrofida yuz bergan hodisalar haqidagi xotiralar bo‘lishi mumkin. Epizodik xotira avvalgi tajribaning turli kontekstual va vaziyatga oid tafsilotlariga tayangan holda xayolan «vaqt bo‘ylab sayohat qilish» imkonini beradi.
  • Semantik xotira — dunyo haqidagi ifodalash mumkin bo‘lgan umumiy bilimlarga (faktlar, g‘oyalar, ma‘nolar, tushunchalar) taalluqlidir. Hayotimiz davomida yuz bergan muayyan voqealar va tajribalar haqidagi xotiralardan iborat epizodik xotiradan farqli ravishda, semantik xotirani istalgan vaqtda qayta tiklash mumkin. Masalan, semantik xotirada it qanday hayvon ekanligi haqidagi axborot saqlanishi mumkin, epizodik xotirada esa muayyan itni qo‘lga o‘rgatish haqidagi aniq xotira saqlanishi mumkin. Ko‘pincha inson ilgari olgan bilimlarini qo‘llash orqali yangi narsalarni bilib oladi.

Kodlash va qayta esga tushirish

Eksplitsit xotirada axborotni kodlash rag‘batlantiriladigan yuqoridan pastga yo‘nalgan axborotga ishlov berish jarayoniga bog‘liq bo‘lib, bunda inson ma‘lumotlarni saqlash uchun qayta tashkil etadi. Inson ilgari o‘zaro bog‘langan qo‘zg‘atuvchilar va boshdan kechirgan tajribalar bilan assotsiatsiyalar hosil qiladi. Shunday qilib, axborotni keyinchalik esga tushirish ko‘p jihatdan unga dastlab qanday ishlov berilganiga bog‘liq. Inson atrofidagi hodisalarni qanchalik chuqur tahlil qilsa, ular xotirasida shunchalik batafsil va esda qolarli iz qoldiradi. Yuzaki tahlilda esa bunday bo‘lmaydi. Bu hodisa ishlov berish darajasi effekti deb ataladi. Oddiy qilib aytganda, eksplitsit xotiralar shakllanishi uchun inson voqealarni boshdan kechirishi: ular haqida o‘ylashi, gapirishi, yozishi, ularni o‘rganishi va hokazolarni amalga oshirishi kerak. Agar talaba darslikni o‘qib, undan keyin test topshirsa, o‘qilgan ma‘lumotga oid semantik xotirasi yaxshilanadi. Axborotga shu tarzda ishlov berish, ya‘ni «test usuli» axborotni yodda saqlashni yaxshilaydi. Bu hodisa testlash effekti deb ataladi. Qayta esga tushirish: inson axborotga ishlov berishda faol ishtirok etgani sababli, ishlov berish vaqtida foydalanilgan ichki signallar beixtiyor esga tushirishni boshlash uchun ham qo‘llanishi mumkin. Biror kishi voqea haqida gapirganda ishlatilgan so‘zlar keyinchalik o‘sha voqeani eslashga urinayotgan insonga yordam beradi. Axborot xotirada qayd etilgan sharoitlar uni eslashga ta‘sir qilishi mumkin. Agar inson dastlabki axborotni yodda saqlagan paytidagi muhitga yana tushsa, voqeani esga olishi ancha osonlashadi. Bu kodlashning o‘ziga xosligi bilan bog‘liq bo‘lib, eksplitsit xotiraga ham taalluqlidir.

Shakllanish va saqlanish mexanizmi

Eksplitsit xotira miyaning quyidagi tuzilmalari ishtirokida shakllanadi: katta yarimsharlar po‘stlog‘i, gippokamp, hid bilish miyasi, bodomsimon tana, bazal oldingi miya. Xotirani saqlash jarayonida esa ikkilamchi va assotsiativ bosh miya po‘stlog‘ining proyeksion zonalari ishtirok etadi. Ushbu tuzilmalar tafakkur funksiyalari va murakkab axborotni keyinchalik tanib olish uchun javobgardir. Ikkilamchi proyeksion po‘stloqning har bir sohasi (ko‘rish, eshitish, sensomotor sohalar hamda miyacha va bazal yadrolar) xotiraning tegishli turi — ko‘rish, eshitish xotirasi va shakllantirilgan harakat ko‘nikmalari xotirasi uchun javobgardir. Prefrontal po‘stloq xotiramizdagi voqealarni xronologik tartibga solishda nihoyatda muhim rol o‘ynaydi.

Buzilish turlari