Multimodal o‘rganish (ingl. Multimodal Learning) — mashinaviy o‘rganishda qo‘llaniladigan yondashuv bo‘lib, unda ma’lumotlar turli manbalar yoki modalliklardan, jumladan, matn, tasvir, audio va videodan olinadi. Multimodal o‘rganishning maqsadi turli manbalardagi axborotni birlashtirish orqali ma’lumotlarni yaxshiroq tushunish va vazifalarni samaraliroq bajarishdir. Bu yanada samarali hamda aniqroq modellar yaratish imkonini beradi.
Ma’lumotlarni birlashtirish
Turli modalliklarga oid ma’lumotlarni birlashtirib, yagona ifodani shakllantirish jarayoni ma’lumotlarni birlashtirish (data fusion) deb ataladi. Ma’lumotlarni birlashtirishning bir nechta usuli mavjud:
- Erta birlashtirish (early fusion) — ma’lumotlarni qayta ishlashning dastlabki bosqichida birlashtirish.
- Kech birlashtirish (late fusion) — alohida modalliklar bo‘yicha olingan tahlil natijalarini yakuniy bosqichda birlashtirish.
- Gibrid birlashtirish (hybrid fusion) — erta va kech birlashtirish usullarini uyg‘unlashtirish.
Multimodal modellar arxitekturasi
Multimodal o‘rganishni amalga oshirish uchun turli xil neyron tarmoqlari arxitekturalari va algoritmlardan foydalaniladi:
- Belgilarni konkatenatsiyalash — turli modalliklar belgilarini yagona vektor.
- Diqqat mexanizmlari (attention mechanisms) — turli modalliklardan olingan axborotning ahamiyatini baholash uchun diqqat mexanizmlari yordamida unga muayyan og‘irlik berish.
- Generativ modellar — masalan, VAE va GAN, ular multimodal kirish ma’lumotlari asosida yangi ma’lumotlarni hosil qila oladi.
Qo‘llanilishi
Tabiiy tilni qayta ishlash va kompyuter ko‘rishi
Multimodal modellar matnli va vizual axborotni birlashtirish zarur bo‘lgan vazifalarda keng qo‘llanadi. Masalan:
- Tasvir bo‘yicha savol-javob (Visual Question Answering, VQA) — tasvir mazmuni haqidagi savollarga javob bera oladigan modellar.
- Tasvirga matnli tavsif yaratish (Image Captioning) — tasvir asosida matnli tavsif hosil qilish.