Geografik kenglik haqida

Sferadagi bir xil geografik kenglikka ega chiziqlar.
Ekvator (koʻk rangda) sharni teng ikkiga boʻladi va meridianlarni (sariq rangda) 90° burchak ostida kesib oʻtadi. Rasmdagi barcha uzluksiz chiziqlar — ortodromiyalar. Uzlukli chiziqlar — parallellar (bunday chiziqning barcha nuqtalari bir xil geografik kenglikka ega)
Geodezik kenglik (φ) va geosentrik kenglik (θ)

Geografik kenglik — bir qator sferik koordinatalar tizimlarida nuqtalarning Yer va boshqa osmon jismlari yuzasidagi hamda osmon sferasidagi joylashuvini belgilovchi koordinata (qarang: ekliptik kenglik, galaktik kenglik). Latitude yoki Lat bilan belgilanadi va xaritalarda parallellar orqali tasvirlanadi.

Geografik kenglikni ekvatordan boshlab shimolga tomon hisoblash qabul qilingan. Shuning uchun Shimoliy yarimshardagi nuqtalarning kengligi musbat, Janubiy yarimshardagilarniki esa manfiy. Ekvatorning istalgan nuqtasidagi kenglik 0°, Shimoliy qutbda — +90°, Janubiy qutbda — −90°. Bir parallel ustidagi barcha nuqtalarning kengligi bir xil boʻladi. Ekvatorga yaqin kengliklar «past», qutblarga yaqin kengliklar esa «yuqori» deb ataladi.

Отсчёт широты и долготы на Земле

Yer yuzasidagi geografik kenglikni biroz farqli natijalar beradigan bir necha usulda aniqlash mumkin:

  • astronomik kenglik φ — shovun yoʻnalishi (geoidga perpendikulyar chiziq) bilan Yer ekvatori tekisligi orasidagi burchak. U osmon qutbining ufqdan burchak balandligiga teng. Astronomik kuzatuvlar yordamida aniqlanadi;
  • geodezik kenglik φs — Yer shaklini taxminan aks ettiruvchi ellipsoid (Yer ellipsoidi) sirtiga oʻtkazilgan perpendikulyar bilan shu ellipsoidning ekvator tekisligi orasidagi burchak. Yer yuzasida oʻtkazilgan oʻlchovlar asosida hisoblanadi;
  • geosentrik kenglik φg — Yer ellipsoidi markazidan oʻtkazilgan radius bilan uning ekvator tekisligi orasidagi burchak. Yer ellipsoidi shardan farq qilgani sababli geodezik kenglikdan farqlanadi.

Bu kattaliklar orasidagi farqlar uncha katta emas. Geodezik va geosentrik kengliklar orasidagi farq φs−φg eng katta qiymatga (taxminan 12') φg=45∘ boʻlganda yetadi; ekvator va qutblarda esa u nolga teng.

Joyning geografik kengligini astronomik asboblar, masalan, sekstant yoki gnomon (bevosita oʻlchash), shuningdek, GPS yoki GLONASS (bilvosita oʻlchash) tizimlari orqali aniqlash mumkin. Geografik kenglik, xuddi yil fasli kabi, kunduzning davomiyligini belgilaydi.