
Abissal, abissal zona (yunoncha ἄβυσσος — «tubsiz») — dengizlarning eng chuqur qismlari (3000 m dan chuqur) joylashgan zona; bu yerda bentos okean tubida jamoalar hosil qilib yashaydi. Zona relyefi chuqur suv botiqlari, suvosti tizmalari va platolardan iborat. Abissal zona kunduzgi yorug‘likning yo‘qligi (doimo abadiy qorong‘ilikda bo‘lishi) hamda suvning sust harakatlanishi bilan tavsiflanadi. Qora yutgich baliqlar (lot. Chiasmodon niger), batipterlar (Bathypterois grallator), shuningdek, qarmoqsimonlar turkumi (Lophiiformes) baliqlari kabi abissal zonalarda yashovchi organizmlar ushbu zonalarga xos bo‘lgan okean chuqurligidagi katta bosimga bardosh bera oladi (775 kg/sm² gacha). Hayvonlar asosan ko‘r bo‘lib, turlarining kelib chiqishi qadimiyligi bilan ajralib turadi. Okean tubida ignatanlilar, g‘ovaktanlilar, aktiniyalar, chuvalchanglar va qisqichbaqasimonlarning turli vakillari yashaydi. Ayrim hayvon turlarida lyuminessent organlar (yorug‘lik chiqaruvchi organlar) shakllanadi. 1978-yilda olimlar abissal zonada hayot vohalarini aniqladilar: bu yerda termal suvlar va gazlar chiqadigan joylar atrofida organizmlarning noyob guruhlari uchraydi. Ularning hayoti termal suvlarning issiqlik va kimyoviy energiyasiga asoslanadi. Suvlar sust harakatlanishi, juda past harorati (+2 °C) hamda biogen moddalar miqdorining kamligi bilan ajralib turadi. Qariyb 90 % — Jahon okeani tubining shuncha qismi abissal yotqiziqlar bilan qoplangan.
Abissal zonadan chuqurroqda ultraabissal zona joylashgan.
Adabiyotlar
- Abissal // Biologik ensiklopedik lug‘at / Bosh muharrir: M. S. Gilyarov; Tahrir hay’ati: A. A. Bayev, G. G. Vinberg, G. A. Zavarzin va boshq. — Moskva : Sovet ensiklopediyasi, 1986. — B. 7. — 831 b. — 100 000 nusxa
- Abissal / O. K. Leontyev // A — Angob. — Moskva : Sovet ensiklopediyasi, 1969. — B. 22. — (Katta sovet ensiklopediyasi : [30 jildda] / bosh muharrir: A. M. Proxorov ; 1969—1978, jild 1).