Alisa mo‘jizalar mamlakatida sindromi

Alisaning mo‘jizalar mamlakatidagi sindromi
Алиса в стране чудес. 1865. Художник — Джон Тенниел.
Alisa mo‘jizalar mamlakatida. 1865. Rassom — Jon Tenniel.
MeSH D062026

Alisaning mo‘jizalar mamlakatidagi sindromi (ingl. Alice in Wonderland syndrome; AIWS) — odamning mo‘ljal olish qobiliyatini buzadigan nevrologik holat bo‘lib, u idrok buzilishi, ya’ni odamning o‘z tanasi yoki uning ayrim qismlarini noto‘g‘ri idrok etishi, «tana sxemasi»ning buzilishi bilan namoyon bo‘ladi: makrosomatognoziya (tanani aslidan kattaroq his qilish) va mikrosomatognoziya (tanani aslidan kichikroq his qilish). Shuningdek, odam o‘lchamlarning buzib idrok etilishi bilan bog‘liq boshqa hislarni, masalan, mikropsiya, makropsiya, pelopsiya yoki teleopsiyani boshdan kechirishi mumkin. Boshqa sezgi turlarida ham o‘lchamlar buzib idrok etilishi mumkin.

Etimologiyasi

Buzilishning inglizcha nomi «Alisaning mo‘jizalar mamlakatidagi sarguzashtlari» nomli Lyuis Kerroll asaridan olingan. Sindromga britaniyalik psixiatr Jon Todd (1914—1987) nom bergan. Ba’zan uning sharafiga bu sindrom Todd sindromi deb ataladi. Rossiya psixiatriya adabiyotlarida o‘z tanasini idrok etishning buzilishi «tana sxemasining buzilishi» yoki «autometamorfopsiya» deb ataladi (qadimgi yunoncha αὐτός — o‘zi, μετά — orasida, μορφή — shakl, ὄψις — ko‘rish so‘zlaridan).

Sabablari

Sindrom ko‘pincha bosh og‘rig‘i — migren, epilepsiya, ensefalit, bosh miyaning organik patologiyasi, bosh miya o‘smalari yoki psixofaol moddalarni iste’mol qilish natijasida yuzaga keladi. Uni infeksion mononukleoz bilan ham, Epshteyn — Barr virusi bilan ham bog‘lashadi.

1952-yilda Lippman migren xurujlari vaqtida o‘zini nihoyatda kichik yoki juda baland bo‘yli bo‘lib qolgandek his qilgan bir nechta bemorni tasvirlab bergan.

Klinik manzarasi

Odam o‘z tanasining ko‘rinadigan kattaligi va nisbatlarini haqiqiy o‘lchamlaridan ancha kichik yoki katta deb idrok etadi. Umuman olganda, tana ayni bir vaqtda uzoqda yoki nihoyatda yaqinda joylashgandek tuyuladi. Biroq, qo‘llanadigan terminlardan qat’i nazar, bu hodisaning mohiyati quyidagicha: ko‘z shikastlanmagan, o‘zgarishlar faqat ruhiyatga taalluqlidir.

Ba’zan bemor tana qismlari nisbatlarining keskin buzilganini his qiladi. Masalan, gavdasi 100 metrga yetgandek, oyoqlari Yer markazigacha cho‘zilgandek, boshi esa olma kattaligida bo‘lib qolgandek tuyuladi.

Tana sxemasining o‘zgarganini his qilish alohida holda yoki boshqa psixopatologik belgilar bilan birga kuzatilishi mumkin. Biroq idrokning bunday o‘zgarishi ko‘pincha azobli kechadi.

O‘zgargan tana sxemasini ko‘rish orqali tuzatish mumkin: odam ko‘zguga qarab, boshining o‘lchamlari me’yorda ekanini ko‘radi (garchi uni, masalan, 10 metrlik deb his qilsa ham), oyoqlariga qarab esa ularning bir necha metr emas, odatdagi o‘lchamda ekaniga ishonch hosil qiladi.

Adabiyotlar