| Bosh miyaning yon qorinchalari | |
|---|---|
| | |
| Kataloglar | |
Bosh miyaning yon qorinchalari (lot. ventriculi laterales) — bosh miyada joylashgan va likvor bilan to‘lgan bo‘shliqlar bo‘lib, bosh miyaning qorinchalar tizimida eng yiriklari hisoblanadi. Chap yon qorincha birinchi, o‘ng yon qorincha esa ikkinchi qorincha hisoblanadi. Yon qorinchalar uchinchi qorincha bilan qorinchalararo (Monro) teshiklari orqali tutashadi. Ular qadoqsimon tanadan pastda, o‘rta chiziqning ikki tomonida simmetrik joylashgan. Bosh miyaning yon qorinchalari shakllanishida yarimsharning orolcha bo‘lagidan tashqari barcha bo‘laklari ishtirok etadi. Har bir yon qorinchada oldingi (peshona) shox, tana (markaziy qism), orqa (ensa) va pastki (chakka) shoxlar farqlanadi.
Anatomiya
Oldingi shox yuqoridan va oldindan qadoqsimon tana nurlanishining peshona qismlari bilan chegaralangan. Oldingi shoxning tashqi devorini dumli yadroning boshchasi tashkil etadi. Medial (ichki) tomondan oldingi shoxlar shaffof plastinkalardan tashkil topgan tirqishsimon shaffof to‘siq bilan bir-biridan ajralib turadi. Oldingi shoxlarning orqa qismlarida yon qorinchalarni uchinchi qorincha bilan tutashtiruvchi qorinchalararo (Monro) teshiklari joylashgan.
Oldingi shox orqaga qarab yon qorinchaning tanasi (markaziy qismi) bilan davom etadi. Bu qism qadoqsimon tana nurlanishining tepa bo‘lagi qismi ostida joylashgan. Markaziy qism pastdan quyidagilar bilan chegaralangan: talamusning yuqori yuzasi va dumli yadroning tanasi.
Orqa (ensa) shox tor, tirqishsimon bo‘lib, bosh miya yarimsharining ensa bo‘lagida joylashgan. Uning ichki devori qush pixi egati (sulcus calcarinus) qorincha bo‘shlig‘iga bo‘rtib kirishi tufayli botiq shaklga ega. Orqa shox yuqoridan va tashqaridan qadoqsimon tana tolalari (tapetum), orqadan esa ensa bo‘lagi moddasi bilan chegaralangan.
Yon shox yon qorincha tanasi va orqa shoxining chakka bo‘lagiga davom etgan qismidir. Chakka shoxi yuqoridan va tashqaridan tapetum bilan, ichkaridan esa gippokamp bilan chegaralangan. Pastki shoxning tubini yon (kollateral) uchburchak tashkil etadi.
Klinik ahamiyati
Ma’lumki, yosh ulg‘aygan sari, shuningdek, ko‘plab kasalliklarda (gidrotsefaliya doirasida) yon qorinchalarning hajmi ortadi. Yon qorinchalar quyidagi kasalliklarga chalingan odamlarda o‘rtacha hisobda kengroq bo‘ladi: shizofreniya va bipolyar buzilish.
Rasmlar
- Yon qorinchalarning umumiy ko‘rinishi, yuqoridan
- Yon qorinchalarning markaziy qismi, oldingi va orqa shoxlari, yuqoridan
- Yon qorinchalarning orqa shoxlari orqali o‘tgan koronal kesim
- Yon qorinchalarning oldingi shoxlari orqali o‘tgan koronal kesim
- Inson miyasining yon kesimi
- Bosh miya qorinchalarining miya yuzasidagi proyeksiyasi
Adabiyotlar
- Yon qorinchalar // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jildda (82 jild va 4 qo‘shimcha jild). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.