Art-terapiya nima

Art-terapiya (ingl. art — «san’at» + terapiya) — psixoterapiya va psixologik korreksiya yo‘nalishi bo‘lib, unda davolash maqsadida san’at va ijoddan foydalaniladi. Tor ma’noda art-terapiya deganda, odatda, tasviriy ijod vositasida bemorning psixoemotsional holatiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan terapiya tushuniladi.

Bolalar bilan art-terapiya mashg‘uloti

Art-terapiyaning asosiy maqsadi o‘zini ifoda etish va o‘zini anglash qobiliyatini rivojlantirish orqali ruhiy holatni uyg‘unlashtirishdan iborat. San’atdan davolash maqsadida foydalanishning ahamiyati shundaki, uning yordamida ramziy darajada turli-tuman his-tuyg‘ularni ifodalash va o‘rganish mumkin. Masalan, quyidagi emotsiyalar: muhabbat, nafrat, ranjish, g‘azab, qo‘rquv, quvonch va hokazo. Art-terapiya usuli insonning ichki «Men»i mazmuni har safar u rasm chizganida, kartina yaratganida, haykal yasaganida yoki hatto jonglyorlik qilganida ko‘ruv obrazlarida aks etadi, degan qarashga asoslanadi. Bu jarayonda insonning ruhiy holati uyg‘unlashadi.

Ruhiy jarayonlarni o‘rganuvchi psixoanaliz nuqtayi nazaridan art-terapiyaning asosiy mexanizmi — sublimatsiya.

Paydo bo‘lish tarixi

Adrian Hill — «Gavrel ortida» (Behind Gavrelle), 1917

«Art-terapiya» atamasini (so‘zma-so‘z: san’at bilan davolash) rassom Adrian Hill[ingl.] 1938-yilda sanatoriylarda sil bilan kasallangan bemorlar bilan olib borgan ishlarini tavsiflash chog‘ida muomalaga kiritgan. AQShda bu usullar natsistlar lagerlaridan olib chiqilgan bolalar bilan ishlashda qo‘llangan; bolalar lagerlardan Ikkinchi jahon urushi davrida olib chiqilgan. Art-terapiya rivojlanishining dastlabki bosqichida u Z. Freyd va K. G. Yungning psixoanalitik qarashlarini aks ettirgan. Bu qarashlarga ko‘ra, mijozning badiiy faoliyati yakunida yaratilgan mahsulot (rasm, haykal yoki installyatsiya bo‘lishidan qat’i nazar) uning o‘zi anglamaydigan ruhiy jarayonlarini ifodalaydi. 1969-yilda Amerikada Amerika art-terapiya assotsiatsiyasi tashkil etilgan.

Art-terapiya turlari

  1. Tor ma’noda art-terapiya — tasviriy san’atga asoslangan rasm chizish terapiyasi (izoterapiya). U nevrotik va psixosomatik buzilishlarni psixologik jihatdan tuzatishda, xususan, o‘qishda va ijtimoiy moslashuvda qiyinchiliklarga duch keladigan bolalar va o‘smirlar orasida keng qo‘llanadi. Rasm chizayotgan insonning hissiy holatini ifodalaydi.
  2. Biblioterapiya (shu jumladan, ertak terapiyasi) — adabiy asarlar yozish va adabiy asarlarni ijodiy o‘qish.
  3. Musiqa terapiyasi
  4. Drama terapiyasi
  5. Raqs terapiyasi
  6. Qo‘g‘irchoq terapiyasi
  7. Qum terapiyasi
  8. Haykaltaroshlik terapiyasi
  9. Fototerapiya
  10. O‘yin terapiyasi
  11. Traumacore
  12. Yozuv terapiyasi

Art-terapiyani o‘tkazish uchun ko‘rsatmalar

Hissiy rivojlanishdagi qiyinchiliklar, stress, depressiya, kayfiyatning pasayishi, hissiy beqarorlik, impulsivlik bilan ajralib turadigan hissiy reaksiyalar, boshqa odamlar tomonidan hissiy jihatdan rad etilishni boshdan kechirish, yolg‘izlik hissi, shaxslararo nizolar, oilaviy munosabatlardan qoniqmaslik, yuqori darajadagi xavotir, qo‘rquvlar, fobiyalar, salbiy «Men konsepsiyasi», past darajadagi o‘zini baholash.

Art-terapiyaning vazifalari

K. Rudestamning fikricha[nufuzli bo‘lmagan manba], art-terapiyaning vazifalari quyidagilardan iborat:

  1. Ijtimoiy jihatdan maqbul yo‘l bilan tajovuzkorlik va boshqa salbiy his-tuyg‘ularni yuzaga chiqarish.
  2. Yordamchi usul sifatida davolash (psixoterapiya) jarayonini yengillashtirish.
  3. Material olish maqsadi — psixodiagnostika.
  4. Bostirilgan fikr va his-tuyg‘ularni tahlil qilish hamda ular ustida ishlash.
  5. Mijoz bilan aloqa o‘rnatish.
  6. Quyidagi ko‘nikmani rivojlantirish: o‘zini nazorat qilish.
  7. Diqqatni sezgilar va his-tuyg‘ularga qaratish.
  8. Ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish va o‘ziga bergan bahoni oshirish.