Dializ nima

Dializ — kolloid eritmalarni va yuqori molekulyar moddalarni ularda erigan quyi molekulyar birikmalardan yarim o‘tkazuvchan membrana yordamida tozalash. Dializ jarayonida quyi molekulyar moddaning erigan molekulalari membranadan o‘tadi, dializlanmaydigan (membranadan o‘ta olmaydigan) kolloid zarrachalar esa membrananing narigi tomonida qoladi. Eng sodda dializator — kollodiydan (yarim o‘tkazuvchan materialdan) tayyorlangan, ichida dializlanadigan suyuqlik bo‘lgan xaltachadir. Xaltacha erituvchiga (masalan, suvga) botiriladi. Vaqt o‘tishi bilan dializlanayotgan suyuqlikdagi dializlanuvchi modda va erituvchidagi shu modda konsentratsiyasi tenglashadi. Erituvchini almashtirib turish orqali keraksiz aralashmalardan deyarli to‘liq tozalashga erishish mumkin. Dializ tezligi odatda juda past (haftalar). Membrana yuzasini kattalashtirish va haroratni oshirish, shuningdek, erituvchini uzluksiz almashtirish orqali dializ jarayoni tezlashtiriladi. Dializ jarayoni osmos va diffuziya jarayonlariga asoslangan bo‘lib, bu uning tezligini oshirish usullarini tushuntiradi.

Dializ kolloid eritmalarni ulardagi elektrolitlar va quyi molekulyar noelektrolitlar aralashmalaridan tozalash uchun qo‘llanadi. Sanoatda dializ turli moddalarni tozalashda, masalan, sun’iy tolalar ishlab chiqarishda, shuningdek, dori vositalarini tayyorlashda.

Material membranadan o‘tgach, dializat yoki permeat deb ataladi, qolgan material esa retentat deb yuritiladi.

Dializda membrana sifatida tabiiy pardalar (buqa yoki cho‘chqa siydik pufagi, baliqlarning suzish pufagi) hamda nitrosellyuloza, atsetilsellyuloza, sellofan, kuprofan, nefrofan va boshqa materiallardan tayyorlangan sun’iy plyonkalar qo‘llanadi. Sun’iy membranalar tabiiy membranalarga nisbatan afzal, chunki ularni turli darajadagi, lekin yaxshi takrorlanuvchi o‘tkazuvchanlikka ega qilib tayyorlash mumkin. Membrana materialini tanlashda ko‘pincha membrananing muayyan erituvchidagi elektr zaryadini hisobga olish zarur. Bu zaryad membrananing o‘z moddasi dissotsiatsiyalanishi, uning sirtida ionlarning tanlab adsorbsiyalanishi yoki membrananing ikki tomonida ionlarning notekis taqsimlanishi natijasida yuzaga keladi. Membrananing zaryadga ega bo‘lishi ba’zan koagulyatsiyaga olib kelishi mumkin. Bu hodisa zaryadi membrana zaryadiga ishorasi jihatidan qarama-qarshi bo‘lgan kolloid zarrachalarni saqlovchi eritmalarni dializ qilish vaqtida yuz beradi.

Dializni amalga oshirish uchun dializatorlar deb ataladigan turli xil qurilmalar mavjud. Bu qurilmalarning barchasi umumiy tamoyil asosida tuzilgan: dializlanadigan suyuqlik («ichki suyuqlik») idish ichida bo‘ladi va suv yoki boshqa erituvchidan («tashqi suyuqlik») quyi molekulyar moddalarni o‘tkazadigan, kolloid zarrachalar va makromolekulalarni esa o‘tkazmaydigan membrana bilan ajratiladi. Membrana yuzasi kattalashganda, harorat ko‘tarilganda, dializlanayotgan suyuqlik aralashtirilganda va ichki hamda tashqi suyuqliklardagi quyi molekulyar moddalar konsentratsiyalari o‘rtasidagi farq ortganda dializ tezligi oshadi.