Og‘zaki nutq — nutq faoliyatining ikki jarayonni o‘z ichiga oladigan shakli: tushunish (tovushli nutqni) va fikrlarni nutq orqali tovush shaklida ifodalash (gapirish).
Og‘zaki nutq suhbatdoshlarning bevosita muloqoti orqali yoki ular bir-biridan ancha uzoqda bo‘lganida texnik vositalar (telefon va shu kabi vositalar) orqali amalga oshirilishi mumkin.
Og‘zaki nutqning yozma nutqdan farqli xususiyatlari:
- ortiqchalik (takrorlar, aniqlashtirishlar va tushuntirishlarning mavjudligi);
- qo‘llanadigan qo‘shimcha vositalar: noverbal muloqot vositalari (imo-ishoralar, mimika (yuz ifodalari)),
- nutqiy ifodalarni tejash, ellipsislar (so‘zlovchi osonlik bilan anglash mumkin bo‘lgan narsalarni aytmasligi, tushirib qoldirishi mumkin).
Og‘zaki nutq har doim nutqiy vaziyatga bog‘liq bo‘ladi.
Quyidagi turlari farqlanadi:
- oldindan tayyorlanmagan (spontan) og‘zaki nutq (suhbat, intervyu, nutq so‘zlash, masalan, munozarada) va oldindan tayyorlangan og‘zaki nutq (ma’ruza, doklad, chiqish, hisobot);
- dialogik nutq (ikki yoki bir necha kishi o‘rtasida bevosita fikr almashish) va monologik nutq (bir tinglovchiga yoki tinglovchilar guruhiga, ba’zan esa so‘zlovchining o‘ziga qaratilgan nutq turi).
Og‘zaki-yozma nutq
Og‘zaki-yozma nutq — harflar va boshqa tasvirlar asosida tashkil etilgan, grafik shaklda ifodalangan nutq. Yozma shaklda bo‘lishiga qaramay, u og‘zaki nutqqa xos xususiyatlarga ega, xususan, tuzilishi va leksikasi jihatidan. Nutqning ushbu «oraliq» shakli tilning internetdagi muloqot sharoitlariga (xususan, chatlar, blogosfera va ijtimoiy tarmoqlarga) moslashishi natijasida paydo bo‘lgan.