Qisqa muddatli xotira (QMX) — inson xotirasining bir qismi. Unga axborot sensor xotiradan idrok jarayonlarida qayta ishlanganidan keyin, shuningdek, uzoq muddatli xotiradan maqsadli (boshqariladigan) va ixtiyorsiz (spontan) esga tushirish jarayonlari (mexanizmlari) orqali kelib tushadi. Bu xotira oz miqdordagi axborotni qisqa vaqt davomida ong bevosita foydalana oladigan holatda saqlash imkonini beradi. Qisqa muddatli xotira birlamchi yoki faol xotira deb ham ataladi. Undan farqli ravishda, uzoq muddatli xotira axborotni qisqa muddatli xotiraga qaraganda ancha uzoq saqlay oladi.
Xotirani qisqa muddatli va uzoq muddatli xotiraga ajratish g‘oyasi XIX asrga borib taqaladi. Muayyan vaqt o‘tgach, axborot qisqa muddatli xotira omboridan uzoq muddatli xotira omboriga o‘tishini nazarda tutuvchi ko‘p komponentli xotiraning psixologik modellari 1950-yillarda rivojlantirila boshlandi. Ayniqsa, ko‘p komponentli model keng tanildi. Uni Richard Atkinson va Richard Shiffrin ishlab chiqqan. Biroq axborot uzatilishining aniq mexanizmi, uzatiladigan xotiralar soni, hatto xotiraning alohida komponentlarga bo‘linishi fiziologik darajada tasdiqlanganmi yoki yo‘qmi degan masala ham olimlar o‘rtasida bahsli bo‘lib qolmoqda.
Ong qisqa muddatli xotira mazmunini anglaydi, undan foydalanadi va uni aqliy amallar yordamida qisqa muddatli xotiraning operativ qismida (ishchi (operativ) xotirada) qayta ishlaydi. Bu — miya axborotni faol qayta ishlayotgan vaqtda uni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan tuzilma bo‘lib, unda joriy vazifani hal etish uchun zarur ma’lumotlar to‘planadi va saqlanadi. Bunda qisqa muddatli xotirani axborot bilan ta’minlovchi idrok va ixtiyorsiz esga tushirish jarayonlari ong tomonidan juda kam darajada, asosan, bevosita emas, balki bilvosita boshqariladi.
Axborotni saqlash davomiyligi (takrorlash bo‘lmagan taqdirda) taxminan 20 soniyani tashkil etadi. 30 soniyadan so‘ng axborot izi shu qadar beqaror bo‘lib qoladiki, hatto eng kichik interferensiya (boshqa axborotning xalaqit berishi) ham uni yo‘q qiladi. Qisqa muddatli xotira hajmi ko‘pincha «7±2 element».
Qisqa muddatli xotira sig‘imining zamonaviy baholari birmuncha past bo‘lib, odatda 4—5 ta obyektni tashkil etadi. Biroq idrok orqali shakllanadigan haqiqiy obyektlarning obrazlari yoki tafakkur, tasavvur, aql, intuitsiya yordamida yaratiladigan turli xil fikriy obyektlardan iborat bo‘lgan bu xotira obyektlari katta miqdordagi axborotni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday xotira obyektlariga, masalan, ko‘rish obrazlari: kartinalar, tabiat manzaralari, fotosuratlar, odamlar, ularning yuzlari va hokazolar; tushunchalar, fikriy modellar (masalan, ko‘paytirish jadvali, Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvali va hokazolar), sxemalar va shu kabilar kiradi. Qisqa muddatli xotirada saqlanganda, bunday xotira obyektlarining aniqlik darajasi va, shunga mos ravishda, axborot mazmunining hajmi turlicha bo‘lishi mumkin. Qisqa muddatli xotira sig‘imini guruhlash deb ataluvchi fikrlash va eslab qolishga oid (mnemik) jarayon (amal) yordamida oshirish mumkin. Bu jarayon bir nechta xotira obyektini turli usullar bilan yagona majmuaga birlashtiradi, keyinchalik xotira ushbu majmua bilan bitta xotira obyekti sifatida ishlay oladi.
Adabiyotlar
- Atkinson R. Qisqa muddatli xotirani boshqarish // Xotira psixologiyasi / Yu. B. Gippenreyter, V. Ya. Romanov tahriri ostida. — 3-nashr. — M.: Astrel, 2008. — B. 379—386. — 7000 nusxa. — ISBN 978-5-271-18770-4.
- Atkinson R., Shifrin R. Inson xotirasi: xotira tizimi va boshqaruv jarayonlari // Xotira psixologiyasi / Yu. B. Gippenreyter, V. Ya. Romanov tahriri ostida. — 3-nashr. — M.: Astrel, 2008. — B. 387—407. — 7000 nusxa. — ISBN 978-5-271-18770-4.