Interferensiya (psixologiya) — nazariya bo‘lib, inson xotirasiga taalluqlidir. Interferensiya o‘rganish jarayonida yangi material bilan avvaldan mavjud xotiralar o‘zaro ta’sirlashganda yuzaga keladi va yangi materialning o‘zlashtirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Interferensiya nazariyasining asosiy farazi shundan iboratki, xotirada saqlanayotgan axborot yaxlit va shikastlanmagan bo‘ladi, biroq yangi olingan axborot bilan raqobat tufayli uni qayta esga tushirib bo‘lmaydi.
Interferensiyaning 2 ta asosiy turi mavjud: proaktiv interferensiya va retroaktiv interferensiya.
Proaktiv interferensiya — avval yodlangan material ta’sirida yangi yodlanayotgan materialning xotirada saqlanishi yomonlashishidir. Ya’ni inson yangi axborotni eslab qolishda qiynaladi, chunki yangi axborotni kodlash va xotirada saqlash jarayoniga avvaldan mavjud xotiralar ta’sir ko‘rsatadi. Proaktiv interferensiya uchun mas’ul miya tuzilmalari ventrolateral prefrontal po‘stloq va chap oldingi prefrontal po‘stloqdir.
Retroaktiv interferensiya — keyingi materialni yodlash yoki u bilan ishlash natijasida avval yodlangan materialning xotirada saqlanishi yomonlashishidir. Ya’ni yangi axborot avvaldan mavjud xotiralarga ta’sir qilib, ularni buzib ko‘rsatadi yoki ularni qayta esga tushirish qobiliyatini izdan chiqaradi. Retroaktiv interferensiya uchun mas’ul miya tuzilmasi chap oldingi ventral prefrontal po‘stloqdir.