
Kafe devori illyuziyasi — optik illyuziya, u turli darajalardagi neyron mexanizmlarining, ya’ni ko‘z to‘r pardasi neyronlari va bosh miya po‘stlog‘ining ko‘rish sohasi neyronlarining birgalikdagi ta’siri natijasida yuzaga keladi.
Illyuziyaning mohiyati
Bir qarashda qora va oq kvadratlar orasidagi kulrang chiziqlar qiya joylashgandek tuyuladi. Ammo diqqat bilan qaralsa, chiziqlar mutlaqo tekis ekanini ko‘rish mumkin. Bosh miya bir-biriga qarama-qarshi rangdagi va yonma-yon joylashgan kvadratlar ta’sirida chalg‘ib, kulrang chiziqlarni mozaikaning kvadratlardan yuqorida yoki pastda joylashgan qismi sifatida idrok etadi.
Kashf etilish tarixi
Illyuziyani 1973-yilda tadqiqotchi Richard Gregori kashf etgan. U Bristol universitetining hozirda faxriy professori (neyropsixologiya bo‘yicha). Tadqiqotchi kafe devorlaridan biriga qarab, devordagi naqshning g‘aroyib xususiyatini payqagan. Devorning materiali va tuzilishida hech qanday noodatiy jihat bo‘lmagan. Buning sababi qora va oq g‘ishtchalardan hosil qilingan naqsh bo‘lib, g‘isht qatorlari bir-biriga nisbatan g‘isht enining yarmiga siljitilgan va qorishmaning yupqa tasmasi bilan ajratilgan edi. Hosil bo‘lgan ta’sir kishini go‘yo gipnoz qilgandek edi. Illyuziya kafe devorida aniqlangani uchun aynan shunday nom olgan.