Nuklear oila nima

Amerikalik oila, 1950-yillar

Nuklear oila (ingl. nuclear family; shuningdek, er-xotinlik yoki sheriklik oilasi) — oilaning ota-ona va farzandlardan yoki faqat er-xotindan iborat shakli; bunda turli avlod vakillari (ota-ona va farzandlar) o‘rtasidagi munosabatlar emas, balki er-xotin (bir avlod vakillari) o‘rtasidagi munosabatlar birinchi o‘ringa chiqadi. Bunday oila kengaytirilgan (yoki murakkab) patriarxal oilaga qarama-qarshi qo‘yiladi. An’anaviy turdagi bunday patriarxal oila tarkibiga bir necha er-xotin juftligi yoki kamida voyaga yetgan kishilarning bir necha avlodi kiradi. Murakkab oiladan nuklear oilaga o‘tish an’anaviy jamiyatdan industrial jamiyatga o‘tish jarayonida yuz beradi.

Mutaxassislar B. M. Bim-Bad va S. N. Gavrovning fikricha, «Bugungi kunda xristianlik va postxristianlik sivilizatsiyasi hududida oilaning eng keng tarqalgan turi nikoh qurmagan farzandlari bilan yashovchi er-xotindan iborat oddiy (nuklear) oiladir».

Tarixi

Nuklear oila g‘oyasini ilk bor ilgari surgan shaxs — Rim papasi Grigoriy I[manba ko‘rsatilmaganiga 324 kun bo‘lgan]. Yevropada va O‘rta dengiz mintaqasida, ya’ni sobiq Rim imperiyasi hududlarida nuklear oilaning shakllanishi 400—800-yillarda kechgan. Bunday oila aholining barcha qatlamlarida — shaxsan qaram kishilardan tortib ularning xo‘jayinlarigacha, cho‘chqa boquvchidan qirolgacha — iqtisodiy faoliyatning asosiy bo‘g‘iniga aylangan.

XVI—XVII asrlarda Ispaniyada nuklear xo‘jaliklar (oilalar) ustunlik qila boshlagan, oiladagi kishilarning o‘rtacha soni esa 5—5,5 nafardan 3—4 nafargacha kamaygan.

Rossiyada an’anaviy oiladan nuklear oilaga o‘tish XX asrda sanoatlashtirish va urbanizatsiya ta’sirida yuz bergan. A. G. Vishnevskiyning fikricha, Rossiyada er-xotinlik asosidagi nuklear oilaga o‘tish jarayoni ancha ilgarilagan, biroq hali to‘liq yakunlanmagan. Buning sabablaridan biri uy-joy bilan yetarlicha ta’minlanmaganlik bo‘lib, bu yosh er-xotinlarni ulardan birining ota-onasi bilan birga yashashga majbur qiladi.

Havolalar